

Yangiliklar
Ajdodlar merosidan kelajak g‘oyalarigacha: Uchinchi Renessans chorrahasida nimalar bo‘lyapti?
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlikda “Uchinchi Renessans chorrahasi” mavzusida ilmiy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzuridagi Diniy-ma’rifiy sohada qayta tayyorlash va malaka oshirish instituti tinglovchilari hamda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi talabalari ishtirok etdi.
Tadbir davomida qatnashchilar Markaz muzeyi ekspozitsiyalari, kutubxonasi va xalqaro ilmiy-ma’rifiy platformasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy islohotlar, milliy merosni o‘rganish va targ‘ib qilishga qaratilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ishtirokchilar uchun buyuk allomalar hayoti va ilmiy merosiga bag‘ishlangan filьm namoyish qilinib, u katta qiziqish bilan qarshi olindi.
Ekskursiya davomida mehmonlar Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlarida yashab ijod qilgan mutafakkirlar, ularning jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasi hamda Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishga qaratilgan sa’y-harakatlar bilan tanishdilar.
Zamonaviy texnologiyalar asosida yaratilgan ekspozitsiyalar, nodir qo‘lyozmalar va tarixiy manbalar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Tadbir ishtirokchilari Markazning xalqaro ilmiy-ma’rifiy platformasi faoliyati bilan ham tanishdilar. U yerda tashkil etilayotgan mahorat darslari, ilmiy muhokamalar va muloqotlar ilm ahlini birlashtiruvchi muhim maydon vazifasini o‘tamoqda.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti katta o‘qituvchisi Alijon Ravshanovning ta’kidlashicha, Islom sivilizatsiyasi markazi bugun mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qilayotgan muhim ilmiy maskanlardan biri hisoblanadi.
— Bu maskanda ajdodlarimiz qoldirgan beqiyos ilmiy meros mujassam. Ularni o‘rganish, tadqiq qilish va yosh avlodga to‘g‘ri yetkazish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan hisoblanadi. Ayniqsa, din va davlat munosabatlari, ma’rifiy islohotlar hamda milliy merosni zamonaviy yondashuvlar asosida talqin qilishga bag‘ishlangan mashg‘ulotlar biz uchun juda foydali bo‘lmoqda. Hozir Uchinchi Renessans g‘oyasi keng ilgari surilmoqda. Bu g‘oyaning mazmun-mohiyatini anglash uchun avvalo xalqimiz yaratgan ilmiy maktablar va buyuk allomalar merosini chuqur o‘rganish lozim. Islom sivilizatsiyasi markazi aynan shu vazifani bajarayotgan muhim ilmiy-ma’rifiy markazga aylanmoqda. Bu yerda nafaqat tarix namoyish etilmoqda, balki kelajak uchun g‘oyalar shakllanmoqda. Yoshlar ajdodlarimiz merosi bilan tanishib, uni bugungi taraqqiyot ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirishga intilayotgani quvonarli holdir, — dedi Alijon Ravshanov.
Xorazm viloyati Tuproqqal’a tumani bosh imom-xatibi G‘ulomjon Bobojonov ham mazkur tashrif haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
— Bu yerda bo‘lib o‘tgan darslar va muloqotlar bizda katta taassurot qoldirdi. Markaz ekspozitsiyalarini tomosha qilar ekanmiz, xalqimiz tarixidagi Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlarining naqadar ulkan ahamiyatga ega bo‘lganini yana bir bor his etdik. Shu bilan birga, Uchinchi Renessans g‘oyasi shunchaki shior emas, balki barchamizning faol ishtirokimizni talab qiladigan keng qamrovli jarayon ekanini angladik. Bu yerda olgan bilim va taassurotlarimizni o‘z hududlarimizda keng targ‘ib qilishga harakat qilamiz. Chunki bu maskanni ko‘rmasdan turib, uning ahamiyatini to‘liq anglash qiyin. Shu bois yoshlarimiz, talabalarimiz va keng jamoatchilikni bu yerga tashrif buyurishga chaqirishimiz kerak. Markaz insonni ilmga, izlanishga va ajdodlar merosini chuqur o‘rganishga undaydi. Eng muhimi, bu yerda shakllangan ilmiy-ma’rifiy muhit har bir tashrif buyuruvchini yangi g‘oyalar va tashabbuslarga ilhomlantiradi, — dedi G‘ulomjon Bobojonov.
Tadbir ishtirokchilarining fikricha, ayniqsa Markazda tashkil etilayotgan mahorat darslari, ilmiy muhokamalar va muloqotlar Uchinchi Renessans g‘oyalarini keng targ‘ib qilish, yoshlarda milliy merosga qiziqishni oshirish va ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim tashabbuslardan hisoblanadi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.