Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Gonkong rahbari Sharqning yangi durdonasi bilan tanishdi

Xitoy Xalq Respublikasi Syangan (Gonkong) maxsus ma’muriy hududi Administratsiyasi rahbari Li Szyachao boshchiligidagi 30 nafardan ortiq mehmondan iborat delegatsiya O‘zbekistonning yangi tashrif qog‘oziga aylangan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida mehmonlarga Sharqning yangi durdonasi hisoblangan Markazning ilmiy-ma’rifiy faoliyati, asosiy ekspozitsiyalari hamda O‘zbekistonning ko‘p asrlik tarixi va boy madaniy merosini aks ettiruvchi loyihalar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Delegatsiya a’zolari mamlakatimiz hududida shakllangan qadimiy sivilizatsiyalar, buyuk allomalarning ilm-fan va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi hamda milliy madaniy merosni saqlash va targ‘ib qilishga qaratilgan tashabbuslar bilan tanishdilar.

Ayniqsa, Markaz ekspozitsiyalarida qo‘llanilayotgan zamonaviy interaktiv texnologiyalar, raqamlashtirilgan qo‘lyozmalar, mulьtimedia yechimlari va tarixiy manbalarni taqdim etishning innovatsion usullari mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Delegatsiya vakillari mazkur yondashuv tarixiy merosni keng jamoatchilikka, ayniqsa yosh avlodga zamonaviy formatda yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.

Tashrif doirasida bo‘lib o‘tgan muloqotlar chog‘ida madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni yanada kengaytirish, tarixiy va madaniy merosni o‘rganish hamda uni xalqaro miqyosda targ‘ib qilish yo‘nalishlaridagi istiqbolli loyihalar xususida fikr almashildi.

Qayd etilganidek, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat muzey va ekspozitsiya majmuasi, balki ilm-fan, ma’rifat, madaniy diplomatiya va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilayotgan zamonaviy ilmiy-ma’rifiy platforma hisoblanadi.

Tashrif yakunida Gonkong maxsus ma’muriy hududining bosh ijrochisi Li Szyachao Markazning Faxriy mehmonlar kitobiga o‘z taassurotlari va quyidagi ezgu tilaklarini yozib qoldirdi.

“Ushbu markaz nafaqat O‘zbekiston, balki islom sivilizatsiyasiga qo‘shilgan ulkan hissa — insoniyat merosining rivojlanish yo‘lini belgilab bergan bebaho merosdir. Bu katta yutuq bilan yana bir bor tabriklayman. Bu meros xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni yanada mustahkamlash va o‘zaro yaqin aloqalarni rivojlantirish jarayonida ham ilhom manbai bo‘lib, o‘z ta’sirini davom ettirsin”.

carousel image 1
carousel image 2
carousel image 3

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.