

Yangiliklar
Yangi renessans poydevori: besh davlat hukumat rahbarlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bugun nafaqat mamlakatimizning, balki butun insoniyatning boy ilmiy-ma’naviy merosini o‘zida mujassam etgan yirik ma’rifat maskani sifatida xalqaro hamjamiyat e’tiborini qozonmoqda.
Mazkur markazning asosiy g‘oyasi — xalqimizning ko‘p asrlik sivilizatsion merosini ilmiy asosda tadqiq etish, uni asrab-avaylash, keng jamoatchilikka yetkazish hamda Uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlashdan iborat. Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan amalga oshirilgan ushbu ulkan loyiha Yangi O‘zbekistonning ma’naviy taraqqiyot strategiyasida alohida o‘rin tutadi.
Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon va Belarus Respublikalarining hukumat rahbarlari mazkur nufuzli ilmiy-ma’rifiy maskanga tashrif buyurdilar. Bu esa O‘zbekistonda madaniy merosni asrash va targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning xalqaro darajadagi yuksak e’tirofi sifatida ahamiyat kasb etadi.
Tashrifda Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisi Adilbek Qosimaliyev, Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzoda, Ozarbayjon Respublikasi Bosh vaziri Ali Asadov hamda Belarusь Respublikasi Bosh vaziri Aleksandr Turchin ishtirok etdilar.
Yuqori martabali mehmonlarni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov kutib oldi hamda Markaz bo‘ylab hamrohlik qildi.
Ekskursiya “Buyuk siymolar galereyasi”dan boshlandi. Mehmonlarga islom olami va jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalar va mutafakkirlarning hayoti hamda ilmiy merosi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng delegatsiya a’zolari “Islomdan oldingi davr”, “Birinchi Renessans”, “Ikkinchi Renessans” zallari hamda “Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans poydevori” ekspozitsiyasi bilan tanishdilar. Ayniqsa, Markazda qo‘llanilgan zamonaviy multimedia texnologiyalari, interaktiv yechimlar va “Qur’oni karim” zalida namoyish etilayotgan Usmon mus’hafi mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Markaz faoliyati, uning konsepsiyasi va ilmiy-ma’rifiy ahamiyati haqida Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov hamda Rustam Jabborov tomonidan atroflicha ma’lumot berildi.
— Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tashabbuslari asosida ushbu ulkan loyiha amalga oshirildi. Aynan davlat rahbarining g‘oyasi va strategik ko‘rsatmalari bu markazning barpo etilishiga poydevor bo‘ldi. Shu tashabbuslar doirasida barcha ishlar tizimli ravishda tashkil etildi va rivojlantirildi.
Maxsus shtab tashkil etildi va bu ishga nafaqat O‘zbekiston quruvchilari, balki dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan malakali mutaxassislar ham jalb etildi. Shu sababli, muhtaram Prezidentimiz bejiz ta’kidlamaganlar, bu markaz butun insoniyatning umumiy madaniy va ma’naviy merosi hisoblanadi, — dedi Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov.
Tashrif yakunida hukumat rahbarlari Markazning Faxriy mehmonlar kitobiga o‘z qaydlarini qoldirib, O‘zbekistonda madaniy merosni asrash, uni ilmiy asosda o‘rganish va keng targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga yuksak baho berdilar.
Belarus Respublikasi Bosh vaziri Aleksandr Turchin:
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning tashabbusi va har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi tufayli bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazining ulug‘vorligi va betakror timsolidan samimiy hayratdaman. Ushbu me’moriy durdona va noyob muzey asrlar davomida ilm-fan, san’at va ma’rifat taraqqiyotiga ilhom bergan. Markazga ravnaq va taraqqiyot, O‘zbekistonning do‘st xalqiga esa tinchlik, ezgulik va farovonlik tilayman”.
Ozarbayjon Respublikasi Bosh vaziri Ali Asadov:
“Men hayratdaman. Islom sivilizatsiyasi markazining ulug‘vorligi meni chuqur taassurotga soldi. Bu yerda muhtaram Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida, shu vazifa yuklatilgan mas’ullar bilan hamkorlikda Islom tarixi mukammal tarzda qayta yaratilgan.
Barcha ekspozitsiyalar tarixiy haqiqatga mos ravishda, yuksak badiiy did va katta mahorat bilan yaratilgan. Men ishonch bilan aytamanki, dunyoda o‘xshashini topish qiyin bo‘lgan bu markaz Islom sivilizatsiyasining butun ulug‘vorligini namoyon etadi.
Ishonchim komilki, markazda aks ettirilgan Islom Renessansining uch bosqichi uzoq yillar davomida yosh avlodga ta’lim va tarbiya beradi, ularga tarixni anglatadi va har bir insonga, uning dini va e’tiqodidan qat’i nazar, ma’naviy saboq beradi.
Men Ozarbayjon fuqarosi sifatida O‘zbekistonga va uning mehmondo‘st xalqiga cheksiz hurmat va hayrat bilan qarayman. Barcha tashkilotchilarga muvaffaqiyat, baxt va sog‘lik tilayman. Bu zamonaviy san’at va ilmiy tafakkurning haqiqiy shohasaridir”.
Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisi Adilbek Qosimaliyev:
“Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurish men uchun katta sharaf va faxr bo‘ldi. Ushbu markaz islom olamining ko‘p asrlik ilmiy, madaniy va falsafiy merosini asrab-avaylash hamda navbatdagi avlodlarga yetkazish yo‘lidagi yuksak sa’y-harakatlarning yorqin namunasi. O‘zbekiston tashabbusi asosida bunyod etilgan ushbu markaz tarixiy merosni ilmiy jihatdan o‘rganish va jahon hamjamiyatiga tanitishga qaratilgan muhim qadamdir”.
Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzoda:
“Bugun hamkasblarim bilan birgalikda Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdik. Ekskursovodlarning qiziqarli hikoyalari uchun minnatdorlik bildiraman. Ekspozitsiya juda qiziqarli ekan. Markazga rivoj va muvaffaqiyatlar tilayman”.
Besh davlat hukumat rahbarlarining mazkur tashrifi O‘zbekistonda Yangi Renessans g‘oyasi asosida amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlar xalqaro maydonda yuksak e’tirof etilayotganining yana bir amaliy tasdig‘i bo‘ldi. O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi esa ajdodlar merosini kelajak bilan bog‘laydigan, xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va madaniy muloqotni mustahkamlaydigan noyob ilm-ma’rifat ko‘prigi sifatida o‘z nufuzini tobora oshirib bormoqda.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.