Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

O‘zbekistonning yangi chaqirig‘i: bino emas, g‘oya bunyod etildi

Har bir xalq o‘z buguni va kelajagini qurishdan oldin o‘tmishini anglashga harakat qiladi. Ammo tarixni bilishning o‘zi yetarli emas. Uni to‘g‘ri talqin qilish, uning ma’nosini zamondoshlar va kelajak avlodlarga munosib yetkazish ham muhimdir. 

Zero tarix faqat kechagi kun haqidagi hikoya emas. U millatning o‘zini qanday ko‘rishi, dunyoga o‘zini qanday tanitishi va ertangi kunni qanday tasavvur qilishi haqidagi hikoyadir.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston aynan shunday muhim vazifani o‘z oldiga qo‘ydi. Mamlakat nafaqat iqtisodiy va siyosiy islohotlar yo‘lidan bormoqda, balki o‘zining sivilizatsion qiyofasini ham qayta kashf etmoqda. Bu jarayonning markazida esa Toshkentda qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazi turibdi.

Bir qarashda u shunchaki yirik muzey yoki madaniy majmua bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Ammo aslida u bundan ancha kattaroq ma’noni anglatadi. U O‘zbekistonning o‘z tarixi haqida dunyoga aytayotgan yangi hikoyasidir.

Nьyu-Yorkda aytilib, Toshkentda amalga oshgan g‘oya

2017 yilda BMT Bosh Assambleyasi minbaridan nutq so‘zlagan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev muhim g‘oyani ilgari surib, islom dinining asl mohiyati ilm-ma’rifat, bag‘rikenglik va insonparvarlik ekanini ta’kidladi. Bu oddiy diplomatik bayonot emas.

Dunyoda islom haqidagi bahslar ko‘pincha terrorizm, radikalizm va xavfsizlik mavzulari atrofida kechayotgan bir paytda O‘zbekiston mutlaqo o‘zgacha nuqtai nazarni taklif qildi. 

O‘zbekiston Prezidentining asosiy g‘oyasi shundan iborat ediki, dunyo ahli islomni ekstremistlar timsolida emas, balki Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino va Ulug‘bek Mirzo kabi allomalar orqali anglashi kerak. Chunki mazkur buyuk shaxslar insoniyat taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan, ilm va ma’rifatni hayot mazmuniga aylantirgan buyuk shaxslar edi.

Vaqt o‘tib, bu chaqiriq amaldagi loyihaga aylandi. Toshkent shahrida O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi bilan qad ko‘targan Islom sivilizatsiyasi markazi ana shu g‘oyaning, aytish mumkinki, dunyo ahliga berilgan va’daning ijobati va ifodasi bo‘ldi.

Bino emas, g‘oya qurildi

Tarixda ko‘plab davlatlar ulkan binolar qurgan. Saroylar, qasrlar, haykallar barpo etgan. Amir Temur iborasi bilan aytganda, “Bizning qudratimizga shubha qilsangiz, biz qurdirgan imoratlarga boqing”, deyishgan. Har qanday inshootning haqiqiy qiymati uning hajmida emas, ma’nosidadir.

Islom sivilizatsiyasi markazining o‘ziga xosligi ham aynan shunda. Bu yerda asosiy e’tibor nafaqat o‘tmish va zamonaviy texnologiyalarni uyg‘unlashtira olgan me’morchilik yechimlariga, balki boy mazmunga ham qaratilgan.

Markaz ekspozitsiyalariga yuzlab nodir qo‘lyozmalar, tarixiy hujjatlar va artefaktlar jamlandi. Ular orasida turli mamlakatlardan qaytarilgan noyob meros namunalari ham bor. 

So‘nggi yillarda butun dunyo bo‘ylab olib borilgan izlanishlar natijasida bir necha minglab tarixiy eksponatlar yig‘ildi. Auksionlarda sotib olindi, xalqaro hamkorlik orqali qaytarildi, restavratsiya qilindi. Bu jarayonni faqat kolleksiya to‘plash deb baholab bo‘lmaydi. Bu — millatning tarqalib ketgan xotirasini qayta yig‘ish jarayonidir.

