

Yangiliklar
“Uchinchi Renessans chorrahasi”da tadbirlari davom etmoqda
O‘zbekistonda ayollar ta’limi, ilm-fan va milliy merosni o‘rganishga qaratilgan sa’y-harakatlar yangi bosqichga chiqmoqda. O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va boshqa hamkor markazlar bilan tasdiqlangan “Tamaddun” qo‘shma dasturining “Uchinchi Renessans chorrahasi” tadbirlari doirasida “Xadichai Kubro” ta’lim muassasasi vakillarining O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi yosh avlodni ilm-fan, tadqiqotchilik va ma’rifat sari yo‘naltirishdagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
“Bir dargoh – bir maslahat – bir natija – bir kelajak” shiori ostida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilayotgan “Uchinchi Renessans chorrahasi” ilmiy-ma’rifiy tadbirlari doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi “Xadichai Kubro” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi rahbariyati, professor-o‘qituvchilari va talabalari Markaz faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Tashrif davomida mehmonlar Markazning muzey ekspozitsiyalari, xalqaro ilmiy-ma’rifiy platforma, zamonaviy kutubxona, raqamli texnologiyalar bilan jihozlangan auditoriyalar hamda tadqiqotchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirdilar.
Ishtirokchilarga O‘zbekiston hududida shakllangan qadimgi sivilizatsiyalar, islom madaniyatining taraqqiyot bosqichlari, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlarida yashab ijod qilgan buyuk allomalarning boy ilmiy merosi hamda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyalarining mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tadbir qatnashchilari ajdodlarimiz qoldirgan bebaho merosni zamonaviy texnologiyalar asosida namoyish etish, qo‘lyozma manbalarni asrab-avaylash va ularni keng jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdilar. Shuningdek, mamlakatimizda xotin-qizlarning ta’lim olishi, ilm-fan bilan shug‘ullanishi va tadqiqotchilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor alohida e’tirof etildi.
“Xadichai Kubro” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi Raqamli ta’lim texnologiyalari markazi boshlig‘i Gulruh Muhamedovaning ta’kidlashicha, Markazda yaratilgan imkoniyatlar yosh tadqiqotchilar, pedagoglar va talabalar uchun muhim ilmiy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.
— Bugungi tashrif davomida mamlakatimizda xotin-qizlarga qaratilayotgan yuksak e’tiborni yana bir bor his qildik. Markazda ajdodlarimiz merosi, qo‘lyozma manbalar va tarixiy boyliklar haqida berilgan ma’lumotlar bizda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, tariximizda ayollarning o‘rni va xizmatlarini yoritishga qaratilgan ma’lumotlar biz uchun juda ahamiyatli bo‘ldi. Yosh pedagoglar, tadqiqotchilar va talabalar uchun bunday imkoniyatlar katta ilhom manbai hisoblanadi. Biz ham ajdodlarimiz qoldirgan merosni o‘rganish, uni tadqiq qilish va kelajak avlodga yetkazish yo‘lida munosib hissa qo‘shishimiz kerak, — dedi u.
Tashrif davomida mehmonlar Markaz tarkibida faoliyat yuritayotgan xalqaro ilmiy-ma’rifiy platforma bilan ham tanishdilar. Ularga mazkur platforma islom sivilizatsiyasi tarixi, Markaziy Osiyo allomalari merosi va milliy davlatchilik an’analarini o‘rganish bo‘yicha muhim tadqiqot maydoni bo‘lib xizmat qilishi haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, platforma doirasida tashkil etiladigan xalqaro konferensiyalar, ilmiy anjumanlar, seminarlar, kitob taqdimotlari va tadqiqot loyihalari haqida ham so‘z yuritildi. Ta’kidlanganidek, bu yerda yaratilgan ilmiy muhit mahalliy va xorijiy tadqiqotchilar o‘rtasida tajriba almashish, hamkorlikni mustahkamlash hamda yangi ilmiy izlanishlarni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Mehmonlarda Markazning zamonaviy kutubxonasi ham katta qiziqish uyg‘otdi. Bu yerda islom tarixi, hadisshunoslik, aqida, moturidiylik ta’limoti va boshqa sohalarga oid boy adabiyotlar fondi jamlangani, shuningdek, imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun maxsus xizmatlar yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi.
“Xadichai Kubro” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi talabasi Dilnura Islomova tashrif davomida olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, Markaz yoshlarni ilm-fan va ma’rifatga chorlovchi muhim maskan ekanini ta’kidladi.
— Biz bu yerda Turkiston zaminining qadimgi davrlardan bugungi kungacha bo‘lgan tarixi, islom dinining tarqalishi va ajdodlarimizning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasi haqida ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Ayniqsa, kutubxonadagi manbalar bizda katta qiziqish uyg‘otdi. Hadisshunoslik, islom tarixi, aqida va moturidiylik ta’limotiga oid adabiyotlarni ko‘rib, kelajakdagi ilmiy faoliyatimiz uchun muhim manbalarga ega bo‘lganimizdan xursand bo‘ldik. Bu yerdagi imkoniyatlar biz kabi yoshlarni yanada ko‘proq o‘qishga, izlanishga va ajdodlar merosini chuqur o‘rganishga undaydi, — dedi u.
Tadbir yakunida ishtirokchilar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mamlakatimizda ilm-fan, ma’rifat va milliy merosni o‘rganishga xizmat qilayotgan muhim ilmiy-ma’rifiy maskanlardan biri ekanini ta’kidladilar.
Shuningdek, ta’lim muassasasi va Markaz o‘rtasida ilmiy-ma’rifiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, talabalar va pedagoglarni tadqiqot ishlariga keng jalb etish, ma’naviy-ma’rifiy loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Qayd etilganidek, bunday tadbirlar yosh avlodning intellektual salohiyatini yuksaltirish, milliy merosga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash hamda Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.