Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

O‘zbekiston va Malayziya islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish bo‘yicha hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda

Bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Malayziya Milliy universiteti o‘rtasida Anglashuv memorandumlari imzolandi. O‘zbekiston va Malayziya ilmiy doira vakillari o‘rtasida O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazida imzolangan rasmiy hujjatlar nafaqat ikki mamlakat o‘rtasidagi akademik hamkorlikni mustahkamlaydi, balki islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish, qo‘lyozmalarni tadqiq etish va buyuk allomalar ilmiy merosini xalqaro maydonga olib chiqishga qaratilgan keng ko‘lamli hamkorlik uchun ham yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

Mamlakatimizda milliy o‘zlikni anglash, boy tarixiy-ma’naviy merosimizni chuqur o‘rganish, ulug‘ allomalarimizning ilmiy merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa aynan shu yo‘nalishda milliy va xalqaro ahamiyatga ega zamonaviy madaniy-ma’rifiy platforma sifatida shakllanmoqda.

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida Markaz faoliyati natijalari va uni yanada rivojlantirish rejalari yuzasidan taqdimot o‘tkazildi. Kun tartibida ilmiy-tadqiqot va nashr ishlarini yangi bosqichga olib chiqish, xalqaro doiradagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Ana shunday xalqaro hamkorlikning yana bir namunasi sifatida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Malayziya Milliy universiteti (UKM) o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi. Bu voqea ilm-fan, ta’lim, madaniy merosni o‘rganish, ilmiy tadqiqotlar olib borish va xalqaro akademik aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.

Tadbirda tomonlar islom sivilizatsiyasi tarixi, qo‘lyozmalarni o‘rganish, tadqiqotlar almashinuvi va qo‘shma ilmiy loyihalarni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar. Tadbir ishtirokchilariga ko‘ra, mazkur kelishuvlar so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida faollashib borayotgan ilmiy-ma’rifiy munosabatlarning mantiqiy davomi hisoblanadi.

Marosimda so‘zga chiqqanlar ikki mamlakatni nafaqat zamonaviy diplomatik munosabatlar, balki islom sivilizatsiyasiga oid umumiy ilmiy va ma’naviy meros ham birlashtirib turishini ta’kidladilar.

Dastur avvalida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov so‘zga chiqib, yig‘ilishni ochib berdi:

“So‘nggi yillarda O‘zbekiston Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev hamda Malayziya Oliy hukmdori Sulton Ibrohim Ismoil janobi oliylari rahnamoligida ikki davlat o‘rtasidagi tarixiy aloqalar yangi bosqichga ko‘tarildi. Markaziy Osiyo, xususan, bugungi O‘zbekiston hududi qadimdan ilm-fan, savdo, madaniyat va ma’rifat chorrahasi bo‘lgan. Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek kabi buyuk allomalarning ilmiy merosi nafaqat bizning mintaqamizda, balki butun musulmon olamida, jumladan, Malayziyada ham yuksak qadrlanadi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Malayziyadagi qator idora va tashkilotlar hamkorligida turli xalqaro anjumanlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuv va muloqotlar o‘tkazilib kelinmoqda. Malayziya Milliy universiteti bilan hamkorlik esa ushbu ishlarni yanada boyitadi. Bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Malayziya Milliy universiteti o‘rtasida imzolanadigan memorandumni biz faqat rasmiy hujjat sifatida emas, balki ana shu buyuk ilmiy an’analarni davom ettirish, xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholaymiz.”

Ayni paytgacha Markaz tomonidan Malayziyada O‘zbekiston tarixi va bugungi hayoti haqida ikki marotaba yirik fotoko‘rgazma o‘tkazildi. Malayziyadagi Islom san’ati muzeyi bilan hamkorlikda O‘zbekistonga oid artefaktlar xususida maxsus kitob-albom chop etildi.

Tadbir davomida Malayziya Milliy universiteti rektori, professor Dato’ doktor Sufian Jusoh so‘z boshida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevga bunday muhim markazni barpo etish tashabbusi uchun minnatdorlik bildirdi:

“Bu maskan butun dunyo uchun islom ilm-fani va sivilizatsiyasi markaziga aylanadi. Malayziya Milliy universiteti va Islom sivilizatsiyasi markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Maqsad — qo‘shma tadqiqotlar, olimlar almashinuvi va ilmiy merosni chuqur o‘rganishni yo‘lga qo‘yish.

Shuningdek, zamonaviy islomiy ilm-fan va innovatsiyalarni jamlaydigan ilmiy baza yaratiladi hamda bu meros Ibn Sino, Al-Xorazmiy, Moturidiy kabi allomalar bilan bog‘lab o‘rganiladi.

Islom sivilizatsiyasi markazi Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan bo‘lib, u muzey, kutubxona va ilmiy markaz sifatida Toshkentni yana xalqaro ilm-fan markaziga aylantiradi”.

Komiljon Shermuhamedov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori:

“Malayziya O‘zbekiston uchun nafaqat Janubi-Sharqiy Osiyodagi strategik hamkor davlatlardan biri, balki islom sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shib kelayotgan, ilm-fan va taraqqiyot yo‘nalishida yetakchi davlatlardan biri sifatida ham alohida ahamiyatga ega.

Bugungi tadbir ham O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Malayziya Milliy universiteti o‘rtasida imzolangan anglashuv memorandumi doirasida tashkil etilgani bu hamkorlikning amaliy ifodasidir. So‘nggi yillarda Malayziya bilan oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasida ko‘plab memorandumlar imzolangan bo‘lib, bu hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda.

Xususan, may oyida Malayziya qirolichasi Raja Zarit Sofiya hazratlarining tashrifi davomida ham bir qator memorandumlar, jumladan, Malayziya texnologiya universiteti hamda O‘zbekistondagi bir qator ilmiy markazlar o‘rtasida hamkorlik hujjatlari imzolangan edi.

Bunday kelishuvlar bizga keng imkoniyatlar yaratadi — xususan, talabalar va tadqiqotchilar almashinuvi, malaka oshirish dasturlari hamda qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish imkonini beradi.

Shuningdek, Malayziya Milliy universiteti huzuridagi Islom instituti direktori Fariza Sham xonimning ilmiy faoliyati ham e’tirof etilib, ularning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish ilmiy hamkorlikni yanada boyitishi ko‘zda tutilgan.”

Tadbirning yakuniy va eng muhim bosqichida Malayziya Milliy universiteti va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi o‘rtasidagi hamkorlik hamda Malayziya Milliy universiteti va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi o‘rtasidagi hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Shuningdek, tadbirda Malayziya Milliy universiteti akademik ishlar va xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor o‘rinbosari Fariza Muhammad Shamman ham so‘zga chiqib, ikki davlat o‘rtasida ilm-fan, islomiy ilmlar, ta’lim, siyosatshunoslik va boshqaruv sohalarida hamkorlikni kengaytirish muhim ekanini ta’kidladi. Shuningdek, akademik almashinuv dasturlari, qo‘lyozmalarni o‘rganish hamda tarix va madaniy meros bo‘yicha qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga katta umid bildirdi.

Shu bilan birga, Malayziya Milliy universiteti tomonidan islomlashtirish markazini tashkil etish, shuningdek, universitet tadqiqotchilari uchun ilmiy izlanishlar olib borishga mo‘ljallangan alohida ofis ochish tashabbusi ilgari surildi. Tashabbuslar doirasida ikki mamlakat ilmiy doira vakillari tomonidan Yo‘l xaritasi ishlab chiqilib, kelgusida amaliy hamkorlikning samarali natijalariga erishishga kelishib olindi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.