Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

“I XALQARO ISLOM SIVILIZATSIYASI FORUMI: TINCHLIK, BAG‘RIKENGLIK VA ILM-MA’RIFAT YO‘LI” XALQARO FORUMI

PRЕSS-RЕLIZ

Joriy yilning 7–11 iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida "Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li" mavzusida I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgani surgan tashabbuslari islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’naviy merosini o‘rgani va keng targ‘ib etish borasida yangi bosqichni boshlab berdi. Jumladan, Markaziy Osiyo uyg‘onish davri allomalarining jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissasini namoyon etish, Imom Buxoriy kabi buyuk muhaddislar ilmiy merosini asrab-avaylash va o‘rganish, shuningdek, ma’rifat va diniy bag‘rekenglik tamoyillarini xalqaro miqyosda ilgari surishga qaratilgan mazkur tashabbuslar bugun izchil amalga oshirilmoqda. Ana shu ezgu maqsadlarning mantiqiy davomi sifatida joriy yilning 7–11 iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida "Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li" mavzusida I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi tashkil etilmoqda.

Forum O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, Imom Moturudiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi hamda Islom olami ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti – ICESCO hamkorligida tashkil etilmoqda.

Forumda 50 dan ortiq mamlakatdan 300 ga yaqin xorijiy mehmon ishtirok etishi kutilmoqda. Ular orasida davlat va jamoat arboblari, vazirlar, muftiylar, akademiklar, mashhur islomshunos olimlar, qo‘lyozmashunoslar, muzey va kutubxonalar rahbarlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari bor. Bu esa anjumanning haqiqiy xalqaro muloqot va akademik hamkorlik maydoniga aylanishidan dalolat beradi.

Davlatimiz rahbari g‘oyasi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi, Burhoniddin Marg‘inoniy ilmiy-ma’rifiy va ziyorat-turizm majmuasi kabi muassasalar xalqimizning g‘urur-iftixoriga aylandi.

Bugun mazkur muassasalarda nafaqat mamlakatimiz, balki dunyoning turli davlatlaridan kelgan olimlar ishtirokida fundamental tadqiqotlar amalga oshirilmoqda, qo‘lyozmalar ilmiy jihatdan o‘rganilmoqda, yangi akademik nashrlar tayyorlanmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan qabul qilingan "Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik" rezolyusiyasi mamlakatimizning tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat g‘oyalarini xalqaro miqyosda ilgari surishdagi faol o‘rnini yana bir bor tasdiqladi.

Hurmatli Prezidentimizning ushbu ezgu g‘oyalarning mantiqiy davomi sifatida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan "Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li" mavzusida I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi mamlakatimiz tarixida ilk bor tashkil etilayotgani bilan ahamiyatlidir. Mazkur nufuzli anjuman nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami ilmiy-ma’rifiy hayotida muhim voqea bo‘lishi kutilmoqda.

Forumning eng muhim jihatlaridan biri uning aynan Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va g‘oyasi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida boshlanishidir. Bu tasodifiy tanlov emas. Zero, qisqa vaqt ichida mazkur markaz nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqadagi eng yirik va nufuzli ilmiy-ma’rifiy platformalardan biriga aylanib ulgurdi.

Forum doirasida bir qancha yirik tadbirlar, olamshumul kashfiyotlar va ilmiy-ommabop loyihalarning taqdimotlariga guvoh bo‘lishingiz mumkin.

Forumning asosiy voqeasi sifatida tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining forum ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirilishi kutilmoqda.

Shuningdek, AYSESKO Bosh direktori Salim al-Malik, IRSIKA Bosh direktori Mahmud Erol Qilich, TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, Xalqaro Turkiy akademiya Prezidenti Shahin Mustafoyev singari yirik xalqaro tashkilotlar rahbarlari, mamlakatimiz va xorijning nufuzli davlat va jamoat arboblari, olimlari hamda xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishini rejalashtirilgan.

I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi o‘z ko‘lami jihatidan ham alohida ahamiyat kasb etadi. Forum doirasida 4 ta xalqaro konferensiya, 10 ta yalpi majlis, 15 ta plenar yig‘ilish hamda 6 ta sohaviy sho‘ba tashkil etiladi.

Ularda islom sivilizatsiyasi tarixi, hadis ilmi, kalom, qo‘lyozmashunoslik, muzeyshunoslik, arxeologiya, madaniy merosni muhofaza qilish, raqamlashtirish, madaniy diplomatiya hamda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlar muhokama qilinadi.

