Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

“Bu haqiqatan ham ilmiy markaz”: Germaniya Prezidentini O‘zbekistonning yangi ilmiy-ma’rifiy brendi hayratga soldi

Sivilizatsiyalar muloqoti xalqlar o‘rtasidagi ishonch va hamkorlikni mustahkamlovchi muhim asosdir. Shu ma’noda, Germaniya Federativ Respublikasi Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning rafiqasi Elke Byudenbender bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy aloqalarning yana bir muhim ifodasi bo‘ldi.

Oliy martabali mehmonlarni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov kutib oldi.

Tashrif davomida Federal Prezident va uning rafiqasi Markazning asosiy muzey ekspozitsiyalari hamda 550 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy anjumanlar zali bilan tanishdi. Mehmonlarga Qur’oni karim zali, Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari, Birinchi va Ikkinchi Renessans, O‘zbek xonliklari, XX asr tarixi hamda “Yangi O‘zbekiston — Yangi Renessans” ekspozitsiyalari orqali O‘zbekistonning boy tarixiy-ma’rifiy merosi uzviy tarzda namoyon etilayotgani haqida ma’lumot berildi.

Oliy martabali mehmon ekspozitsiyalar bilan tanishish jarayonida har bir bo‘lim mazmuniga alohida qiziqish bildirdi. Ayniqsa, islomdan avvalgi davrga oid asl tarixiy ashyolar, qadimiy madaniy qatlamlarning ilmiy asosda ochib berilishi hamda tarixiy merosning zamonaviy raqamli texnologiyalar orqali namoyish etilishi unda katta taassurot qoldirdi.

Frank-Valter Shtaynmayer O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazida olgan taassurotlari, shuningdek, O‘zbekistonning mintaqaviy jarayonlar va xalqaro muloqotdagi o‘rni haqida so‘z yuritar ekan, quyidagilarni ta’kidladi:

“Islom sivilizatsiyasi markazi haqiqatan ham ilmiy markaz bo‘lib, Markaziy Osiyoning islomgacha bo‘lgan davri va islom sivilizatsiyasi tarixini juda ta’sirchan tarzda namoyon etadi. Biz bu yerda O‘zbekistonning boy madaniyati, ko‘p asrlik tarixi va sivilizatsion merosi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldik.

Shuningdek, Germaniya nuqtai nazaridan bu mintaqa Yevropa va Osiyoning keng hududlari o‘rtasidagi o‘ziga xos ko‘prikdir. O‘zbekiston esa Markaziy Osiyoda ushbu ko‘prik vazifasini o‘z taraqqiyot yo‘li va siyosatida doimo namoyon etib kelgan davlatlardan biridir”, — dedi Germaniya Federativ Respublikasi Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer.

Oliy martabali mehmon, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘lib o‘tgan muloqotni alohida qayd etib, so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar izchil yaqinlashib borayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar siyosiy muloqot, iqtisodiy hamkorlik, biznes va madaniy almashinuv sohalarida yangi imkoniyatlar ochmoqda. Frank-Valter Shtaynmayer O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi hamkorlikni ishonch, o‘zaro hurmat va amaliy manfaatdorlik asosida yanada mustahkamlash uchun barcha zarur poydevorlar shakllanganini e’tirof etdi.

Tashrif davomida Markaz nafaqat tarixiy merosni asrab-avaylash, balki uni zamonaviy muzeychilik, raqamli yechimlar va ilmiy yondashuv orqali xalqaro auditoriyaga yetkazishga qaratilgan ilmiy-ma’rifiy maydon ekani yana bir bor namoyon bo‘ldi.

Shuningdek, Federal Prezident O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda yanada yaqinlashganini, siyosiy muloqot, iqtisodiyot, biznes va madaniy almashinuv sohalarida hamkorlik uchun mustahkam asoslar yaratilganini ta’kidladi.

Germaniya Federal Prezidentining Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi O‘zbekistonning boy tarixi, ilm-fanga asoslangan merosi va zamonaviy taraqqiyot yo‘lini xalqaro maydonda namoyon etgan muhim voqea bo‘ldi. Bu tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi muloqot nafaqat siyosiy va iqtisodiy hamkorlik, balki tarix, madaniyat, ilm-fan va xalqlar o‘rtasidagi ishonchli aloqalar orqali ham mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatdi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.