

Yangiliklar
BRIKS banki Prezidenti O‘zbekistonning Uchinchi Renessans g‘oyasini e’tirof etdi
«Bu yerda o‘tmish shunchaki namoyish etilmaydi, u kelajakni shakllantirish uchun ilhom manbaiga aylantirilgan». BRIKSning Yangi taraqqiyot banki (NDB) Prezidenti Dilma Rusefning O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi davomida bildirgan ushbu fikrlari mehmonlarda uyg‘ongan taassurotlarning mohiyatini yaqqol ifoda etadi.
Markaz bo‘ylab sayohat mehmonlarni nafaqat boy tarix va madaniy meros, balki zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashgan noyob ekspozitsiyalar olamiga olib kirdi. Delegatsiya a’zolari dastlab markazning muhtasham arxitekturasi, milliy me’morchilik an’analari va eng so‘nggi multimedia yechimlari asosida yaratilgan ko‘rgazmalar bilan tanishdi. Ayniqsa, Ikkinchi Renessans davriga bag‘ishlangan bo‘limda namoyish etilgan Amir Temur shaxmati mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ushbu noyob eksponat nafaqat buyuk sarkardaning strategik tafakkurini, balki o‘sha davr ilm-fan va intellektual muhitini ham yorqin namoyon etib berdi.
Qur’oni Karim zalida delegatsiya a’zolari dunyo musulmonlari uchun beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgan Usmon Mus’hafi atrofida joylashtirilgan, turli davrlarga mansub 114 ta Qur’oni Karim nusxasini tomosha qildi. Islom kitobat san’ati va muqaddas merosning asrlar davomidagi taraqqiyotini aks ettiruvchi ushbu kolleksiya mehmonlarda chuqur taassurot qoldirdi. Shuningdek, 65 metrli gumbaz ostida joylashgan, bir milliondan ortiq Swarovski toshlari bilan bezatilgan ulkan qandil ham delegatsiya diqqat markazida bo‘ldi. Nur, me’morchilik va muhandislik yechimlari uyg‘unlashgan mazkur kompozitsiya markazning eng yorqin ramzlaridan biri sifatida mehmonlarni hayratga soldi.
Tashrif yakunida Dilma Rusef markaz haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, bu yerdagi har bir jihat yuqori mahorat va yuksak madaniy did bilan yaratilganini alohida ta’kidladi.
«Menda bu Markaz haqida juda ko‘p va juda iliq taassurotlar qoldi. Avvalo, bu binodagi har bir jihatning yuksak sifat bilan amalga oshirilgani meni hayratga soldi. Devorlardagi nafis naqshlar, eshiklardagi nozik qo‘l mehnati, muzeyning har bir burchagida namoyon bo‘lgan hunarmandchilik an’analari juda ta’sirli ekan.
Shu bilan birga, bu yerda turli tarixiy davrlar va sivilizatsiyalar ta’siri o‘zaro uyg‘unlashib, insonni islom olamining boy ma’naviy muhitiga olib kiradi. Bu shunday sivilizatsiyaki, u insoniyatga matematika, astronomiya, adabiyot va she’riyat sohalarida beqiyos bilimlar taqdim etgan, xalqlar o‘rtasidagi hamjihatlik va hamkorlik g‘oyalarini targ‘ib qilgan. Ekspozitsiyalar orqali shaharlar qanday shakllangani va taraqqiy etganini ham yaqqol ko‘rish mumkin.
Menga, ayniqsa, Renessans g‘oyasi katta taassurot qoldirdi. Bu yerda Birinchi Renessans, Ikkinchi Renessans va Uchinchi Renessans o‘rtasidagi tarixiy va ma’naviy bog‘liqlik juda ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Bugungi Uchinchi Renessans g‘oyasi O‘zbekiston Prezidenti janob Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi va yetakchiligi ostida amalga oshirilayotgan muhim jarayondir. Eng muhimi, u avvalgi ikki buyuk Renessansning mustahkam ilmiy va madaniy poydevoriga tayanayotganini ko‘rish mumkin.
Bugungi murakkab va turli sinovlarga boy dunyoda bunday tashabbuslarni ko‘rish insonga umid bag‘ishlaydi. Menimcha, barchamiz uchun eng muhim narsa — kelajakka ishonch bilan qarash, ilhom olish mumkin bo‘lgan ufqni ko‘ra bilishdir. Bu Markaz aynan shu g‘oyani namoyon etadi: har bir mamlakat va har bir xalq o‘z salohiyatini to‘liq ishga solib, yangi uyg‘onish va taraqqiyot davrini barpo etishi mumkin.», — dedi Dilma Rusef.
Tashrif so‘ngida BRIKSning Yangi taraqqiyot banki Prezidenti Markazning Faxriy mehmonlar kitobiga o‘z taassurotlarini yozib qoldirdi. Shuningdek, delegatsiya a’zolariga Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov tomonidan Markaz nomidan esdalik sovg‘alar topshirildi. Ushbu ramziy hadyalar ikki tomonlama hamkorlik va madaniy aloqalarning mustahkamlanishiga xizmat qiluvchi samimiy e’tibor ifodasi sifatida qabul qilindi.
Bugun dunyo moliyaviy va iqtisodiy taraqqiyotiga ta’sir ko‘rsatayotgan yirik xalqaro institut rahbarining Markaz haqida bildirgan yuksak e’tirofi ushbu loyihaning global ahamiyati va nufuzi tobora ortib borayotganining yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.