Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

MA’RIFATGA TAYANGAN TARAQQIYOT YO‘LI

O‘zbekistonda 7-11 iyulь kunlari I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi bo‘lib o‘tadi

Bugun Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim ustunlaridan biri sifatida milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, xalqimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va uni jahon hamjamiyatiga keng targ‘ib etish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar iqtisodiy va ijtimoiy sohalar bilan bir qatorda ma’naviy-ma’rifiy hayotni ham mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda buyuk allomalarimiz hayoti va ilmiy merosini o‘rganish, tarixiy obidalarni qayta tiklash, noyob qo‘lyozmalarni saqlash va raqamlashtirish, ularni xalqaro ilmiy muomalaga kiritish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Bu jarayonlar nafaqat milliy o‘zlikni anglash va uni mustahkamlash, balki O‘zbekistonning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini xalqaro maydonda yanada keng namoyon etishga xizmat qilmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi, Burhoniddin Marg‘inoniy ilmiy-ma’rifiy va ziyorat-turizm majmuasi kabi muassasalar ana shu ezgu maqsadlarning amaliy ifodasiga aylandi. Bugun mazkur muassasalarda nafaqat mamlakatimiz, balki dunyoning turli davlatlaridan kelgan olimlar ishtirokida fundamental tadqiqotlar amalga oshirilmoqda, qo‘lyozmalar ilmiy jihatdan o‘rganilmoqda, yangi akademik nashrlar tayyorlanmoqda. 

Bu boradagi sa’y-harakatlar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuksak baholanmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan "Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik" rezolyusiyasi mamlakatimizning tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat g‘oyalarini xalqaro miqyosda ilgari surishdagi faol o‘rnini yana bir bor tasdiqladi.

Ayni shu ezgu g‘oyalarning mantiqiy davomi sifatida joriy yilning 7–11 iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida "Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li" mavzusida I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi bo‘lib o‘tadi. Mamlakatimiz tarixida ilk bor tashkil etilayotgan mazkur nufuzli anjuman nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami ilmiy-ma’rifiy hayotida muhim voqea bo‘lishi kutilmoqda.

Xayrli tashabbuslarning mantiqiy davomi

Forumning eng muhim jihatlaridan biri uning aynan Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida boshlanishidir. Bu tasodifiy tanlov emas. Zero, qisqa vaqt ichida mazkur markaz nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqadagi eng yirik ilmiy-ma’rifiy platformalardan biriga aylanib ulgurdi.

Markaz bugun ajdodlarimiz qoldirgan bebaho ilmiy merosni o‘rganish, saqlash va targ‘ib qilish bilan birga, xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy muassasalar o‘rtasida muloqotni kuchaytirish hamda yangi tadqiqotlar uchun mustahkam zamin yaratayotgan zamonaviy ilmiy maskandir.

Forumning asosiy tadbirlari ham aynan shu yerda boshlanadi. Tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining forum ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittiriladi. Shuningdek, ICESCO Bosh direktori Salim al-Malik, IRCICA Bosh direktori Mahmud Erol Qilich, TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, Xalqaro Turkiy akademiya Prezidenti Shahin Mustafoyev singari yirik xalqaro tashqilotlar rahbarlari, mamlakatimiz vaxorijning nufuzli davlat va jamoat arboblari, olimlari hamda xalqaro tashkilotlar rahbarlariishtirok etishini kutilmoqda. 

Dunyo olimlarini birlashtiradigan yirik maydon

I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi o‘z ko‘lami jihatidan ham alohida ahamiyat kasb etadi. Forum doirasida 4 ta xalqaro konferensiya, 10 ta yalpi majlis, 15 ta plenar yig‘ilish hamda 6 ta sohaviy sho‘’ba tashkil etiladi. Ularda islom sivilizatsiyasi tarixi, hadis ilmi, kalom, qo‘lyozmashunoslik, muzeyshunoslik, arxeologiya, madaniy merosni muhofaza qilish, raqamlashtirish, madaniy diplomatiya hamda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlar muhokama qilinadi.

