Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

«Bu markazda har bir qadam tarixni so‘zlaydi» — YUNESKO ijroiya kengashi raisi

 

III Xalqaro maqom san’ati anjumani hamda «Andijon shahri — 2026-yilda Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti» xalqaro tadbirlarining faxriy mehmonlari — UNESKO Ijroiya kengashi raisi doktor Nasser bin Hamad Al Hinzab boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.

Mehmonlarga Markaz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbusi va doimiy e’tibori asosida amalga oshirilgan yirik ma’rifiy mega-loyiha ekani, uning konsepsiyasida buyuk ajdodlar merosi, zamonaviy ilm-fan va Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti g‘oyalari o‘zaro uyg‘unlashgani haqida ma’lumot berildi.

Tashrif davomida doktor Nasser bin Hamad Al Hinzab Markaz muzeyining keng qamrovli ekspozitsiyasi bilan batafsil tanishdi. U har bir tarixiy davr va mavzuga bag‘ishlangan bo‘limlarni alohida qiziqish bilan ko‘zdan kechirib, nodir qo‘lyozmalar, tarixiy osori atiqalar, buyuk allomalarning ilmiy merosi, mulьtimedia vositalari hamda zamonaviy texnologik yechimlarga yuksak baho berdi.

Ayniqsa, Markaziy Osiyoning islomdan avvalgi sivilizatsion taraqqiyotini yorituvchi ekspozitsiya mehmonda alohida qiziqish uyg‘otdi. Mazkur bo‘limda mintaqaning qadimiy madaniy qatlamlari, turli xalq va tamaddunlar o‘rtasidagi tarixiy aloqalar, shuningdek, keyinchalik yuzaga kelgan buyuk ilmiy-ma’rifiy yuksalishning chuqur ildizlari yaxlit tarixiy manzara asosida ifodalangani e’tirof etildi.

Markaz haqidagi taassurotlarini bayon etar ekan, UNESKO Ijroiya kengashi raisi Prezident Shavkat Mirziyoyevning mazkur loyiha zamiriga singdirilgan strategik qarashlari va uning xalqaro ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.

Doktor Nasser bin Hamad Al Hinzab, UNESKO Ijroiya kengashi raisi:

«O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lish men uchun katta sharaf. Bu yerga qadam qo‘ygan ilk lahzalardanoq Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan ulkan g‘oyaning mazmun-mohiyatini his qilish mumkin. Ushbu g‘oya madaniyatlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, tarixiy xotirani asrash va uni kelajak avlodlar manfaatiga xizmat qildirishga qaratilgan.

Bugun bu qarash Markaz timsolida amaliy ifodasini topgan. U turli xalqlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalarni birlashtiradigan xalqaro muloqot maydoniga aylangan.

Ushbu Markazning ahamiyati faqat Islom sivilizatsiyasi yoki Markaziy Osiyo bilan cheklanmaydi. U butun insoniyatga xizmat qiladi: insonga o‘tmishni anglash, bugunni teran idrok etish va kelajakni ongli ravishda barpo qilish imkonini beradi.

Ayni paytda dunyo xalqlari o‘rtasida tinchlik, o‘zaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlashga ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Shu ma’noda, ushbu Markazning madaniyatlararo muloqot va o‘zaro anglashuvni rivojlantirishdagi o‘rni beqiyos. UNESKO Ijroiya kengashi raisi sifatida biz bu kabi yuksak maqsadlarga xizmat qiladigan loyiha bilan faxrlanamiz».

Mehmon Markazning yosh avlod uchun ham beqiyos ma’rifiy ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, bu dargohga kirgan har bir yosh tarix, madaniyat va ilm-fanning turli sohalari haqida tizimli bilim olish, ajdodlar tafakkuri ko‘lamini anglash hamda yangi ilmiy izlanishlar uchun ilhom topish imkoniga ega bo‘ladi.

Tashrif doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov hamda UNESKO Ijroiya kengashi raisi doktor Nasser bin Hamad Al Hinzab o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Muloqot chog‘ida Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov mazkur majmua faqat muzey yoki tarixiy ekspozitsiyalar maskani emas, balki ilmiy tadqiqotlar, xalqaro akademik hamkorlik va ma’rifiy muloqotni birlashtiradigan yirik ilmiy platformadir, deya ta’kidladi. Uning qayd etishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatda ilm-fan rivojini davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab, olimlar, tadqiqotchilar va yosh izlanuvchilar uchun zamonaviy sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratmoqda. Markazda nufuzli xorijiy ilmiy muassasalar va tadqiqot markazlari uchun maxsus maydonlar tashkil etilayotgani ham ana shu strategik yondashuvning amaliy ifodasidir.

