Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Islom sivilizatsiyasi markazida O‘zbekiston—Indoneziya munosabatlarining yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi

O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi hamkorlik endi nafaqat siyosiy yoki iqtisodiy munosabatlar, balki sivilizatsiyaviy meros va ma’naviy qadriyatlar asosida ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Ikki mamlakat o‘rtasidagi mushtarak qadriyatlar Indoneziya Respublikasi Xalq maslahati kengashi Raisi Axmad Muzani boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi davomida yana bir bor o‘z ifodasini topdi.

Tashrif chog‘ida delegatsiya a’zolariga Markazning «Buyuk siymolar galereyasi»da joylashgan 14 ta ravoq orqali buyuk muhaddislar, mutafakkirlar, allomalar va davlat arboblarining jahon ilm-fani hamda sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida ma’lumot berildi.

Shundan so‘ng mehmonlar Birinchi Renessans, Ikkinchi Renessans, «Yangi O‘zbekiston — Yangi Renessans poydevori» hamda Qur’oni Karim zallaridagi ekspozitsiyalar bilan tanishdilar. Bu yerda O‘zbekiston hududida shakllangan ilmiy maktablar, qo‘lyozmalar merosi, buyuk allomalarning kashfiyotlari va zamonaviy muzey texnologiyalari uyg‘unligi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Ayniqsa, Ikkinchi Renessans ekspozitsiyasida saqlanayotgan, mashhur xattot Umar Aqto tomonidan ko‘chirilgan noyob Qur’oni Karim parchasi delegatsiya a’zolari e’tiborini o‘ziga tortdi. Asrlar davomida asrab kelingan ushbu qo‘lyozma nafaqat yuksak xattotlik san’ati namunasi, balki butun musulmon olamining bebaho ma’naviy boyligi sifatida yuksak baholandi.

Ekspozitsiyalar bilan tanishish jarayonida Axmad Muzani Markazda namoyish etilayotgan har bir eksponat islom sivilizatsiyasining ilm-fan, madaniyat va insonparvarlik tamoyillari qanday yuksak taraqqiy etganini yorqin namoyon etishini ta’kidladi.

– Biz Indoneziya Respublikasi Xalq maslahati kengashi a’zolari, davlat va jamoat arboblari, ulamolar, diniy olimlar hamda ta’lim sohasi vakillari bilan birgalikda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini ziyorat qildik. Bu yerda jamlangan boy meros islom sivilizatsiyasining qanchalik yuksak taraqqiy etganini yana bir bor namoyon etadi.

Bu ekspozitsiyalar orqali biz aynan shu zaminda ilm-fan, madaniyat va ma’rifatning buyuk markazi shakllanganiga yana bir bor amin bo‘ldik. Bu meros Indoneziya musulmonlari uchun faqat tarix emas —  mehnat, ilm va sadoqat orqali yuksalish mumkinligini ko‘rsatuvchi hayotiy namunadir.

O‘zbekistondan minglab kilometr uzoqda joylashgan Indoneziya uchun ham ushbu Markaz beqiyos ilhom manbai hisoblanadi. Ishonchim komilki, u kelajak avlodlarni ezgulik, bag‘rikenglik va turli din hamda e’tiqod vakillariga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi, – dedi faxriy mehmon.

Tashrif davomida Axmad Muzani Markazning «Faxriy mehmonlar» kitobiga o‘zining samimiy fikr-mulohazalari va ezgu tilaklarini yozib qoldirdi.

Shundan so‘ng Axmad Muzani O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan uchrashdi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy hamkorlikni yanada kengaytirish, ziyorat turizmini rivojlantirish, musulmon mamlakatlari o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni mustahkamlash kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Tomonlar kelgusida ikki mamlakat fatvo markazlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda "Umra + O‘zbekiston" loyihasini Indoneziyada keng targ‘ib qilish tashabbusini ham muhokama qildilar. Mazkur loyiha Saudiya Arabistoniga umra ziyoratiga boruvchi xorijlik ziyoratchilarning safar davomida yoki qaytish yo‘lida O‘zbekistonning muqaddas qadamjolari, buyuk allomalar merosi va boy madaniy yodgorliklari bilan tanishish imkoniyatini yaratishni nazarda tutadi.

Mazkur tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarda yangi bosqichni boshlab beruvchi muhim diplomatik voqealardan biri bo‘lib, ilm-ma’rifat va insonparvarlik g‘oyalari asosidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.