Forumda 50 dan ortiq mamlakatdan 300 ga yaqin xorijiy mehmon ishtirok etishi kutilmoqda. Ular orasida davlat va jamoat arboblari, vazirlar, muftiylar, akademiklar, mashhur islomshunos olimlar, qo‘lyozmashunoslar, muzey va kutubxonalar rahbarlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari bor. Bu esa anjumanning haqiqiy xalqaro muloqot va akademik hamkorlik maydoniga aylanishidan dalolat beradi.

“O‘zbekiston IRSIKA bilan hamkorlik qilayotgan 57 ta mamlakat orasida islom madaniyati va merosini asrab-avaylash borasida yetakchilikni qo‘ldan bermay kelmoqda, deydi IRCICA Bosh direktori, professor Mahmud Erol Qilich. 

-   Hamkorlikdagi  tadbirlarda ham Yangi O‘zbekistonda so‘nggi yillarda madaniy-ma’rifiy sohalarda qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar yaqqol aksini topayotir. Yaqinda Amir Temur va temuriylar sivilizatsiyasiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun Toshkentga kelgandim. Ayni paytda Islom sivilizatsiyasi 1 Xalqrao foruminining yuqori saviyada o‘tishi uchun barcha sharoitlar yaratilganiga guvoh bo‘ldik.

Forum doirasida kitoblar va ilmiy nashrlar taqdimotiga ham alohida e’tibor qaratilgan. ICESCO bilan hamkorlikda tayyorlangan "Al-Jomi’ as-Sahih" — "Ummat kitobi"mavzusidagi xalqaro konferensiya hamda tezislar to‘plami, IRCICA bilan hamkorlikda nashr etilayotgan "Shavkat Mirziyoev — ma’rifatparvar yo‘lboshchi" kitob-alьbomi, Rossiya musulmonlari diniy idorasi bilan hamkorlikda chop etilgan Imom Termiziyning "Shamoili Muhammadiya" asarining rus tilidagi akademik nashri va boshqa fundamental loyihalar forumning eng muhim voqealaridan biri bo‘ladi.

Forumda yirik xalqaro tashkilotlar, nufuzli muzey va kutubxonalar rahbarlari ishtirok etadi. Bu esa O‘zbekistonning xalqaro ilmiy va madaniy hamkorlik sohasidagi obro‘-e’tibori tobora yuksalib borayotganining yana bir amaliy tasdig‘idir.

Buyuk meros atrofidagi ilmiy muloqot

Forum dasturiga nazar tashlansa, uning asosiy e’tibori buyuk ajdodlarimiz qoldirgan ilmiy-ma’naviy merosni zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida tadqiq etish va uni xalqaro akademik hamjamiyatga keng tanitishga qaratilganini ko‘rish mumkin. Shu ma’noda anjuman nafaqat ilmiy muhokamalar maydoni, balki turli davlatlar va ilmiy maktablarni yagona maqsad — ma’rifat va ilm-fan yo‘lida birlashtiradigan nufuzli platformadir.

Forumning birinchi kungi yalpi majlislarida islom sivilizatsiyasining ma’naviy merosi, Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro ilmiy-ma’rifiy platforma sifatidagi o‘rni, shuningdek, qo‘lyozmalarni asrash, muzeylar va kutubxonalar hamkorligini rivojlantirish kabi dolzarb mavzular muhokama qilinadi. Ayniqsa, mazkur yalpi majlislarda turli mamlakatlar vazirlari, muftiylari, akademiyalar prezidentlari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishi forumning nufuzini yanada oshiradi. 

Forum davomida O‘zbekistondagi ilmiy-ma’rifiy markazlar va xorijning yetakchi ilmiy muassasalari o‘rtasida qo‘shma loyihalar, yangi ilmiy nashrlar, arxeologik kashfiyotlar, noyob qo‘lyozmalar va raqamli loyihalar taqdimotio‘tkaziladi. Shuningdek, hamkorlikka oid "yo‘l xaritalari" muhokama qilinib, memorandum va bitimlar imzolanishi rejalashtirilgan. Bu esa forumning faqat ilmiy muhokama bilan cheklanmasdan, aniq amaliy natijalarga xizmat qilishini ko‘rsatadi. 

