Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Peterburg News: "O‘zbekistonda ilk bor o‘tkaziladigan «Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat yo‘li» xalqaro forumi"

Rossiyaning Peterburg News nashri O‘zbekistonda ilk bor o‘tkaziladigan «Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat yo‘li» I Xalqaro islom forumini global ilmiy va ma’naviy muloqot uchun muhim maydon sifatida baholadi. Nashrda ta’kidlanishicha, Samarqand va Toshkentda o‘tadigan anjuman islom sivilizatsiyasining ilm-fan, ta’lim va madaniyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini keng muhokama qilish, shuningdek, tinchlik, bag‘rikenglik va xalqlar o‘rtasidagi hamkorlik g‘oyalarini ilgari surishga xizmat qiladi.

Dunyoda shunday muqaddas maskanlar borki, ularning har bir qarich yeri asrlar davomidagi tarix nafasini o‘zida saqlab keladi. Samarqand va Toshkent ana shunday shaharlar sirasiga kiradi. Ular oddiy shaharlar emas. Ular insoniyat taraqqiyotida ilm-ma’rifat hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan davrlarning tirik guvohlaridir.

2026 yilning 7–11 iyulь kunlari aynan shu ikki shahar yana bir bor butun dunyo nigohini o‘ziga qaratadi. Ular turli mamlakatlardan kelgan olimlar, mutafakkirlar va din arboblarini birlashtiruvchi nufuzli xalqaro muloqot maydoniga aylanadi.

Arab tilida «ijtihod» degan tushuncha bor. U haqiqatni mustaqil mushohada qilish, chuqur anglash va tayyor qarashlarni shunchaki takrorlamasdan, izlanish orqali xulosa chiqarishni anglatadi. «Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat yo‘li» mavzusidagi Birinchi xalqaro islom forumi ham aynan shu g‘oya va ruh asosida tashkil etilmoqda.

Bu shunchaki ilmiy anjuman yoki rasmiy konferensiya emas. Bu turli mamlakat vakillarining bir-birini anglash, o‘zaro fikr almashish va umumiy qadriyatlar haqida ochiq muloqot qilishga qaratilgan muhim maydondir.

Forumda nufuzli islom ulamolari, diniy arboblar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, oliy ta’lim muassasalari, muzeylar, kutubxonalar hamda dunyoning yetakchi gumanitar markazlari vakillari ishtirok etadi. Ular uchun «hikmat» — shunchaki tushuncha emas, balki hayot va faoliyatning muhim mezonidir.

Muhokamalar markazida islom sivilizatsiyasining jahon ilm-fani, falsafasi, ta’lim tizimi, madaniyati va san’ati rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi turadi. Zero, bu merossiz bugungi zamonaviy sivilizatsiyani tasavvur qilish qiyin.

Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar ham asrlar davomida o‘zaro hurmat va hamkorlik asosida shakllanib kelgan.

Bu aloqalarning tarixi sovet davridan ham ancha oldin boshlangan. Savdo karvonlari, tasavvuf maktablari va sayohatchi ulamolar Volga bo‘yidan Amudaryo sohillarigacha bo‘lgan keng hududni yagona ma’naviy va madaniy makonga aylantirgan. Islom an’anasida bu «ummat» — millat va chegaralardan ustun turuvchi ma’naviy hamjamiyat sifatida e’tirof etiladi.

Bugun Rossiyada millionlab musulmonlar istiqomat qiladi. Forobiy, Ibn Sino, Beruniy kabi buyuk allomalarning ilmiy merosi Moskvadan Vladivostokkacha bo‘lgan ta’lim muassasalarida o‘rganiladi. Markaziy Osiyoda yaratilgan boy ma’naviy va ilmiy meros bugun nafaqat mintaqa, balki butun insoniyatning umumiy boyligi hisoblanadi.

Bu forum haqida so‘z yuritar ekanmiz, uning amalga oshishida muhim o‘rin tutgan insonni tilga olmaslik mumkin emas.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat tashqi siyosatida ochiqlik, muloqot va o‘zaro ishonch tamoyillarini ustuvor yo‘nalishga aylantirdi. Uning rahbarligida O‘zbekiston ma’naviy va diplomatik jihatdan yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘ydi.

Mamlakat xalqaro hamkorlik uchun yanada ochildi. Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida ta’lim, madaniyat, iqtisodiyot va boshqa sohalarda o‘nlab qo‘shma loyihalar amalga oshirildi, muhim kelishuvlar imzolandi. Davlat rahbarlarining muntazam uchrashuvlari amaliy natijalarga xizmat qilib kelmoqda.

Aynan shu ochiq va konstruktiv siyosat tufayli O‘zbekiston bugun shunday nufuzli xalqaro anjumanlarga mezbonlik qilish imkoniyatiga ega mamlakatga aylandi. Shu bois, Birinchi xalqaro islom forumining aynan O‘zbekistonda o‘tkazilayotgani tabiiy va tarixiy ahamiyatga ega voqelikdir.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.