

Yangiliklar
Prezident bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan ruhlangan faol yoshlar Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
30 iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizning turli sohalarida munosib yutuqlarga erishgan, tashabbuskor va faol yoshlar bilan uchrashdi. Samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda davlatimiz rahbari Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida yoshlar oldida turgan ustuvor vazifalar, ilm-fan, innovatsiyalar, tadbirkorlik, vatanparvarlik va inson kapitalini rivojlantirish masalalariga alohida to‘xtaldi.
Davlatimiz rahbari buyuk ajdodlarimiz qoldirgan ulkan ilmiy va ma’naviy meros haqida so‘z yuritar ekan, yoshlarga murojaat qildi:
“Men bilaman, o‘g‘il-qizlarimizning har birida katta salohiyat bor, iste’dod bor, iqtidor bor. Sizlar o‘z davrida buyuk kashfiyotlari bilan dunyo sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan, Birinchi va Ikkinchi Renessansning "aql chirog‘i" bo‘lgan buyuk ajdodlarimizning munosib vorislarisiz. Albatta, vorislik faqat faxrlanish emas, vorislik bu ulkan mas’uliyat hamdir. Ajdodlarimiz insoniyat taraqqiyoti uchun qanday buyuk ishlar qilgan bo‘lsa, sizlar Yangi O‘zbekistonda yangi uyg‘onish davri – Uchinchi Renessans poydevorini yaratadigan kuch bo‘lishingiz kerak”.
Prezident uchrashuvida ilgari surilgan ana shu e’tiroflarning amaliy davomi sifatida faol va tashabbuskor yoshlar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar.
Markazda mehmonlar xalqimizning uch ming yillik davlatchilik tarixini o‘zida aks ettirgan ekspozitsiyalar bilan tanishdilar. Zamonaviy multimedia texnologiyalari, noyob qo‘lyozmalar, qadimiy Qur’oni karim nusxalari, arxeologik topilmalar va interaktiv yechimlar yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Tashrif ishtirokchilari Prezident uchrashuvida yangragan fikrlar aynan shu maskanda yanada teran mazmun kasb etishini ta’kidladilar.
“Kelajak bunyodkori” davlat mukofoti sohibasi, “Bolalar akademiyasi” xususiy maktabi rahbari Asal Ziyodova Markaz haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, shunday dedi:
“Bu yerga ikkinchi marta kelishim. Lekin har safar xuddi birinchi marta kelganimdek hayratdaman. Ekspozitsiyalar shunchalik puxta va zamonaviy yondashuv asosida yaratilganki, tarixni o‘qib emas, go‘yo uning ichida yurgandek bo‘lasiz. Prezidentimiz bugun bizga ajdodlarga munosib voris bo‘lish haqida gapirdilar. Bu yerga kelgach, ana shu mas’uliyatni yanada chuqur his qildik”.
“Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohibi Daler Rahimov esa Markazdagi ekspozitsiyalar yoshlarga katta ruhiy kuch bag‘ishlashini ta’kidladi.
“Markazda butun O‘zbekiston tarixi, buyuk allomalarimiz hayoti va ularning insoniyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi mujassam. Prezidentimiz bizga Uchinchi Renessans poydevorini qurish vazifasini ishonib topshirdilar. Bu yerdagi har bir ekspozitsiya ana shu yuksak mas’uliyatni yanada teran anglashga yordam beradi”.
Professional model Nigina Faxriddinova ham Markaz yoshlarning tarixiy xotirasini mustahkamlashda beqiyos ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
“Bugun Prezidentimiz uchrashuvda vatanparvarlik, tarixni bilish va ajdodlarga munosib voris bo‘lish haqida juda muhim fikrlarni aytdilar. Menimcha, aynan shuning uchun ham bizlarni Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelishdi. Bu yerda xalqimizning necha ming yillik tarixi, buyuk allomalarimiz merosi, madaniyatimiz va sivilizatsiyamiz haqida juda katta ma’lumotlar jamlangan. Har bir eksponat insonni o‘ylantiradi, ilhomlantiradi. Buni so‘z bilan ta’riflash qiyin — uni kelib ko‘rish kerak. Tarixini bilgan inson kelajakni ham ishonch bilan quradi”.
“Kelajak bunyodkori” davlat mukofoti sohibasi, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mutaxassisi Ozoda Yunusova ham Markaz haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Bu mening ilk tashrifim. Bu yerdagi muhit butunlay boshqacha. Prezidentimiz bugun buyuk ajdodlarimiz bilan faqat faxrlanib qolmasdan, ularga munosib bo‘lishimiz kerakligini ta’kidladilar. Bu yerga kelgan har bir yosh ana shu mas’uliyatni yanada chuqur his qiladi, deb o‘ylayman”.
Tashrif davomida yoshlar Markazning ilmiy-ma’rifiy imkoniyatlari, ekspozitsiyalarda qo‘llanilgan innovatsion yechimlar hamda boy madaniy merosni zamonaviy texnologiyalar orqali namoyish etish tajribasi bilan ham tanishdilar.
Prezident uchrashuvida yangragan g‘oyalar va Islom sivilizatsiyasi markaziga amalga oshirilgan mazkur tashrif mazmunan bir-birini to‘ldirdi. Uchrashuvda yoshlar oldiga qo‘yilgan yuksak maqsadlar Markazda namoyon bo‘lgan ko‘p asrlik ilmiy va madaniy meros bilan uyg‘unlashib, ishtirokchilarda buyuk ajdodlarga munosib voris bo‘lish, Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish yo‘lida yanada katta mas’uliyat bilan mehnat qilish hissini mustahkamladi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.