Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

O‘zbekistonni qanday kashf etishmoqda? BMT vakilining munosabati

Buyuk Ipak yo‘li haqida ko‘p eshitganini, ammo uning haqiqiy manbalari bilan birinchi marta yuzma-yuz kelganini aytgan BMTning Yevropa uchun Iqtisodiy komissiyasi vakili Elizabet Turk O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida ko‘rganlarini “madaniyat, tarix va zamonaviy texnologiyalar uyg‘unlashgan betakror tajriba” deb baholadi. Uning ta’kidlashicha, Markaz nafaqat o‘tmish haqida hikoya qiladi, balki qadimiy sivilizatsiyalar iqtisodiyoti, ilm-fani va madaniy aloqalarini zamonaviy formatda qayta jonlantirib, tashrif buyuruvchini tarixning o‘z ichiga olib kiradi.

O‘zbekistonning ko‘p asrlik tarixi va madaniy merosi bilan tanishish maqsadida BMTning Yevropa uchun Iqtisodiy komissiyasi Iqtisodiy hamkorlik va savdo departamenti direktori Elizabet Turk boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldi.

Bu tashrif mehmonlar uchun oddiy muzey ekskursiyasidan ko‘ra kengroq ma’no kasb etdi. Markaz muzeyi ekspozitsiyalarida delegatsiya a’zolari O‘zbekiston hududida shakllangan sivilizatsiyalar tarixi, ilm-fan taraqqiyoti, savdo aloqalari va madaniy taraqqiyot bosqichlari bilan yaqindan tanishdi. Har bir eksponat ularda yangi savol va qiziqish uyg‘otib, har bir zal esa mintaqaning boy o‘tmishi haqida yana bir muhim hikoyani ochib berdi.

Ayniqsa, islomdan avvalgi davrga oid numizmatik namunalar delegatsiya e’tiborini tortdi. Qadimiy tangalar nafaqat iqtisodiy munosabatlar, balki turli xalqlar va davlatlar o‘rtasidagi madaniy hamda savdo aloqalarining jonli guvohi sifatida mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab shakllangan qadimgi savdo yo‘llari, ular orqali kechgan iqtisodiy va madaniy almashinuv jarayonlari haqidagi ma’lumotlar ham delegatsiya tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganildi.

Sug‘d sivilizatsiyasiga oid musiqa cholg‘ulari ham mehmonlar e’tiboridan chetda qolmadi. Asrlar osha saqlanib kelgan bu noyob meros namunalari orqali qadimgi xalqlarning nafaqat iqtisodiy hayoti, balki musiqiy didi, estetik qarashlari va madaniy muhiti haqida ham tasavvur hosil qilindi.

Tashrif davomida Ikkinchi Renessans davrining ilm-fan va ma’rifat muhitini o‘zida mujassam etgan Temuriylar kutubxonasi kompozitsiyasi, shuningdek, xonliklar davrining yuksak badiiy didi va amaliy san’at an’analarini aks ettiruvchi nafis so‘zanalar delegatsiya a’zolarida katta qiziqish uyg‘otdi. Ekspozitsiyalar bilan tanishish jarayonida mehmonlar gid hamrohligida har bir eksponatning tarixi, yaratilish davri va madaniy ahamiyati haqida batafsil ma’lumot oldi, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob topdi.

Elizabet Turkning ta’kidlashicha, u 5-Toshkent xalqaro investitsiya forumi munosabati bilan tashrif buyurgan bo‘lsa-da, Islom sivilizatsiyasi markazida ko‘rganlari unda alohida taassurot qoldirgan.

– Men Avstriyadanman. Biz o‘z tariximiz, musiqamiz, madaniyatimiz va adabiy merosimiz bilan faxrlanamiz. Biroq bu yerda ko‘rgan boy madaniy xazina, noyob qo‘lyozmalar, qadimiy musiqa asboblari va muhtasham me’moriy an’analar menda katta hurmat va hayrat uyg‘otdi. Buyuk Ipak yo‘li haqida ko‘p eshitganmiz. Ushbu yo‘l bo‘ylab yaratilgan kashfiyotlar va ilm-fan yutuqlari haqida hikoyalar avloddan-avlodga o‘tib kelgan. Markazda men ana shu hikoyalarning manbalarini o‘z ko‘zim bilan ko‘rish imkoniga ega bo‘ldim. Bu yurtning naqadar boy tarixiy va madaniy merosga ega ekanini yanada chuqurroq his qildim. Bu yerning o‘ziga xos jihati shundaki, islomdan avvalgi davr tarixi ham, islom sivilizatsiyasi tarixi ham bir makonda uyg‘un tarzda aks ettirilgan. Eng muhimi, bularning barchasi zamonaviy texnologiyalar bilan boyitilgan. Interaktiv installyasiyalar insonni voqealar markaziga olib kiradi. Ayrim lahzalarda go‘yo qadimgi hukmdorlar, mutafakkirlar yoki qo‘lyozma kotiblari bilan muloqot qilayotgandek his qilasiz, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ekspozitsiyalarda nafaqat madaniy boyliklar, balki mintaqaning iqtisodiy taraqqiyotiga doir muhim ma’lumotlar ham o‘z aksini topgan. Xususan, qishloq xo‘jaligi, foydali qazilmalar, qadimgi irrigatsiya tizimlari va suvni boshqarish texnologiyalari haqidagi ma’lumotlar tarix va iqtisodiyotning uzviy bog‘liqligini namoyon etadi.

Markazning Ginness rekordlar kitobiga kiritilgani haqida fikr bildirar ekan, mehmon buni mutlaqo tabiiy hol deb baholadi.

«Bu haqiqatan ham jahon miqyosidagi muzey. U o‘z tarixi va donishmandlik merosini zamonaviy usullarda namoyish etishning samarali modelini yarata olgan. Bu yerdagi tajriba nafaqat bilim beradi, balki insonni ruhan ham boyitadi», — dedi Elizabet Turk.

Tashrif yakunida BMT vakili O‘zbekistonning boy madaniy merosi, xalqining bilimdonligi va yaratuvchanlik salohiyati mamlakatning kelgusi taraqqiyoti uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.

«Men ishonamanki, O‘zbekiston o‘z taraqqiyot yo‘lini izchil davom ettiradi. Kelajakda bugungi O‘zbekistonga ham xuddi biz o‘tmish sivilizatsiyalariga qaraganimizdek hurmat va havas bilan nazar tashlanadi», — dedi u.

Elizabet Turk O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga yana qaytib kelish niyatida ekanini bildirdi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.