Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Koreya vaziri Afrosiyob freskasida o‘z ajdodlarini ko‘rdi

Koreya Respublikasi Ichki ishlar va xavfsizlik vaziri Yun Xo-yung O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifida ikki davlat munosabatlarining faqat buguni emas, balki ming yillik o‘tmishi ham borligini tasdiqlovchi noyob dalilga guvoh bo‘ldi.

Koreya Respublikasi Ichki ishlar va xavfsizlik vaziri Yun Xo Jung boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Bu tashrif oddiy ekskursiya emas, balki tarix bilan yuzma-yuz uchrashuvga aylandi. Markaz muzeyi ekspozitsiyalarini birma-bir ko‘zdan kechirgan vazirning eng samimiy va hissiyotlarga boy munosabati Afrosiyob bo‘limida namoyon bo‘ldi.

Islomdan avvalgi davr ekspozitsiyasida namoyish etilgan Afrosiyob freskasi oldida to‘xtagan mehmon tasvirlarda aks etgan elchilar va mehmonlarni diqqat bilan kuzatar ekan, ular orasidagi koreyslarga xos qiyofalarni darhol ajratib ko‘rsatdi. U liboslar, bosh kiyimlar va tashqi ko‘rinishdagi o‘xshashliklarga ishora qilib, bu tasvirlarda Koreyaning qadimgi vakillarini ko‘rayotganini ta’kidladi. Bu tarixiy dalil mehmonda alohida taassurot qoldirdi. U O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi bugungi do‘stona munosabatlar tasodifiy emasligi, ular asrlar davomida shakllangan tarixiy yaqinlikning mantiqiy davomi ekanini ta’kidladi.

Birinchi Renessans davriga bag‘ishlangan bo‘lim ham delegatsiyaning katta qiziqishiga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, diniy bag‘rikenglik namunalari aks ettirilgan ekspozitsiyalar oldida vazir uzoq to‘xtab qoldi. U har bir elementni diqqat bilan o‘rganib, suratga olar ekan, turli sivilizatsiyalar va e’tiqodlarga oid belgilarni tahlil qildi.

Saljuqiylar davriga bag‘ishlangan bo‘limda esa vazir qadimiy tillalarni katta qiziqish bilan tomosha qildi. Uning diqqatini eng ko‘p davlatchilik ramzlari tortdi. Ayniqsa, ikki boshli burgut tasviri aks etgan ramz oldida u alohida to‘xtab, uni sinchiklab o‘rgandi.

— Biz ko‘pincha xalqlarimiz o‘rtasidagi yaqin munosabatlarni zamonaviy diplomatiya yoki keyingi asrlar bilan bog‘laymiz. Ammo bu freskaga qarab turib, ushbu aloqalarning ildizlari ancha chuqur ekanini his qildim. Demak, xalqlarimizning rishtalari ming yillar avval boshlangan ekan. Bu yerda turli din va madaniyatlarning izlari mujassam ekan. Eng muhimi, ularning barchasi bir hududda yonma-yon mavjud bo‘lgan. Bu juda muhim tarixiy tajriba.  Bugungi kunda bu ramzni ko‘pchilik boshqa davlatlar bilan bog‘laydi. Ammo uning tarixi bu yerlarda ancha qadimdan mavjud bo‘lganini ko‘rish juda qiziq, — dedi vazir hayrat bilan.

Mehmonni hayratga solgan jihat shundaki, Markaz ekspozitsiyalarida nafaqat islom sivilizatsiyasining yuksalishi, balki shu davrlarda hududda mavjud bo‘lgan turli madaniyat va e’tiqodlarga nisbatan bag‘rikeng munosabat ham yorqin namoyon etilgan.

Tashrif yakunida delegatsiya a’zolari Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat boy tarixni namoyon etuvchi majmua, balki xalqlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglatuvchi noyob ma’rifat maskani ekanini ta’kidladilar.

Markaz muzeyi ekspozitsiyasidagi Afrosiyob freskasi oldida aytilgan bir fikr esa tashrifning butun mazmunini ifoda etdi: ba’zan bir tasvir, bir eksponat yoki bir tarixiy dalil xalqlarning ming yillik xotirasini qayta jonlantirishi mumkin.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.