Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Qohirada O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Qohira, 2026 yil 13 iyun. Jizadagi piramidalar etaklarida joylashgan dunyoning eng yirik muzey majmuasi — Grand Egyptian Museumda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi taqdimotiga bag‘ishlangan «O‘zbekiston – Misr: sivilizatsiyalar va islomiy meros muloqoti» xalqaro media-tadbiri bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir Yangi O‘zbekistonning eng yirik madaniy-ma’rifiy va ilmiy loyihalaridan biri hisoblangan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga bag‘ishlandi.

Tadbir O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasining Misr Arab Respublikasidagi elchixonasi hamda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) tomonidan tashkil etildi.

Media-tadbir O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi tarixiy, madaniy va ilmiy aloqalarni muhokama qilish uchun muhim xalqaro maydon vazifasini o‘tadi. Chunki har ikki mamlakat islom sivilizatsiyasining yirik markazlari sifatida asrlar davomida ilm-fan, ta’lim, qo‘lyozmachilik an’analari va san’at rivojiga ulkan hissa qo‘shib kelgan.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mualliflik konsepsiyasi asosida amalga oshirilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi maxsus film namoyishi bilan ochildi. Film Yangi O‘zbekistonning eng yirik madaniy-ma’rifiy loyihalaridan birining ko‘lami va o‘ziga xos konsepsiyasini ochib berdi.

Kinoprezentatsiyadan so‘ng O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori va O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati raisi Firdavs Abduxoliqov asosiy ma’ruza bilan ishtirok etdi.  Islom sivilizatsiyasi markazi direktori o‘z nutqida Misr va O‘zbekiston insoniyat sivilizatsiyasining ikki buyuk markazi ekanini, Nil vodiysi va Movarounnahr asrlar davomida ilm-fan, madaniyat va ma’naviy taraqqiyotning muhim o‘choqlari bo‘lib kelganini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisiyning e’tibori va qo‘llab-quvvatlashi tufayli bugungi kunda o‘zbek-misr munosabatlari jadal rivojlanib, sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilayotgani alohida qayd etildi.

«O‘zbekiston va Misrni ilm-fan, ma’rifat va ma’naviyatning ko‘p asrlik an’analari bog‘lab turadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi bugun islom olamining boy merosini o‘rganish, saqlash va targ‘ib qilish bo‘yicha nufuzli xalqaro maydonga aylandi. Biz Misrning ilmiy, ta’lim va madaniyat muassasalari bilan umumiy tarixiy merosni asrab-avaylash va ommalashtirish yo‘lida keng xalqaro hamkorlikka tayyormiz», — dedi Firdavs Abduxoliqov.

Dastur davomida gollivud aktyor Ben Kingsli ishtirokida tayyorlangan maxsus hujjatli filьm namoyish etildi. Unda Movarounnahr hududida yashab o‘tgan olimlar, mutafakkirlar va davlat arboblarining jahon sivilizatsiyasi, ilm-fan va madaniyat rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi haqida hikoya qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi ko‘p asrlik tarixiy, madaniy va ilmiy aloqalar hamda ikki tomonlama hamkorlikning zamonaviy bosqichiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi.

Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov, Misr Arab Respublikasi Turizm va qadimiyatlar vaziri Sherif Fathiy, Misrning sobiq madaniyat vaziri va Vakillar palatasi a’zosi Jihan Zakiy, Grand Egyptian Museum bosh ijrochi direktori Ahmad G‘unaym, shuningdek, Al-Azhar majmuasi, ICESCO xalqaro tashkiloti, Misr Vaqflar vazirligi hamda yetakchi ilmiy va muzey muassasalari vakillari tabrik so‘zlari bilan murojaat qildi.

Notiqlar o‘z chiqishlarida O‘zbekiston va Misrning islom sivilizatsiyasi tarixidagi alohida o‘rnini ta’kidlab, Movarounnahr va Qohira ilmiy maktablari o‘rtasidagi ko‘p asrlik aloqalarga e’tibor qaratdilar. Ayniqsa, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Mahmud Zamaxshariy kabi buyuk allomalar merosiga alohida urg‘u berildi. Ularning asarlari asrlar davomida islom olamining eng yirik ta’lim markazlarida, jumladan Al-Azharda ham o‘rganib kelinmoqda.

Misr Arab Respublikasi Turizm va qadimiyatlar vaziri Sherif Fathiy o‘z nutqida shunday ta’kidladi:

«O‘zbekiston beqiyos sivilizatsion merosga ega bo‘lib, islom madaniyati tarixida alohida o‘rin tutadi. Men mamlakatingizning bir nechta go‘zal shaharlarida bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lganman va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurish imkoniyatini katta qiziqish bilan kutmoqdaman».

Dasturning muhim qismlaridan biri «O‘zbekiston madaniy merosi — butun insoniyat boyligi» ko‘rgazmasi bo‘ldi. Ekspozitsiyada O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) tomonidan nashr etilgan ko‘p jildli kitob-alьbomlar, noyob islomiy qo‘lyozmalarning faksimile nusxalari, islom san’ati va sharq miniatyurasi namunalari, shuningdek, Usmon mus'hafi hamda Movarounnahr qo‘lyozma merosining buyuk yodgorliklariga bag‘ishlangan mulьtimedia loyihalari namoyish etildi.

Tadbirning yana bir muhim voqeasi Grand Egyptian Museumga O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) tomonidan nashr etilayotgan «O‘zbekiston madaniy merosi» kitob-alьbomlar turkumining tantanali ravishda sovg‘a qilinishi bo‘ldi. Marosim davomida muzey rahbariyatiga mazkur nashrlarning dunyodagi eng yirik muzey majmualaridan biri ilmiy-ta’lim fondiga topshirilganini tasdiqlovchi rasmiy sertifikat taqdim etildi.

Rasmiy qism yakunlanganidan so‘ng davlat idoralari, ilmiy markazlar, muzey hamjamiyati va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida intervyular hamda ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi.

Shuningdek, 2026 yil 7–11 iyul kunlari O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Birinchi xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi — «Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat yo‘li» forumiga tayyorgarlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbariyati misrlik olimlar, tadqiqotchilar, muzey xodimlari va akademik muassasalar vakillarini forumda ishtirok etishga taklif qildi. Ushbu forum islom olami merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish masalalarini muhokama qilishga bag‘ishlangan nufuzli xalqaro maydonga aylanishi kutilmoqda.

Grand Egyptian Museumda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro taqdimoti o‘tkazilishi o‘zbek-misr madaniy-gumanitar hamkorligini rivojlantirishdagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi. Shuningdek, u jahon madaniy merosini asrab-avaylash va targ‘ib qilish, sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash hamda xalqaro gumanitar hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan Yangi O‘zbekiston madaniy diplomatiyasi siyosatining muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganining yorqin namunasi sifatida e’tirof etildi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.