

Yangiliklar
Muzey emas, kelajak tajribasi: Norvegiya Tashqi ishlar vazirligi Davlat kotibi O‘zbekistonning raqamli meros modeliga baho berdi
Dunyo bo‘ylab muzeylar tarixiy merosni raqamli texnologiyalar yordamida qayta talqin qilishga intilar ekan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ana shunday zamonaviy yondashuvlarni namoyon etayotgan muassasalardan biri sifatida xalqaro mehmonlar e’tiborini tortmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Markazga tashrif buyurgan Norvegiya Tashqi ishlar vazirligi Davlat kotibi Eyvind Vad Petersson boshchiligidagi delegatsiya muzeylarda raqamli texnologiyalardan foydalanish madaniy merosni zamonaviy auditoriyaga yetkazishning samarali vositasiga aylanayotganini ta’kidladi. Nufuzli delegatsiya a’zolari fikricha, bu kabi yondashuvlar madaniy diplomatiya va raqamli meros sohasidagi yangi global tendensiyalarning bir qismi bo‘la oladi.
Norvegiya Tashqi ishlar vazirligi Davlat kotibi Eyvind Vad Petersson boshchiligidagi delegatsiyaning Markazga tashrifi davomida mehmonlar tarixiy qo‘lyozmalar, noyob eksponatlar va interaktiv multimedia yechimlari bilan tanishdi.
Tashrif chog‘ida delegatsiya a’zolari, ayniqsa, muzey ekspozitsiyalarida an’anaviy tarixiy meros bilan raqamli texnologiyalarning uyg‘unlashtirilganiga alohida e’tibor qaratdi.
So‘nggi yillarda dunyoning yetakchi muzeylari tashrif buyuruvchilar bilan muloqotni kuchaytirish maqsadida sun’iy intellekt, raqamli rekonstruksiya, mulьtimedia va interaktiv vizualizatsiya kabi texnologiyalarni joriy etmoqda.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida ham shu kabi yondashuv qo‘llanilgan. Ekspozitsiyalarda tarixiy manbalar zamonaviy raqamli yechimlar bilan boyitilgan bo‘lib, tashrif buyuruvchilarga ma’lumotlarni ko‘rish bilan birga ular bilan interaktiv tarzda tanishish imkoni yaratilgan.
Delegatsiyada eng katta qiziqish uyg‘otgan ekspozitsiyalardan biri «Buyuk siymolar galereyasi» bo‘ldi. Bu yerda 14 ta ravoq ostida joylashtirilgan raqamli avatarlar buyuk allomalar obrazini jonlantirib, ularning hayoti, ilmiy faoliyati va insoniyat sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi haqida o‘n tilda hikoya qiladi.
Mutaxassislar fikricha, bunday format tarixiy merosni, ayniqsa, xalqaro tashrif buyuruvchilar va yosh avlod uchun yanada tushunarli va qiziqarli shaklda taqdim etish imkonini beradi.
Markaz ekspozitsiyalari bilan tanishgach, Norvegiya Tashqi ishlar vazirligi Davlat kotibi Eyvind Vad Petersson Markaz hududning boy tarixi va Markaziy Osiyo allomalarining jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasini zamonaviy texnologiyalar yordamida samarali namoyish eta olganini ta’kidladi.
Eyvind Vad Petersson, Norvegiya Tashqi ishlar vazirligi Davlat kotibi:
– Bu juda ulkan, keng ko‘lamli va chuqur taassurot uyg‘otadigan maskan ekan. Ushbu hududning boy tarixi, insoniyat taraqqiyotiga qo‘shgan beqiyos hissasi hamda aynan shu zamindan yetishib chiqqan buyuk allomalarning ilm-fan sohasidagi yutuqlari bilan tanishish men uchun juda katta taassurot qoldirdi. Bu haqiqatan ham zamonaviy muzeyning yorqin namunasi. Ayniqsa, tarixiy eksponatlarni eng so‘nggi texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirish orqali yaratilgan yondashuv meni chuqur hayratga soldi. Bu yerda tarix nafaqat namoyish etiladi, balki zamonaviy vositalar orqali yanada ta’sirchan va jonli tarzda namoyon bo‘ladi. Men barchaga bu maskanga tashrif buyurib, uni shaxsan ko‘rish va kashf etishni tavsiya etgan bo‘lardim.
Meni eng ko‘p hayratlantirgan jihat — muzeyning an’anaviy qiyofasi zamonaviy texnologiyalar bilan g‘oyat muvaffaqiyatli uyg‘unlashtirilganidir. Bu esa uni, ayniqsa, yosh avlod uchun yanada qiziqarli, ochiq va tushunarli qilgan.
Madaniy diplomatiyaning yangi vositasi
Xalqaro ekspertlar fikricha, muzeylar bugungi kunda faqat eksponatlar saqlanadigan joy emas, balki mamlakatlarning madaniy diplomatiyasi, tarixiy xotirasi va «yumshoq kuch» siyosatida muhim o‘rin tutayotgan institutlarga aylanmoqda.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida joriy etilgan interaktiv va mulьtimedia yechimlari mamlakatning ko‘p asrlik ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro auditoriyaga zamonaviy tilda yetkazishga qaratilgan yondashuv sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Markaz ekspozitsiyalarida buyuk allomalarning ilmiy merosi, tarixiy qo‘lyozmalar va madaniy boyliklar raqamli formatda taqdim etilishi O‘zbekistonning madaniy merosni saqlash bilan birga uni yangi texnologiyalar orqali ommalashtirishga ham ustuvor ahamiyat qaratayotganini ko‘rsatadi.
Norvegiya delegatsiyasining tashrifi davomida bildirilgan fikrlar ushbu yondashuv xalqaro mehmonlar tomonidan ham ijobiy qabul qilinayotganini namoyon etdi.
Zamonaviy muzeyshunoslik tobora raqamli texnologiyalar bilan bog‘lanib borayotgan bir sharoitda, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tarixni faqat saqlash emas, balki uni zamonaviy vositalar orqali «so‘zlatish» mumkinligini ko‘rsatuvchi yangi madaniy platforma sifatida shakllanmoqda.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.