Buyuk meros — jahon olimlari nigohida 

Forumning muhim qismini Samarqand va Termiz shaharlarida bo‘lib o‘tadigan xalqaro konferensiyalar tashkil etadi. Ular buyuk allomalarimiz — Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziyning boy ilmiy merosini har tomonlama o‘rganishga bag‘ishlangani bilan ahamiyatlidir.

Jumladan, Samarqandda bo‘lib o‘tadigan "Imom al-Buxoriyning "Al-Jomi’ as-Sahih" asari — Ummat kitobi" mavzusidagi xalqaro konferensiyada buyuk muhaddisning hayoti, uning ilmiy kamoloti, "Al-Jomi’ as-Sahih" asarining yaratilish tarixi, qo‘lyozmalari, hadislarni saralash uslublari hamda mazkur asarning islom sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi o‘rni atroflicha muhokama qilinadi.

Bu konferensiya doirasida beshta plenar yig‘ilish tashkil qilinishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda Saudiya Arabistoni, Misr, Marokash, Turkiya, Hindiston, Bangladesh, Buyuk Britaniya, Tunis va boshqa mamlakatlardan kelgan yetakchi hadisshunos olimlar ma’ruzalar qiladi.

Imom Moturidiy merosiga bag‘ishlangan konferensiyada esa mo‘’tadillik, diniy bag‘rikenglik, aql va naql uyg‘unligi kabi masalalar zamonaviy nuqtai nazardan tahlil qilinadi. Termiz shahrida o‘tkaziladigan anjuman esa Termiz hadis maktabi va Imom Termiziyning jahon hadisshunosligiga qo‘shgan beqiyos hissasini o‘rganishga bag‘ishlanadi. Bu konferensiyalar orqali O‘zbekiston nafaqat buyuk allomalar yurti, balki ular merosini tizimli o‘rganish va xalqaro miqyosda targ‘ib etishning zamonaviy markazi sifatida ham namoyon bo‘ladi.

Ma’rifatparvarlik siyosatining yorqin namunasi

I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumining ahamiyatini faqat uning ilmiy dasturi bilan baholab bo‘lmaydi. Bu anjuman, eng avvalo, Yangi O‘zbekistonning insonparvarlik, ma’rifat va bag‘rikenglik tamoyillariga asoslangan tashqi siyosatining amaliy ifodasidir.

Bugun dunyoda xalqlarni birlashtiruvchi eng kuchli omillardan biri ilm-fan, madaniyat va ma’naviy meros hisoblanadi. Shu ma’noda forum turli davlatlar, sivilizatsiyalar va ilmiy maktablar o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlash, gumanitar muloqotni rivojlantirish va yangi qo‘shma ilmiy tashabbuslarni ilgari surish uchun muhim maydon vazifasini bajaradi.

Shubhasiz, I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi nafaqat O‘zbekistonning ilmiy-ma’rifiy hayotida, balki xalqaro gumanitar hamkorlik tarixida ham muhim voqealardan biri sifatida o‘rin egallaydi, - deydi O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov.

- Bu anjuman muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan ma’rifatparvar davlat siyosati, ajdodlar merosini asrab-avaylash va uni butun insoniyat manfaati yo‘lida targ‘ib etishga qaratilgan ezgu tashabbuslarning yana bir yorqin namunasi bo‘lib qoladi.

Ta’kidlash joizki, ushbu forum orqali O‘zbekiston buyuk ajdodlarimiz merosini faqat tarixiy yodgorlik sifatida emas, balki insoniyatning bugungi va ertangi taraqqiyotiga xizmat qiladigan hayotiy ilmiy-ma’naviy boylik sifatida namoyon etmoqda. Bu esa mamlakatimizning xalqaro nufuzi tobora yuksalib, Markaziy Osiyoning ma’rifat va sivilizatsiya markazi sifatidagi tarixiy maqomi yangi mazmun bilan boyib borayotganini anglatadi.

Rustam Jabborov,
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.