

Yangiliklar
Markaziy Osiyo yuragidan dunyo e’tiborini tortgan loyiha
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi xalqaro e’tiroflar tobora kengaymoqda. Xitoyning diplomatik va turizmga ixtisoslashgan “Diplomat” va “VICTWO” nashrlari hamda "Travel&Leisure" jurnali ushbu majmuani Yangi O‘zbekistonning eng yirik ma’naviy-ma’rifiy loyihalaridan biri sifatida baholab, uni islom sivilizatsiyasining insonparvarlik, ilm-fan va madaniy merosini zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirgan noyob markaz sifatida e’tirof etdi. Nashrlarda ta’kidlanishicha, Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat muzey, balki xalqaro ilmiy hamkorlik, ta’lim va madaniyatlar muloqotini rivojlantiruvchi global intellektual platformaga aylanmoqda.
Markaziy Osiyo yuragidan dunyo e’tiborini tortgan loyiha
Kirish. Markaziy Osiyo yuragidan dunyo e’tiborini o‘ziga qaratayotgan ulkan va yuksak ahamiyatga ega loyiha – O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat me’moriy obida, balki mintaqaning o‘tmishi, buguni va kelajagini bog‘lovchi ma’naviy-ma’rifiy ko‘prikdir. 2026-yil mart oyida o‘z eshiklarini ochishi rejalashtirilgan mazkur majmua xalqaro ommaviy axborot vositalari va nufuzli tashkilotlar tomonidan Yangi O‘zbekistonning eng ta’sirchan madaniy loyihalaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Ushbu loyihaga 2017-yilda asos solingan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida mazkur tashabbusni ilgari surgan edi. Davlat rahbari o‘sha nutqida islom dinining haqiqiy insonparvarlik mohiyati – ma’rifat, tinchlik va bunyodkorlik g‘oyalarini jahon hamjamiyatiga namoyon etish zarurligini ta’kidlagan. Bu nafaqat siyosiy bayonot, balki asrlar davomida ilm-fan va madaniyat beshigi bo‘lgan zaminning o‘z ildizlariga qaytish dasturi ham edi.
Loyihaning amalga oshirilishi butun dunyo ma’naviy yangilanishga ehtiyoj sezayotgan bir davrga to‘g‘ri keldi. Islomofobiya va ekstremizm avj olgan sharoitda O‘zbekiston bu muammolarga ilm-fan va ta’lim orqali javob berish modelini taklif qildi.
Bugungi kunda mazkur g‘oya hayotga tatbiq etildi. Toshkentning tarixiy markazida 10 gektar maydonni egallagan muhtasham me’moriy majmua qad rostladi. Balandligi 65 metr bo‘lgan moviy gumbaz va to‘rtta oltin darvoza mamlakatning barcha hududlari birligi va hamjihatligini ifoda etadi. Majmua me’morchiligida Temuriylar davri an’analari zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirilgan.
Markaz din va ilm uyg‘unligining yorqin timsolidir. Asosiy bino Mirzo Ulug‘bek madrasasi me’moriy uslubi asosida qurilgan bo‘lib, uning bezaklarida Qur’oni karimning ilk vahiysi – «Iqro» («O‘qing!») oyati husnixat bilan bitilgan. Bu bilim olish har bir insonning eng yuksak ma’naviy burchi ekanini anglatadi.
Ekspozitsiyaning eng qimmatli eksponati VII asrga mansub Usmon mus'hafi hisoblanadi. Ushbu muqaddas qo‘lyozma YUNESKOning «Jahon xotirasi» reyestriga kiritilgan.
Majmua nafaqat ulkan me’moriy yechimlari, balki zamonaviy shaharsozlik va ekologik talablarga to‘liq javob berishi bilan ham ajralib turadi. Poydevoridan to gumbazigacha bo‘lgan har bir jihat tarixiy merosga ehtirom asosida barpo etilgan va uzoq yillar xizmat qilishga mo‘ljallangan. Atrofidagi keng yashil hudud esa uni faqat ilmiy markaz emas, balki mahalliy aholi va xorijiy sayyohlar uchun ochiq madaniy-ma’rifiy makonga aylantirgan.
Markaz ekspozitsiyasi an’anaviy muzey tushunchasidan mutlaqo farq qiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan «Sivilizatsiya – shaxs – kashfiyot» tamoyili asosida tarixiy voqealar shunchaki namoyish etilmaydi, balki tashrif buyuruvchilarga ilmiy tafakkur va kashfiyotlar muhitiga chuqur kirib borish imkoni yaratiladi.
Ekspozitsiya tarixiy davrlar bo‘yicha tashkil etilgan: islomgacha bo‘lgan davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans, Yangi O‘zbekiston davri hamda Uchinchi Renessans g‘oyasiga olib kelgan taraqqiyot bosqichlari.
Markazning eng diqqatga sazovor qismlaridan biri — «Sivilizatsiya devori»dir. Unda insoniyat tafakkurining uzluksiz taraqqiyoti namoyon etilgan bo‘lib, Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek kabi buyuk allomalarning kashfiyotlari zamonaviy yuqori texnologiyalar bilan qanday bog‘langani ko‘rsatiladi.
Virtual reallik, kengaytirilgan reallik, golografik texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlari tufayli IX asr qo‘lyozmalari «jonlantiriladi», qadimiy rasadxonalar raqamli shaklda qayta tiklanadi va tarixiy ilmiy kashfiyotlar yangi avlod uchun yanada tushunarli tarzda namoyish etiladi.
