Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Toni Bler: “Prezident Shavkat Mirziyoyev asrlar sinoviga dosh beradigan maskan yaratdi”

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining sobiq Bosh vaziri, Toni Bler global o‘zgarishlar institutining ijroiya raisi boshchiligidagi delegatsiya qabul qilindi.

Oliy martabali mehmonlarni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov kutib oldi. Tashrif davomida delegatsiyaga Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur yirik ma’rifiy majmua g‘oyasi, uning ilmiy-madaniy konsepsiyasi va xalqaro ahamiyati haqida ma’lumot berildi.

Markaz haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashar ekan, Toni Bler Prezident Shavkat Mirziyoyevning ushbu tarixiy loyihani amalga oshirishdagi tashabbusi va strategik qarashlariga alohida baho berdi:

“Bunday ko‘lamdagi, bunday ta’sirchan va mazmunan chuqur loyihani amalga oshirish uchun katta ko‘ra bilish salohiyati, tasavvur va jasorat talab etiladi. Prezident Shavkat Mirziyoev asrlar sinoviga dosh beradigan, vaqt o‘tgani sayin ahamiyati yanada ortib boradigan maskan yaratdi.

Bu Markaz nafaqat muayyan tarixiy davr yoki madaniy meros haqida so‘zlaydi. U sivilizatsiya haqidagi muayyan g‘oyaga, insonlarni birlashtiruvchi ma’rifat va bag‘rikenglik tamoyillariga bag‘ishlangan. Shu bilan birga, u Prezidentning tashabbuskorligi, amaliy irodasi va katta g‘oyalarni hayotga tatbiq etish qobiliyatining yorqin ifodasidir”.

Muzey ekspozitsiyalarida Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari, Birinchi va Ikkinchi Renessans, O‘zbekistonning XX asrdagi tarixiy taraqqiyoti, Yangi O‘zbekiston — Yangi Renessans g‘oyasi, shuningdek, buyuk allomalar hayoti va ularning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi zamonaviy mulьtimedia vositalari, nodir qo‘lyozmalar va tarixiy ashyolar orqali namoyish etildi.

Tashrifning alohida muhim jihatlaridan biri — delegatsiyaga O‘zbekiston madaniy merosiga mansub, xorijiy kolleksiyalar va auksion maydonlaridan Vatanga qaytarilgan nodir artefaktlar haqida ma’lumot berilgani bo‘ldi. Ayniqsa, Buyuk Britaniyadan olib kelingan ayrim osori-atiqalar misolida madaniy merosni asrab-avaylash, o‘rganish va o‘z tarixiy makoniga qaytarish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ta’kidlandi. Mazkur jarayonlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning milliy merosni himoya qilish va uni kelajak avlodlarga yetkazishga qaratilgan tashabbuslari bilan uzviy bog‘liq ekani qayd etildi.

Toni Bler Markazning Qur’oni karim zali bilan ham tanishdi. Ushbu zalda saqlanayotgan Usmon mus’hafi, turli tarixiy davrlarda bitilgan Qur’on nusxalari, zalning me’moriy yechimi va ma’naviy muhiti mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Markaz haqidagi umumiy taassurotlarini bayon etar ekan, Toni Bler uni dunyo miqyosida noyob ma’rifiy maskan sifatida baholadi:

“O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi — men dunyoning turli joylarida ko‘rgan eng e’tiborga molik maskanlardan biridir. Men ko‘p mamlakatlarda bo‘lganman, ko‘plab tarixiy va zamonaviy inshootlarni ko‘rganman, ammo bu Markaz alohida taassurot qoldiradi.

U Islom sivilizatsiyasi, uning boy merosi va O‘zbekistonning uch Renessansi haqida chuqur tasavvur beradi. Bu yerning ruhi — uyg‘unlik, bag‘rikenglik, tinchlik va insonlarni birlashtirish g‘oyalariga asoslangan. Shu ma’noda, Markaz nafaqat muzey, balki xalqlar va madaniyatlar o‘rtasidagi muloqot maydonidir. O‘zbekiston bu bilan chindan ham faxrlanishi kerak”.

O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi ilmiy-madaniy hamkorlik istiqbollari haqida so‘z yuritar ekan, Toni Bler Markazning Oksford va Kembrij kabi yetakchi ilmiy muassasalar bilan aloqalarini yuqori baholadi:

“Markazning Oksford va Kembrij bilan hamkorlik qilayotgani meni quvontirdi. Buyuk Britaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi bu yaqin ilmiy-madaniy bog‘liqlik juda muhim.

Bu yerda namoyish etilayotgan ayrim artefaktlar avval Buyuk Britaniyada bo‘lgan, endilikda esa ular o‘z tarixiy zaminida turibdi. Umid qilamanki, bu holat faqat o‘tmish bilan bog‘liq ramz bo‘lib qolmaydi, balki O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi kelajak hamkorligi uchun muhim belgiga aylanadi”.

Tashrif yakunida Toni Bler Markazning Faxriy mehmonlar kitobiga o‘z taassurotlarini yozib qoldirdi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov mehmonga buyuk allomalar hayoti va ilmiy faoliyati, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘li hamda Uchinchi Renessans g‘oyalari aks etgan nashrni esdalik sovg‘asi sifatida taqdim etdi.

Mazkur tashrif O‘zbekistonda madaniy merosni asrash, ilm-ma’rifatni targ‘ib etish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarga bildirilgan yana bir yuksak e’tirof bo‘ldi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.