Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Otralectura : "O‘zbekistonda Uchinchi Renessans: ilm va ma’rifatga tayangan taraqqiyot yo‘li"

Ispaniyaning Otralectura nashri O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasini mamlakat taraqqiyotining strategik modeli sifatida tahlil qilib, uning markazida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi turganini ta’kidladi. Nashrga ko‘ra, mazkur majmua nafaqat islomiy merosni saqlashga xizmat qiluvchi muzey, balki ilm-fan, ta’lim, ilmiy tadqiqot va xalqaro muloqotni birlashtirgan zamonaviy markaz sifatida Uchinchi Renessansning amaliy ifodasi hisoblanadi. Maqolada Markaz O‘zbekistonning boy ilmiy merosini zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirish, «ma’rifatli islom» g‘oyasini targ‘ib etish hamda mamlakatning madaniy, ilmiy va turistik salohiyatini xalqaro maydonda mustahkamlashda muhim o‘rin tutayotgani alohida qayd etilgan.

Toshkent. Buyuk Ipak yo‘li XXI asr geosiyosati bilan tutashgan tarixiy chorrahada O‘zbekiston Yevroosiyodagi eng yirik madaniy va intellektual yangilanishlardan birini amalga oshirmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat taraqqiyotining yangi modeli sifatida jasoratli g‘oya — Uchinchi Renessans konsepsiyasini mustahkamladi. Bu harakat faqat diniy qadriyatlarni tiklashni emas, balki bir vaqtlar ushbu hududni jahon ilm-fani markaziga aylantirgan ilmiy tafakkur, iqtisodiy ochiqlik va ilg‘or ta’lim an’analarini qayta jonlantirishni maqsad qilgan.

Ushbu strategiyaning me’moriy va g‘oyaviy markazi — O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Toshkentda o‘z eshiklarini ochdi. U global muzeyshunoslik tushunchasiga yangicha mazmun bag‘ishlayotgan ulkan majmuadir.

I. Islom sivilizatsiyasi markazi — ilm-ma’rifatning yuragi

Toshkent shahrining tarixiy Olmazor tumanida, Hazrati Imom majmuasi yonida joylashgan mazkur ulkan majmua 10 gektar hududni va 42 ming kvadrat metr maydonni egallaydi. U O‘zbekiston davlatining milliy o‘zligini moddiy ifoda etish yo‘lidagi keng qamrovli sa’y-harakatlarining yorqin namunasidir.

O‘zining muhtasham me’moriy qiyofasi uchun xalqaro Prix Versailles mukofoti bilan e’tirof etilgan bino Samarqandga xos firo‘za rangli gumbazlar an’anasini zamonaviy muhandislik yechimlari bilan uyg‘unlashtirgan.

Majmua uchta muhim vazifani bajarish uchun mo‘ljallangan:

Tarixiy muqaddas maskan. Markazning asosiy zalida VII asrga mansub Usmon Mushafi saqlanadi. U dunyodagi eng qadimiy Qur’on qo‘lyozmalaridan biri hisoblanadi. Mushaf balandligi 65 metr bo‘lgan ulkan gumbaz ostida namoyish etiladi. Uni og‘irligi 50 tonna bo‘lgan va 1,6 million dona Swarovski kristallari bilan bezatilgan muhtasham qandil yoritib turadi.

Ilm-ma’rifat maskani. Golografik ekspozitsiyalar va 3D mapping texnologiyalari bilan jihozlangan ko‘rgazma zallaridan tashqari, markazda qadimiy qo‘lyozmalarni restavratsiya qilish va asrab-avaylash bo‘yicha zamonaviy laboratoriyalar tashkil etilgan. Kutubxonasida bir milliondan ortiq ilmiy va falsafiy asarlarni saqlash imkoniyati mavjud.

Ilmiy-institutsional markaz. Majmua O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi hamda Ulamolar kengashining bosh qarorgohi sifatida faoliyat yuritib, ilm-fan va diniy ma’rifatni yagona makonda birlashtiradi.

II. Uchinchi Renessans falsafasi

Ushbu markazning ahamiyatini anglash uchun Prezident Shavkat Mirziyoev ilgari surgan Uchinchi Renessans g‘oyasining mazmunini tushunish zarur.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, zamonaviy O‘zbekistonning barqarorligi va taraqqiyoti mamlakat hududida ilgari yuz bergan ikki buyuk ilmiy yuksalish davri tajribasiga tayanishi lozim.

Birinchi Renessans (IX–XII asrlar). Bu qomusiy olimlar davri bo‘lib, aynan shu zaminda Xorazmiy (algebra asoschisi), Abu Ali ibn Sino (zamonaviy tibbiyot asoschilaridan biri) va Abu Rayhon Beruniy (Er radiusini hisoblab chiqqan mashhur astronom va qomusiy olim) kabi buyuk allomalar yetishib chiqqan.

Ikkinchi Renessans (XIV–XV asrlar). Bu Temuriylar davrining yuksalish pallasi bo‘lib, Mirzo Ulug‘bekning ilmiy faoliyati hamda Alisher Navoiy ijodining ravnaqi bilan tavsiflanadi.

Uchinchi Renessans ana shu buyuk ajdodlar merosini kelajak texnologiyalari va ilm-fani bilan uzviy bog‘lashni maqsad qilgan. Shu bois davlat Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini mamlakatning raqamlashtirish dasturlari, sun’iy intellekt markazlarini tashkil etish hamda oliy ta’lim va ilmiy sohalarni chuqur isloh qilish bilan uyg‘un holda rivojlantirmoqda.

III. Geosiyosat va «Islom ma’rifatparvarligi»

Uchinchi Renessans loyihasi O‘zbekiston tashqi siyosati va milliy xavfsizligida ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Xalqaro maydonda mamlakat o‘zining boy tarixiy merosi orqali «Islom ma’rifatparvarligi» g‘oyasini ilgari surmoqda. Bu yondashuv ta’lim va ma’rifat vositasida radikal ekstremizmga qarshi kurashishga xizmat qilib, Markaziy Osiyoda islom sivilizatsiyasining haqiqiy mohiyati doimo ilm-fan, bag‘rikenglik va insonparvarlik bilan uyg‘un bo‘lganini namoyon etadi.

Shu bilan birga, Islom sivilizatsiyasi markazi mamlakat iqtisodiy taraqqiyotining muhim omillaridan biriga aylanmoqda. Toshkentni Buyuk Ipak yo‘lidagi nufuzli madaniy markaz sifatida shakllantirish orqali O‘zbekiston Yevropa davlatlaridan investorlar va olimlarni, shuningdek, arab va Osiyo mamlakatlaridan madaniy hamda ziyorat turizmi oqimini jalb etmoqda.

Shu tariqa, O‘zbekiston xalqaro bozorlarga ochiq iqtisodiy siyosatni o‘zining boy tarixiy merosini qayta tiklash bilan uyg‘un ravishda amalga oshirayotganini namoyon etmoqda. Uchinchi Renessans o‘tmishga sog‘inch bilan qarash emas, balki mamlakatning zamonaviy global taraqqiyotda yetakchi o‘rin egallashiga qaratilgan strategik taraqqiyot yo‘l xaritasidir.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.