

Yangiliklar
O‘zbekistondagi Markaz islom sivilizatsiyasi haqidagi tasavvurni o‘zgartirmoqda
O‘zbekiston xalqining boy tarixiy-madaniy merosini keng targ‘ib etish, islom sivilizatsiyasining bebaho ilmiy va ma’naviy xazinasini xalqaro miqyosda tanitish yo‘lida olib borilayotgan ishlar xorijiy hamkorlar va mutaxassislarning ham e’tiborini tortmoqda. Ana shunday tashriflardan biri doirasida Saudiya Arabistonining nufuzli mehmondo‘stlik sohasi vakillari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Delegatsiya tarkibida Saudiyaning Pullman Zamzam mehmonxonalar majmuasi Tijorat direktori Samer Xair ham ishtirok etdi. Mehmonlar Markazning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, amalga oshirilayotgan ilmiy va ma’rifiy loyihalar, zamonaviy ekspozitsiyalar hamda kelgusidagi rivojlanish istiqbollari bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida delegatsiya vakillari Markazning ekspozitsiya bo‘ylab sayohat qilib, O‘zbekiston hududida shakllangan boy ilmiy maktablar, buyuk allomalar merosi, qadimiy qo‘lyozmalar, nodir eksponatlar hamda zamonaviy mulьtimedia texnologiyalari asosida yaratilgan taqdimotlar bilan tanishdi. Mehmonlarga islom sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ajdodlarimizning ilm-fan, tibbiyot, astronomiya, matematika, falsafa va boshqa yo‘nalishlardagi bebaho merosi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Alohida ta’kidlanganidek, Markaz nafaqat muzey yoki ko‘rgazma maskani, balki ilmiy-tadqiqot, ma’naviy-ma’rifiy faoliyat va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiluvchi zamonaviy ilmiy platforma sifatida faoliyat yuritmoqda. Bu yerda tarixiy manbalarni o‘rganish, ularni keng jamoatchilikka yetkazish hamda yosh avlod qalbida milliy va diniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini mustahkamlashga qaratilgan ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda.
Delegatsiya a’zolari Markazda yaratilgan sharoitlar, zamonaviy yondashuvlar va tarixiy merosni innovatsion usullar orqali namoyish etish tajribasini yuqori baholadi. Xususan, eksponatlarning ilmiy asosda taqdim etilishi, raqamli texnologiyalar yordamida yaratilgan interaktiv yechimlar hamda tashrif buyuruvchilar uchun yaratilgan qulayliklar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Samer Xair, Saudiyaning Pullman Zamzam mehmonxonalar majmuasi Tijorat direktori:
– Bismillahir rohmanir rohiym. Vas-solatu vas-salamu’ala Rasulillah. Mashalloh! Bu haqiqatan ham noyob va ulug‘vor maskan. Avvalo, janob Prezidentni va butun O‘zbekiston xalqini bu betakror ilmiy-ma’rifiy majmua bunyod etilgani bilan muborakbod etaman. Biz islom sivilizatsiyasi tarixiga go‘yo sayohat qildik. Markazdagi tarixiy meros, zamonaviy texnologiyalar va me’moriy yechimlar bizda juda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, Qur’oni karim zalidagi namoyishlar yuksak saviyada tashkil etilgan. Men dunyoning barcha musulmonlari va boshqa din vakillarini ham ushbu Markazga tashrif buyurib, islom sivilizatsiyasining boy ilmiy va madaniy merosi bilan yaqindan tanishishga chorlayman. Ushbu ulkan loyihani amalga oshirgan barcha jamoaga samimiy minnatdorlik bildiraman. Alloh mehnatlaringizni ajr bilan mukofotlasin. Inshaalloh.
Mazkur tashrif O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash, islom sivilizatsiyasining umumiy qadriyatlarini keng targ‘ib etish hamda xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘ldi. Bunday uchrashuvlar Markazning xalqaro nufuzini oshirish, xorijiy hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash va O‘zbekistonning boy tarixiy-ma’naviy merosini dunyo jamoatchiligiga keng tanitishda alohida ahamiyat kasb etadi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.