Muzokaralarda Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy singari buyuk allomalarning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish, UNESKOning Parijdagi bosh qarorgohida Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati va O‘zbekiston allomalariga bag‘ishlangan ko‘rgazma hamda taqdimotlar tashkil qilish masalalari muhokama etildi. UNESKO Ijroiya kengashi raisi ushbu tashabbuslarni amalga oshirish va O‘zbekiston bilan UNESKO o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, 7–11 iyul kunlari «Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat yo‘li» mavzusida o‘tkaziladigan I Xalqaro islom forumi haqida ma’lumot berildi. 60 dan ortiq davlatdan 350 nafarga yaqin olim, ekspert va soha vakillarini birlashtiradigan mazkur anjumanga bildirilgan taklif uchun mehmon minnatdorlik izhor etib, unda UNESKO vakillarining ishtirok etishi masalasini ko‘rib chiqishini ma’lum qildi.

Muzokaralarda Qatar universiteti huzuridagi Islom tadqiqotlari markazi, Qatar muzeylari tizimi va Islom san’ati muzeyi bilan ilmiy, muzeyshunoslik va madaniy aloqalarni yo‘lga qo‘yish istiqbollari ham muhokama qilindi. Doktor Nasser bin Hamad Al Hinzab Markazning rasmiy taklifini Qatarning tegishli ilmiy va muzey muassasalariga yetkazish hamda o‘zaro hamkorlik o‘rnatilishiga amaliy ko‘mak berishini bildirdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan Xalqaro hujjatli merosni muhofaza qilish kunini ta’sis etish tashabbusiga ham alohida e’tibor qaratildi. UNESKO Ijroiya kengashi raisi ushbu tashabbus munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev va O‘zbekiston xalqini tabriklab, uning global ahamiyatini quyidagicha ifodaladi:

«Bu tashabbus bir davlatning emas, butun insoniyatning umumiy manfaatlariga xizmat qiladi. Hujjatli merosni muhofaza qilish, uning qadr-qimmati haqida xalqaro jamoatchilik xabardorligini oshirish va kelajak avlodlarga yetkazish barchamizning mushtarak mas’uliyatimizdir».

Doktor Nasser bin Hamad Al Hinzab O‘zbekiston Qatar xalqi qalbida alohida o‘rin tutishini, mamlakatimizda o‘zini xuddi o‘z uyidagidek his qilayotganini ham samimiy ta’kidladi.

Markaz ekspozitsiyasining ko‘lami va mazmunan teranligi haqida so‘z yuritar ekan, u:

«Bu Markazda har bir bo‘lim, har bir qadam va har bir makon tarixdan hikoya qiladi. Tarixga chindan qiziqqan inson uchun bu yerda hatto bir kun ham yetarli emas. Men Markazda butun bir kunni o‘tkazishni istardim»,— dedi.

Tashrif yakunida Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov mehmonga buyuk allomalar hayoti va faoliyati, Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti hamda Uchinchi Renessans g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan kitobni esdalik sovg‘asi sifatida taqdim qildi. Shuningdek, doktor Nasser bin Hamad Al Hinzab Markazning faxriy mehmonlar kitobiga o‘z taassurotlarini yozib qoldirib, bu maskanni tarix, bilim va madaniyat mushtaraklashgan, Islom sivilizatsiyasining umuminsoniy qadriyatlari hamda insoniyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi namoyon bo‘ladigan dargoh sifatida e’tirof etdi.

Mazkur tashrif Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazining milliy ilmiy-ma’rifiy maskandan xalqaro madaniy muloqot va ilmiy hamkorlik markaziga aylanib borayotganini yana bir bor namoyon qildi. 

Uchrashuv yakunlari O‘zbekiston va UNESKO o‘rtasida madaniy hamda hujjatli merosni asrash, ilmiy tadqiqotlar, muzeyshunoslik, ta’lim va sivilizatsiyalar muloqoti sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish uchun yangi istiqbollarni belgilab berdi.

 

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.