Islom va ilm o‘rtasidagi unutilgan ko‘prik

So‘nggi asrlarda dunyoda shunday tasavvur shakllangandiki, go‘yo ilm-fan taraqqiyoti G‘arb sivilizatsiyasining mutlaq mahsulidir. Ammo Yevropadagi ilmiy inqilobning ildizlari Samarqand, Buxoro, Xorazm va Marv kabi shaharlarga borib taqaladi. Algebra, trigonometriya, astronomiya, tibbiyot, geografiya va falsafa sohalaridagi ko‘plab kashfiyotlar musulmon olimlari mehnati bilan rivojlangan. Ayni shu olimlar hozirgi ulkan ilmiy va texnologik yutuqlarga tamal toshi qo‘yishgan. Bu olimlar uchun ilm va din bir-biriga qarshi tushunchalar emasdi. Aksincha, ilm Yaratganni anglashning yo‘llaridan biri hisoblangan.

Shu ma’noda Islom sivilizatsiyasi markazi faqat O‘zbekiston tarixini emas, balki insoniyatning umumiy intellektual merosini namoyon etadi. Bu yerda tashrif buyurgan odam faqat eksponatlarni emas, balki bir tarixiy haqiqatni ko‘radi: sivilizatsiyalar taraqqiyoti bir-biri bilan uzviy bog‘liq, ularni ayro holda tasavvur qilish, birini ikkinchisiga qarshi qo‘yib bo‘lmaydi.

Ilm diplomatiyasi

Zamonaviy dunyoda davlatlar ta’sir kuchini faqat iqtisodiy yoki harbiy salohiyat belgilamaydi. Madaniyat, ilm va g‘oyalar ham katta kuchga aylanmoqda. Shu nuqtai nazardan qaraganda, Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekistonning yangi madaniy diplomatiyasi namunasidir.

Yaqin kunlarda bo‘lib o‘tadigan «Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat yo‘li» mavzusidagi I Xalqaro islom forumi ham shu jarayonning mantiqiy davomidir. Qirqdan ortiq mamlakatning 300 ga yaqin olimlarini yagona maqsad atrofida birlashtirish oson vazifa emas. Bu nafaqat ilmiy hamkorlik, balki ishonch muhitini yaratish demakdir.

Bugun geosiyosiy ziddiyatlar kuchayib borayotgan bir sharoitda tarix va ilm davlatlar o‘rtasidagi muloqot tiliga aylanmoqda. O‘zbekiston esa aynan shu “til” orqali o‘z nufuzini mustahkamlamoqda.

Dunyo e’tirof etayotgan loyiha

Markazning ahamiyatini faqat mamlakat ichidagi munosabat bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Uning faoliyati xalqaro akademik doiralar, ilmiy tashkilotlar va madaniy institutlar tomonidan yuqori baholanmoqda.

Bugun Islom sivilizatsiyasi markazi atrofida turli mamlakatlar arxivlari, muzeylari, universitetlari va tadqiqot markazlari hamkorlik qilmoqda. Bu holat O‘zbekistonning xalqaro maydondagi yangi qiyofasini namoyon etadi.

Mamlakat endi faqat tarixiy meros egasi sifatida emas, balki ushbu merosni o‘rganish, saqlash va dunyoga taqdim etish markazi sifatida ham namoyon bo‘lmoqda.

Asosiy savol 

Nima uchun bu loyiha muhim? 

Javob oddiy. Har bir millat o‘zini qanday taqdim eta olishiga qarab qabul qilinadi.

O‘zbekiston bugun dunyoga shunday demoqda: biz faqat qadimiy obidalar mamlakati emasmiz. Biz buyuk olimlar yetishtirgan zaminmiz. Biz ilm va ma’rifat an’analari shakllangan hududmiz. Biz sivilizatsiyalar muloqoti markazi bo‘lganmiz va yana shunday markazga aylanmoqdamiz. Islom tamadduni markazi bizda shakllangan va biz shu tamaddun markazimiz! 

Islom sivilizatsiyasi markazi aynan shu hikoyani so‘zlab bermoqda. Bu O‘zbekistonning yangi hikoyasidir. Bu o‘tmishni qayta yozish emas, balki uning haqiqiy ma’nosini qayta kashf etishdir. Ehtimol, O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazining eng katta yutug‘i ham shundadir.

Shu ma’noda ishonch bilan aytish mumkinki, O‘zbekiston davlat rahbari shunchaki bino qurmadi. U buyuk o‘tmishimiz xotirasini qurdi. U muzey yaratmadi. U millat haqidagi tasavvurni boyitdi.

Va eng muhimi, Shavkat Mirziyoyev BMT minbaridan ilgari surgan g‘oyani amalda isbotladi: islom — ilm, ma’rifat va taraqqiyot sivilizatsiyasidir. O‘zbekiston esa bu buyuk merosning munosib vorisi bo‘lib, uni yana insoniyat xizmatiga qaytarmoqda.

Abulfayz Sayidasqarov

P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.