

Yangiliklar
Misrda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro taqdimoti bo‘lib o‘tmoqda
Bugun Misr poytaxti Qohira shahridagi Grand Egyptian Museum majmuasida “O‘zbekiston – Misr: sivilizatsiyalar va meros muloqoti” mavzusida xalqaro media-ivent bo‘lib o‘tyapti. Ushbu tadbir doirasida Yangi O‘zbekistonning eng yirik ma’rifiy va ilmiy loyihalaridan biri – O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro taqdimoti tashkil etiladi.
Tadbir O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi hamda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) hamkorligida o‘tkazilmoqda.
Tarixiy va sivilizatsion rishtalar
Media-event O‘zbekiston va Misr — islom ilm-fani, madaniyati, teologiya, hadisshunoslik, xattotlik va san’at rivojiga poydevor qo‘ygan ikki buyuk markaz o‘rtasidagi tarixiy va ma’naviy ko‘priklarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Asrlar davomida Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Marg‘inoniy va Zamaxshariy kabi ulug‘ Movarounnahr allomalarining asarlari mashhur “Al-Azhar” majmuasida chuqur o‘rganilib, Misr islom ta’lim tizimiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Shuningdek, Misrning Mamluklar davri Markaziy Osiyo bilan uzviy siyosiy va madaniy aloqada bo‘lgani, qo‘lyozmachilik va kitobat san’ati an’analari ikki xalqni birlashtirib turishi tadbirning bosh g‘oyaviy yo‘nalishi hisoblanadi.
- Davlatimiz rahbari hurmatli Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat mamlakatimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini namoyon etuvchi majmua, balki xalqaro madaniy va ilmiy muloqot maydoni hamdir. Qohirada o‘tkazilayotgan mazkur taqdimot O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi ko‘p asrlik sivilizatsion aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Bugun Yangi O‘zbekistonda ajdodlarimiz qoldirgan bebaho merosni o‘rganish, asrash va jahon hamjamiyatiga yetkazish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Misr kabi islom olamining yirik ilmiy markazida Islom sivilizatsiyasi markazining taqdimoti esa mamlakatimizda amalga oshirilayotgan madaniy diplomatiya va ma’rifiy islohotlarning xalqaro e’tirofi sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. Biz ushbu tadbir orqali buyuk allomalarimiz merosi, Movarounnahrning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi va Yangi O‘zbekistonning ochiq hamkorlik siyosati haqidagi tasavvurlarni yanada boyitishni maqsad qilganmiz,- dedi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov.
“O‘zbekiston madaniy merosi – butun insoniyat mulki” ko‘rgazmasi
Tadbir doirasida mehmonlar va xalqaro OAV vakillari uchun maxsus ekspozitsiya tashkil etiladi. Ko‘rgazmada quyidagilar namoyish etiladi:
◾️WOSCU tomonidan chop etilgan kitob-alьbomlar to‘plami;
◾️Qadimiy islomiy qo‘lyozmalarning yuqori sifatli faksimile nusxalari;
◾️Islom san’ati durdonalari, sharq miniatyuralari va reproduksiyalari;
Usmon Mushafi va Movarounnahr Qur’onlariga bag‘ishlangan noyob mulьtimedia loyihalari hamda taqdimotlari.
Yuqori darajadagi ishtirokchilar va hamkorlik
Madaniy-ilmiy anjumanda ikki mamlakatning davlat va fan arboblari ishtirok etadi. Xalqaro tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov, Misr turizm va qadimiy yodgorliklar vaziri Sharif Fatxi, Misr Madaniyat vaziri Jihan Zaki, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, Buyuk Misr muzeyi bosh ijrochi direktori Ahmed Goneym, shuningdek, “Al-Azhar” majmuasi, ICESCO xalqaro tashkiloti, Misr Vaqf vazirligi rahbariyati hamda yetakchi ilmiy-muzey doiralari ma’ruza bilan chiqish qiladilar.
Tadbir yakunida OAV vakillari uchun media-brifniglar va intervьyular tashkil etiladi. Shuningdek, vazirlik va idoralar, ilmiy institutlar o‘rtasida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha B2B va institutsional uchrashuvlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Yangi O‘zbekistonning xalqaro madaniy hamkorlik va “muzey diplomatiyasi” markazi sifatidagi rolini namoyish etuvchi ushbu voqea ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochadi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.