Raqamli texnologiyalarning keng qo‘llanilishi tufayli mazkur markaz kelajak muzeyiga aylanadi. Aqlli tizimlar orqali tashrif buyuruvchilar nafaqat axborot oladi, balki buyuk olimlar bilan virtual muloqot qilib, ularning ilmiy tajribalarida ishtirok etish imkoniga ham ega bo‘ladi. Bolalar uchun maxsus tashkil etilgan «1001 ixtiro» laboratoriyasi esa muhandislik va tabiiy fanlarga qiziqishni erta yoshdan shakllantirishga xizmat qiladi. Shu tariqa markaz bilimlar xazinasidan tashqari mamlakat intellektual salohiyatini rivojlantiruvchi interaktiv ta’lim maydoni vazifasini ham bajaradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bir necha bor mamlakatning haqiqiy kuchi uning tarixiy xotirasi va madaniy ildizlarida ekanini ta’kidlagan. Shu bois muzey ekspozitsiyalarini xalqimizning haqiqiy madaniy boyliklari bilan boyitish, o‘zbek xalqining tarixi va ma’naviyatini aks ettiruvchi noyob yodgorliklarni Vatanga qaytarish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.
Bu ezgu maqsadni amalga oshirish uchun Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxaliqov rahbarligidagi delegatsiya hamda olimlar, sharqshunoslar va san’atshunoslardan iborat maxsus komissiya keng qamrovli ilmiy izlanishlar olib bordi. Markazning asosiy vazifalaridan biri chet ellarda saqlanayotgan milliy madaniy meros namunalarini Vatanga qaytarish bo‘lib, bu maqsadda xalqaro auksionlar va xususiy kolleksionerlar bilan tizimli hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Uzoq yillik sa’y-harakatlar natijasida mingdan ortiq noyob qo‘lyozma va tarixiy yodgorliklar O‘zbekistonga qaytarildi. Shuningdek, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, muhofaza qilish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) ham Markaz fondiga Movarounnahr va Xurosonga oid ko‘plab qimmatli asarlarni topshirdi.
O‘zbekiston hukumati tomonidan tashkil etilgan ilmiy ekspeditsiyalar va diplomatik tashabbuslar tufayli dunyoning yirik muzeylari va kutubxonalarida saqlanayotgan qo‘lyozmalarning nusxalari tayyorlandi. Bu jarayon o‘zbek xalqining boy madaniy merosi nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun islom sivilizatsiyasi va jahon madaniyatining ajralmas qismi ekanini yana bir bor isbotladi. Vatanga qaytarilgan har bir noyob yodgorlik Yangi O‘zbekistonning milliy o‘zligini tiklash yo‘lidagi qat’iy irodasining ramziga aylandi.
Islom sivilizatsiyasi markazi oddiy muzey emas, balki xalqaro ilmiy-ma’rifiy platforma hisoblanadi. Bu yerda tadqiqotchilar uchun 200 mingdan ziyod kitob fondiga ega kutubxona, restavratsiya laboratoriyasi, xattotlik maktabi va raqamli arxiv faoliyat yuritadi. Shuningdek, ICESCO, IRCICA va Oksford Islom tadqiqotlari markazi (OCIS) kabi xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalari ham shu yerda joylashgan.
Markaz barpo etilishida 40 dan ortiq mamlakatdan 1500 nafardan ziyod mutaxassis ishtirok etdi. Xalqaro ekspertlar, jumladan Xolid Elanani, uni «yangi avlod muzeyi, ilmiy markaz, zamonaviy kutubxona, Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi arxivlari, raqamli gumanitar texnologiyalar va global ilmiy hamkorlik tarmog‘ini o‘zida mujassam etgan betakror sivilizatsiya majmuasi» deb baholadi.
Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb mazkur markazni zamonaviy dunyoning yangi ilm-ma’rifat maskani deb atab, uni tarixdagi «Baytul hikma», Ma’mun akademiyasi va Mirzo Ulug‘bek madrasasi kabi ilm dargohlari bilan qiyosladi.
«Markaziy Osiyo: umumiy ma’naviy-ma’rifiy meros – umumiy kelajak» xalqaro anjumani doirasida besh davlat rahbari Markazga tashrif buyurib, uni butun mintaqa faxri sifatida e’tirof etdi. Anjumanda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjondan 300 dan ortiq olim va madaniyat namoyandalari ishtirok etdi.
2026-yil fevral oyida Parijdan kelgan yangilik loyihaning xalqaro nufuzini yanada oshirdi. Versal mukofoti xalqaro qo‘mitasi Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazini «2026 yilning dunyodagi eng go‘zal muzeylari» ro‘yxatiga kiritdi.
Shuningdek, Smithsonian Magazine, BBC Travel, BBC History va National Geographic kabi xalqaro nashrlar ham markaz haqida keng yoritib, uni Los-Anjelesdagi Lukas hikoyaviy san’at muzeyi, Vashingtondagi National Geographic Exploration Museum hamda London muzeyi kabi jahonning eng nufuzli muzey loyihalari qatoriga qo‘ydi.
Bu e’tiroflar Markazning ilmiy va turistik salohiyatini yanada oshirib, uni jahon ahamiyatiga ega tashrif buyurilishi shart bo‘lgan manzilga aylantirdi. Bu yutuqlar Yangi O‘zbekistonning bunyodkorlik salohiyati va xalqaro standartlarga mos innovatsion taraqqiyot yo‘lini yaqqol namoyon etmoqda.
Markazning ochilishi Ramazon oyiga to‘g‘ri kelishi ham ramziy ma’noga ega. Zero, aynan shu muborak oyda — 2018-yilda mazkur ulkan loyihaning tamal toshi qo‘yilgan edi. Oradan sakkiz yil o‘tib, Islom sivilizatsiyasi markazi o‘z eshiklarini ochish arafasida turibdi. U kelajak avlodlar uchun islom madaniy merosini tiklash va asrab-avaylashning yorqin ramzi bo‘lib xizmat qiladi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.