Forum doirasida kitoblar va ilmiy nashrlar taqdimotiga ham alohida e’tibor qaratilgan. ICESCO bilan hamkorlikda tayyorlangan "Al-Jomi’ as-Sahih" — "Ummat kitobi" mavzusidagi xalqaro konferensiya hamda tezislar to‘plami, IRCICA bilan hamkorlikda nashr etilayotgan "Shavkat Mirziyoyev — ma’rifatparvar yo‘lboshchi" kitob-albomi, Rossiya musulmonlari diniy idorasi bilan hamkorlikda chop etilgan Imom Termiziyning "Shamoili Muhammadiya" asarining rus tilidagi akademik nashri va boshqa fundamental loyihalar forumning eng muhim qismlaridan biri bo‘ladi.

Forumda yirik xalqaro tashkilotlar, nufuzli muzey va kutubxonalar rahbarlari ishtirok etadi. Bu esa O‘zbekistonning xalqaro ilmiy va madaniy hamkorlik sohasidagi obro‘-e’tibori  tobora yuksalib borayotganining yana bir amaliy tasdig‘idir.

Forumning birinchi kungi yalpi majlislarida islom sivilizatsiyasining ma’naviy merosi, Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro ilmiy-ma’rifiy platforma sifatidagi o‘rni, shuningdek, qo‘lyozmalarni asrash, muzeylar va kutubxonalar hamkorligini rivojlantirish kabi dolzarb mavzular muhokama qilinadi. Ayniqsa, mazkur yalpi majlislarda turli mamlakatlar vazirlari, muftiylari, akademiyalar prezidentlari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishi forumning nufuzini yanada oshiradi.

Forum davomida O‘zbekistondagi ilmiy-ma’rifiy markazlar va xorijning yetakchi ilmiy muassasalari o‘rtasida qo‘shma loyihalar, yangi ilmiy nashrlar, arxeologik kashfiyotlar, noyob qo‘lyozmalar va raqamli loyihalar taqdimoti o‘tkaziladi. Shuningdek, hamkorlikka oid "yo‘l xaritalari" muhokama qilinib, memorandum va bitimlar imzolanishi rejalashtirilgan. Bu esa forumning faqat ilmiy muhokama bilan cheklanmasdan, aniq amaliy natijalarga xizmat qilishini ko‘rsatadi.

Forumning muhim qismini Samarqand va Termiz shaharlarida bo‘lib o‘tadigan xalqaro konferensiyalar tashkil etadi. Ular buyuk allomalarimiz — Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziyning boy ilmiy merosini har tomonlama o‘rganishga bag‘ishlangani bilan ahamiyatlidir.

Jumladan, Samarqandda bo‘lib o‘tadigan "Imom al-Buxoriyning "Al-Jomi’ as-Sahih" asari — Ummat kitobi" mavzusidagi xalqaro konferensiyada buyuk muhaddisning hayoti, uning ilmiy kamoloti, "Al-Jome’ as-Sahih" asarining yaratilish tarixi, qo‘lyozmalari, hadislarni saralash uslublari hamda mazkur asarning islom sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi o‘rni atroflicha muhokama qilinadi. Bu konferensiya doirasida beshta plenar yig‘ilish tashkil qilinishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda Saudiya Arabistoni, Misr, Marokash, Turkiya, Hindiston, Bangladesh, Buyuk Britaniya, Tunis va boshqa mamlakatlardan kelgan yetakchi hadisshunos olimlar ma’ruzalar qiladi.

Imom Moturidiyning bebaho merosiga bag‘ishlangan konferensiyada esa mo‘’tadillik, diniy bag‘rikenglik, aql va naql uyg‘unligi kabi masalalar zamonaviy nuqtai nazardan tahlil qilinadi. Termiz shahrida o‘tkaziladigan anjuman esa Termiz hadis maktabi va Imom Termiziyning jahon hadisshunosligiga qo‘shgan beqiyos hissasini o‘rganishga bag‘ishlanadi. Bu konferensiyalar orqali O‘zbekiston nafaqat buyuk allomalar yurti, balki ular merosini tizimli o‘rganish va xalqaro miqyosda targ‘ib etishning zamonaviy markazi sifatida ham namoyon bo‘ladi.

Shubhasiz, I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi nafaqat O‘zbekistonning ilmiy-ma’rifiy hayotida, balki xalqaro gumanitar hamkorlik tarixida ham muhim voqealardan biri sifatida o‘rin egallaydi. Bu anjuman Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan ma’rifatparvar davlat siyosati, ajdodlar merosini asrab-avaylash va uni butun insoniyat manfaati yo‘lida targ‘ib etishga qaratilgan ezgu tashabbuslarning yana bir yorqin namunasi bo‘lib qoladi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.