

Yangiliklar
Hakim Termiziyning noyob asari ilk bor to‘liq o‘zbek tilida nashr etilmoqda
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan nodir qo‘lyozmalarni ilmiy tadqiq etish, tarjima qilish va keng kitobxonlar ommasiga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar yana bir muhim natija berdi. Qur’on oyatlari va hadisi shariflardagi ibratli misollar, inson ma’naviy kamolotini yuksaltirishga xizmat qiluvchi hikmatlar hamda axloqiy ta’limotlarni o‘zida mujassam etgan buyuk mutafakkir Hakim Termiziyning "Al-Amsol minal kitob vas-sunna" asari O‘zbekistonda ilk bor to‘liq o‘zbek tiliga tarjima qilinib, ilmiy izohlar bilan nashrga tayyorlandi. Bu nafaqat milliy kitobshunoslik, balki xalqimizning ko‘p asrlik ilmiy-ma’naviy merosini qayta tiklash yo‘lidagi muhim ilmiy voqealardan biri, deyish mumkin.
Markaz kutubxonasi fondi hamda dunyo qo‘lyozma xazinalarida saqlanayotgan manbalar asosida termizlik buyuk alloma Hakim Termiziyning "Al-Amsol minal kitob vas-sunna" asari to‘liq ilmiy tarjima qilinib, nashrga tayyorlandi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimizda saqlanayotgan nodir qo‘lyozmalarni ilmiy o‘rganish, tarjima qilish va nashr etish ishlarining amaliy natijasi hisoblanadi.
Ilmiy merosni qayta kashf etishdagi muhim qadam
IX asrning yirik muhaddisi, mutafakkiri va tasavvuf ilmining mashhur namoyandalaridan biri bo‘lgan Hakim Termiziy islom tafakkuri tarixida o‘ziga xos maktab yaratgan olimlardan sanaladi. Uning ilmiy merosi nafaqat musulmon Sharqi, balki butun jahon ilm ahli tomonidan yuksak baholanadi.
Nashrga tayyorlangan kitobning muqaddima qismida Hakim Termiziy hayoti va ilmiy faoliyati, uning asarlarining o‘rganilish tarixi, sovet davrida alloma merosiga munosabat hamda mustaqillik yillarida mazkur merosni qayta tiklash va tadqiq etish sohasida amalga oshirilgan ishlar atroflicha yoritilgan.
Shuningdek, Yangi O‘zbekistonda Hakim Termiziy merosini keng targ‘ib qilish, uning maqbarasi va ziyoratgohini obodonlashtirish, ilmiy merosini xalqaro darajada tanitishga qaratilgan tashabbuslar ham tahliliy asosda keltirilgan.
Asarni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi katta ilmiy xodimi Abdushukurjon Muradov hamda Toshkent islom instituti o‘qituvchisi Bahodir A’zamov tarjima qilib, ilmiy tahrir asosida nashrga tayyorladi.
Kitobda Hakim Termiziy shaxsiyatiga muhim chizgilar, islom ilmlari rivojiga qo‘shgan hissasi, qoldirgan boy merosi haqidagi muhim ma’lumotlar bilan bir qatorda "Al-Amsol minal kitob vas-sunna" asarining dunyo qo‘lyozma fondlarida saqlanayotgan nusxalari, ularning xususiyatlari, farqlari va ilmiy tavsifi ham alohida o‘rin olgan.
Bu esa nashrni nafaqat tarjima, balki ilmiy manbashunoslik nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyatga ega fundamental tadqiqotga aylantirmoqda.
Yosh avlodni tarbiyalashda muhim
Markaz katta ilmiy xodimi Abdushukurjon Muradovning ta’kidlashicha, asarning eng muhim xususiyati uning ma’naviy-tarbiyaviy ahamiyatidadir.
«Mazkur asarning asosiy qimmati shundaki, unda Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflarda kelgan ibratli misollar, hayot haqiqatlarini anglatuvchi hikmatli so‘zlar, ulamolarning pand-nasihatlari hamda inson ma’naviy kamolotiga xizmat qiluvchi ta’limotlar jamlangan. Kitob insonni ezgulikka chorlash, yaxshi va yomonni farqlash, adolat, halollik, sabr, shukr va insonparvarlik kabi fazilatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi», — deydi u.
Mutaxassislar fikricha, mazkur asarni faqat diniy-ma’rifiy manba sifatida emas, balki inson tarbiyasi, axloqiy kamolot va ma’naviy barkamollikka bag‘ishlangan qo‘llanma sifatida ham baholash mumkin.
Unda keltirilgan hikmatlar, hayotiy misollar va pand-nasihatlar bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini saqlab qolgan bo‘lib, ayniqsa yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ilk bor to‘liq o‘zbek tilida
Nashrning eng muhim jihati shundaki, "Al-Amsol minal kitob vas-sunna" asari mamlakatimizda birinchi marta to‘liq hajmda o‘zbek tiliga tarjima qilindi. Shu bilan birga, ayrim murakkab izohlari qo‘shimcha ilmiy sharhlar va tushuntirishlar bilan boyitildi.
Bu esa asardan nafaqat olimlar va tadqiqotchilar, balki keng kitobxonlar ommasi ham samarali foydalanishi uchun qulay imkoniyat yaratadi.
Hakim Termiziyning mazkur asarini nashr etish O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning milliy ilmiy merosni o‘rganish, saqlash va ommalashtirish borasidagi izchil siyosati amaliy natijalar berayotganining yana bir yorqin namunasidir.
Shubhasiz, ushbu kitobning chop etilishi Hakim Termiziy merosini yanada chuqur o‘rganish, ajdodlarimiz qoldirgan bebaho ilmiy-ma’naviy boyliklarni xalqimizga qaytarish va ularni kelajak avlodlarga yetkazish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida tarixdan munosib o‘rin egallaydi.
Eslatib o‘tamiz: joriy yilning 7-11-iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida I Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi bo‘lib o‘tadi. Unda 40 dan ortiq davlatdan 300 nafarga yaqin xorijiy mehmonlar, olimlar, ulamolar va xalqaro tashkilotlar vakillari — bir maydonda jamlanadi. Forumning bosh maqsadi — islomning tinchlik, bag‘rikenglik, ilm-fan, ma’rifat va insonparvarlikka asoslangan asl mohiyatini xalqaro hamjamiyatga yetkazish bo‘lib, uning doirasida ilmiy muloqotlar, xalqaro ko‘rgazmalar, noyob qo‘lyozmalar taqdimoti va madaniy-ma’rifiy tadbirlar orqali islom sivilizatsiyasining boy merosi namoyon etiladi.
Durdona Rasulova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.