Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

ICESCO Bosh direktori Islom sivilizatsiyasi markazini yuksak baholadi: «Bu — butun islom dunyosi faxrlanadigan maskan»

ICESCO Bosh direktori doktor Salim Al-Malik O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.

Oliy martabali mehmonni Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov kutib oldi hamda unga muzey ekspozitsiyalari, Markazning ilmiy-ma’rifiy konsepsiyasi va xalqaro ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berdi.

ICESCO rahbari ekspozitsiyalar bilan tanishar ekan, Birinchi Renessans davri, islom dinining Movarounnahrga tarqalishi hamda bu jarayonning ilm-fan va sivilizatsion yuksalish bilan chambarchas bog‘liqligiga alohida e’tibor qaratdi.

Markaz bilan tanishuvdan so‘ng doktor Salim M. Al-Malik ushbu maskanning nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom dunyosi uchun katta ma’naviy va ilmiy ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi.

«Men ushbu Markazni avval g‘oya sifatida, so‘ng qurilish jarayonida ko‘rgan edim. Bugun esa uni to‘liq shakllangan holda — tasavvurimdagidan-da yuksakroq darajada barpo etilganiga guvoh bo‘ldim. Bu Markaz Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi, orzusi va uzoqni ko‘zlagan strategik qarashlari samarasidir. Orzu ro‘yobga chiqqanida, u nafaqat o‘sha orzuni ilgari surgan inson, balki butun xalq uchun faxr manbaiga aylanadi. Bugun bu Markaz bilan nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom dunyosi faxrlansa arziydi.

Bu maskan islom sivilizatsiyasining boy merosini va musulmon olimlarining insoniyat taraqqiyotiga qo‘shgan beqiyos hissasini yaqqol namoyon etadi. Ibn Sino, Beruniy, Ulug‘bek, Forobiy va boshqa buyuk allomalar merosi orqali bu yerda islom sivilizatsiyasi qanday bilim, tafakkur va kashfiyotlar zamirida shakllanganini ko‘rish mumkin. Men uchun Islom sivilizatsiyasi markazi faqat muzey yoki me’moriy san’at namunasi emas — bu biz asrab-avaylashimiz va unutmasligimiz lozim bo‘lgan sivilizatsiya platformasidir.

ICESCO uchun bunday muhtasham maskanda o‘z vakolatxonasiga ega bo‘lish katta sharafdir. Bu — merosni asrash, qo‘lyozmalarni saqlash, bilimni kengaytirish va islom sivilizatsiyasining haqiqiy qiyofasini dunyoga namoyon etishga qaratilgan strategik hamkorlikning yorqin ifodasidir. Shu maqsadda men ICESCO va Islom sivilizatsiyasi markazi o‘rtasida qo‘shma qo‘mita tashkil etishni taklif qilaman. U yangi g‘oya va amaliy loyihalarni shakllantirish, shuningdek, ICESCO’ga a’zo davlatlarni ushbu tashabbuslarga jalb etishga xizmat qiladi.

Bu Markaz — sivilizatsiya nuri, bilimni targ‘ib etuvchi, tinchlik va hamkorlik g‘oyalarini ulug‘lovchi maskandir. Alloh O‘zbekiston Prezidentini, O‘zbekistonni va ushbu Islom sivilizatsiyasi markazini barakotli qilsin»,— dedi doktor Salim Al-Malik.

Markazda ICESCO vakolatxonasining faoliyat yuritishi bu hamkorlikni institutsional va amaliy bosqichga olib chiqadi. Bu, o‘z navbatida, ilm-fan, ta’lim, yoshlar salohiyati va madaniyatlararo muloqot yo‘nalishlarida yangi qo‘shma tashabbuslar uchun mustahkam asos yaratadi.

Tashrif yakunida ICESCO Bosh direktori Markazning faxriy mehmonlar kitobiga o‘z taassurotlarini yozib qoldirdi. Mazkur samimiy qaydlar Markazning islom sivilizatsiyasi merosini zamonaviy ilm-fan, ta’lim va xalqaro muloqot bilan bog‘lovchi nufuzli maskan sifatidagi obro‘siga berilgan yuksak e’tirof bo‘ldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bugun o‘tmish bilan kelajakni, milliy meros bilan jahon ilm-fanini bog‘lab turgan muhim ma’rifiy ko‘prikka aylanmoqda. Ushbu tashrif esa Markazning xalqaro e’tirofini yanada mustahkamlab, O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi va jahon ma’rifati tarixidagi o‘rnini yangi mazmun va salobat bilan namoyon etdi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.