

Yangiliklar
AQSh Savdo vakili: “O‘zbekistonning o‘z tarixi va madaniy merosiga bo‘lgan yuksak ehtiromini ko‘rdim”
Ba’zan bir mamlakatni anglash uchun rasmiy hisobotlar yoki iqtisodiy ko‘rsatkichlar yetarli bo‘lmaydi. Uning haqiqiy qudrati tarixiga munosabatida, madaniy xotirasida va kelajak haqidagi qarashlarida namoyon bo‘ladi. AQSh Savdo vakili Jeymison Grir boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Markaz bo‘ylab sayohat davomida mehmonlar nafaqat noyob tarixiy meros bilan tanishdilar, balki O‘zbekistonning ko‘p asrlik sivilizatsiyaviy taraqqiyoti zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirilganiga ham guvoh bo‘ldilar.
Tashrifning ilk daqiqalariyoq mehmonlarda kuchli taassurot qoldirdi. Ayniqsa, «Buyuk siymolar galereyasi»da joylashgan 14 ta muhtasham ravoq delegatsiya e’tiborini tortdi. Ular orasida Jaloliddin Manguberdiga bag‘ishlangan ravoq alohida qiziqish uyg‘otdi. Dunyo tarixda bosqinchilikka qarshi jasorati va ozodlik uchun kurashi bilan o‘chmas iz qoldirgan sarkardaning timsoli mehmonlarni befarq qoldirmadi. Shuningdek, Amir Temur siymosi orqali namoyon etilgan davlatchilik tajribasi, harbiy salohiyat va strategik tafakkur haqidagi ma’lumotlar ham katta qiziqish bilan kuzatildi.
Sayohat davomida delegatsiya «Islomdan avvalgi davr» bo‘limi bilan ham tanishdi. Bu yerda namoyish etilayotgan qariyb uch ming yillik tarixga ega bronzadan yasalgan bug‘u haykali mehmonlarni hayratga soldi. Ekspozitsiyada qo‘llangan zamonaviy monitor va mulьtimedia yechimlari qadim sivilizatsiyalar tarixini o‘ziga xos uslubda namoyon etayotgani alohida e’tirof etildi. Qadim manbalarda «Tosh shahar» sifatida tilga olingan Toshkentning tarixi haqidagi arxeologik topilmalar, jumladan, shaharning qadimiy o‘tmishiga guvohlik beruvchi noyob tosh artefaktlar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Delegatsiya Birinchi Renessans bo‘limida ham bo‘lib, bu yerda joylashtirilgan Mag‘oki Attor masjidi maketi bilan tanishdi. Buxoroning eng qadimiy me’moriy obidalaridan biri hisoblangan mazkur masjidning tarixi va uning asrlar davomida saqlanib qolgani mehmonlarda chuqur taassurot qoldirdi.
Shuningdek, mehmonlar Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning turli mamlakat hukmdorlariga yuborgan maktublari namunalarini ko‘rdilar. Arab yozuvida nuqta va harakatlar tizimining shakllanishida buyuk alloma Mahmud Zamaxshariyning beqiyos hissasi haqidagi ma’lumotlar ham delegatsiya a’zolarida katta qiziqish uyg‘otdi. Ekspozitsiyaning yana bir muhim qismi — Amir Temur va Fransiya qiroli Karl VI o‘rtasidagi diplomatik yozishmalarga bag‘ishlangan materiallar bo‘ldi. XIV–XV asrlardayoq O‘zbekiston zamini xalqaro siyosiy va savdo munosabatlarining muhim markazlaridan biri bo‘lganini ko‘rsatuvchi ushbu hujjatlar mehmonlar tomonidan alohida qiziqish bilan o‘rganildi.
Tashrifning eng ta’sirli nuqtasi esa Qur’oni Karim zali bo‘ldi. Hazrati Usmon mus’hafining aynan shu yerda saqlanayotgani, uning atrofida joylashtirilgan 114 ta Qur’on nusxasi hamda kufiy xatida ipakka bitilgan ulkan kompozitsiyalar delegatsiyada unutilmas taassurot qoldirdi.
Tashrif yakunida Jeymison Grir Markaz haqidagi fikrlarini bildirib shunday dedi:
— Bu yerda men eng avvalo O‘zbekistonning o‘z tarixi va madaniy merosiga bo‘lgan yuksak ehtiromini ko‘rdim. Markazning qalbida hazrati Usmonga tegishli muqaddas Qur’oni Karim saqlanayotgani va odamlar uni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish imkoniyatiga ega ekani juda ta’sirli holat. Ammo meni yanada ko‘proq hayratlantirgan jihat shundaki, bu yerda tarix faqat namoyish etilmaydi. U mamlakatning buguni va ertasi bilan uyg‘unlashtirilgan. Olimlaringiz, shoirlaringiz, musiqachilaringiz, davlat arboblaringiz va butun milliy merosingiz bir makonda jamlangan. Shu sababli Markaz O‘zbekistonning mustaqil davlat sifatidagi o‘zligi va ruhini juda ta’sirchan tarzda namoyon etadi. Menimcha, bu loyiha Prezidentingizning uzoqni ko‘ra bilish qobiliyati va strategik qarashlarining amaliy ifodasidir. U nafaqat mamlakat iqtisodiyotini dunyoga ochmoqda, balki yosh avlodga o‘z tarixi, ildizlari va kelajakda erishishi mumkin bo‘lgan yuksak marralarni ko‘rsatib bermoqda. O‘zbekiston tarixi turli davrlarda boshqa davlatlar merosi sifatida talqin qilingan holatlar ham bo‘lgan. Ammo bu yerda men xalq o‘z tarixini qayta tiklayotganini, uni chuqur o‘rganayotganini va butun dunyoga munosib tarzda taqdim etayotganini ko‘rdim. Bu juda katta yutuq.
Shuningdek, u keyingi yillarda AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga chiqqanini ta’kidlab, iqtisodiy hamkorlik, investitsiyalar, ta’lim va ilmiy almashinuv sohalaridagi imkoniyatlar tobora kengayib borayotganini qayd etdi.
Tashrif yakunida Jeymison Grir Markazning Faxriy mehmonlar kitobiga samimiy fikr-mulohazalarini yozib qoldirdi. Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov mehmonga O‘zbekiston tarixi va madaniy merosini aks ettiruvchi esdalik sovg‘alarini taqdim etdi. Bu tashrif yana bir haqiqatni tasdiqladi: Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat o‘tmishni saqlayotgan muassasa, balki O‘zbekistonning kim bo‘lgani, kim ekani va kelajakda kim bo‘lishini dunyoga hikoya qilib berayotgan ma’naviy makondir.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.