Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Islom sivilizatsiyasi markazi taqdimoti V Toshkent xalqaro investitsiya forumi ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi

Ayni kunlarda poytaxtimizda V Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TIIF–2026) bo‘lib o‘tmoqda. Markaziy Osiyodagi eng nufuzli investitsiya maydonlaridan biri sifatida e’tirof etiladigan mazkur forum dunyoning turli mamlakatlaridan davlat arboblari, xalqaro moliya institutlari rahbarlari, investorlar, yirik biznes vakillari, ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlarini bir maydonga jamladi.

Forum doirasida investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, raqamli iqtisodiyot, yashil energetika, innovatsiyalar, infratuzilma va barqaror rivojlanish masalalari muhokama qilinmoqda. Shu bilan birga, tadbir mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi va sivilizatsion salohiyatini xalqaro jamoatchilikka keng namoyon etish uchun ham muhim platforma vazifasini o‘tamoqda.

Forumda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining maxsus taqdimoti tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida Markaz faoliyati yuzasidan o‘tkazilgan taqdimotdan keyin berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan mazkur tadbir xalqaro mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Taqdimot davomida ishtirokchilarga Markazning arxitekturaviy qiyofasini aks ettiruvchi maket namoyish etildi. Shuningdek, ekspozitsiyalarga tashrif buyuruvchilarga xizmat ko‘rsatishi rejalashtirilgan zamonaviy robot-gidlar imkoniyatlari taqdim qilinib, Markazning ilmiy-ma’rifiy faoliyati, ekspozitsiya konsepsiyasi va kelgusidagi vazifalari haqida maxsus videoroliklar namoyish qilindi.

Mehmonlarga Markaz ekspozitsiyalarida O‘zbekiston hududidagi islomgacha bo‘lgan sivilizatsiyalar tarixi, qadimgi davlatchilik an’analari, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan buyuk mutafakkir va allomalarning boy ilmiy merosi hamda Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘z aksini topgani haqida batafsil ma’lumot berildi.

Taqdimot qatnashchilari orasida Markaziy Osiyo mavzusida ixtisoslashgan misrlik jurnalist Fotima Badaviy ham bo‘lib, u Markaz haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

— Men ushbu Markaz haqida bir necha bor maqolalar yozganman. Ilk tashrifimda bu yerda hali qurilish ishlari olib borilayotgan edi. Bugun esa mazkur loyihaning ulkan miqyos kasb etganini ko‘rib hayratdaman. O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi tarixi va merosini dunyoga tanitish borasida juda muhim qadam tashlamoqda. Bu nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo ahamiyatiga ega bo‘lgan madaniy-ma’rifiy loyihadir. Bu yerda islom sivilizatsiyasining boy tarixi, ilm-fan va madaniyat sohasidagi ulkan yutuqlari munosib tarzda namoyon etiladi. Ishonchim komilki, kelajakda dunyoning turli mamlakatlaridan, ayniqsa arab davlatlaridan keluvchi sayyohlar ushbu Markazni ko‘rish uchun O‘zbekistonga tashrif buyuradilar. Men har bir maqolamda o‘quvchilarimni O‘zbekistonga kelib, ushbu Markaz bilan tanishishga chaqiraman, — dedi u.

Forumda ishtirok etayotgan xorijiy kompaniyalar vakillari ham mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va yaratilayotgan imkoniyatlarga yuqori baho bermoqda. Xususan, xalqaro sanoat qurilishi sohasida faoliyat yurituvchi CAMCE kompaniyasi vakili Jedi Chjao O‘zbekistonning taraqqiyot sur’atlari va investitsiyaviy muhiti haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

— Biz ushbu forumda uchinchi marta ishtirok etmoqdamiz. Shu vaqt mobaynida O‘zbekiston iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijalarini ko‘rish imkoniga ega bo‘ldik. Mamlakatning kelajak taraqqiyotiga katta ishonch bilan qaraymiz. Biz o‘z texnologiyalarimiz va tajribamiz bilan O‘zbekistonning iqtisodiy va madaniy rivojiga hissa qo‘shishni istaymiz, — dedi u.

Forum doirasida yashil energetika sohasidagi istiqbolli loyihalar ham keng muhokama qilinmoqda. Xususan, ACWA Power kompaniyasi Platinum homiy sifatida ishtirok etib, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, energiya saqlash tizimlari, yashil vodorod ishlab chiqarish va zamonaviy energetika infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan yirik tashabbuslarini taqdim etmoqda.


Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Islom sivilizatsiyasi markazi taqdimotining tashkil etilishi mamlakatimiz iqtisodiy salohiyati bilan bir qatorda, uning boy tarixi, madaniy merosi va sivilizatsion yutuqlarini ham xalqaro maydonda keng targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda. Bu esa Yangi O‘zbekistonda iqtisodiy taraqqiyot va ma’naviy yuksalish bir-birini to‘ldiruvchi ustuvor yo‘nalishlar sifatida izchil rivojlanayotganining yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.

carousel image 1
carousel image 2

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.