Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Insoniyat kelajagi bilan muloqot

Joriy yilning 7 iyul kuni Toshkent shahri xalqaro ilmiy va ma’naviy muloqot markaziga aylanadi. Shu kuni O‘zbekiston poytaxtida «Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li» mavzusidagi xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi o‘z ishini boshlaydi. Forum doirasida 50 ga yaqin mamlakatdan 300 nafarga yaqin olimlar, tadqiqotchilar, islomshunoslar, tarixchilar va xalqaro tashkilotlar vakillari bir maydonga jam bo‘ladi.

Bir qarashda bu navbatdagi ilmiy anjumanga o‘xshaydi. Ammo uning mohiyatiga chuqurroq nazar tashlasak, forum ancha keng ma’noga ega ekanini anglaymiz. Chunki bu yig‘ilish faqat o‘tmish haqida emas, balki kelajak haqida hamdir. Bu yerda faqat tarix muhokama qilinmayapti. Bu yerda insoniyatning ertangi kuniga daxldor bo‘lgan g‘oyalar haqida so‘z bormoqda.

Bugungi dunyo har qachongidan ham ko‘proq texnologiyalarga ega. Sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot, genetik muhandislik va kosmik tadqiqotlar insoniyat imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Biroq ayni vaqtda jahonda urushlar, qochqinlar muammosi, ijtimoiy tengsizlik, diniy murosasizlik va ma’naviy bo‘shliq ham saqlanib qolmoqda. Demak, taraqqiyot faqat texnologiya bilan emas, balki g‘oyalar bilan ham belgilanadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, Toshkentda boshlangan forum nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo uchun muhim intellektual voqea hisoblanadi.

Insoniyat taraqqiyotining unutilgan manbalari

Zamonaviy sivilizatsiya haqida so‘z ketganda ko‘pincha Yevropa Renessansi, Sanoat inqilobi yoki G‘arb ilm-fani tilga olinadi. Ammo tarixchilar yaxshi biladiki, insoniyat taraqqiyotining muhim bilimlar zanjiri musulmon Sharqi orqali o‘tgan.

VIII–XV asrlarda islom sivilizatsiyasi insoniyatning eng yirik ilmiy va intellektual markazlaridan biriga aylangan edi. Bu sivilizatsiyaning eng yorqin markazlaridan biri esa bugungi O‘zbekiston hududi bo‘lgan. Samarqand, Buxoro, Termiz, Kesh, Urganch va Farg‘ona shaharlari nafaqat savdo markazlari, balki jahon miqyosidagi ilm-fan markazlari sifatida ham tanilgan. Bu yerlarda falsafa, matematika, astronomiya, tibbiyot, huquqshunoslik va ilohiyot sohalari rivojlangan.

Bugun butun dunyo foydalanayotgan matematik tizimlar zamirida Muhammad al-Xorazmiyning ishlari yotadi. U yaratgan algebra fani keyinchalik zamonaviy matematika rivojining asosiga aylandi. Hatto bugungi raqamli dunyoning asosiy tushunchalaridan biri bo‘lgan «algoritm» atamasi ham uning nomi bilan bog‘liq.

Abu Rayhon Beruniy Yer shari o‘lchamlarini hisoblab chiqqan, geografiya, mineralogiya va astronomiya sohalarida yuksak natijalarga erishgan. Uning tadqiqotlari o‘z davridan bir necha asr oldin yuzaga kelgan ilmiy inqilob sifatida baholanadi.

Abu Ali ibn Sinoning «Tib qonunlari» asari yuzlab yillar davomida Yevropa universitetlarida asosiy darslik bo‘lib xizmat qilgan.

Mirzo Ulug‘bek qurdirgan rasadxona esa XV asrning eng ilg‘or ilmiy markazlaridan biriga aylangan. U yerda amalga oshirilgan kuzatishlar astronomiya tarixida yangi sahifa ochgan.

Bu misollar bir haqiqatni ko‘rsatadi: islom sivilizatsiyasi faqat diniy meros emas, balki ilm-fan sivilizatsiyasidir.

Islom sivilizatsiyasining eng katta sabog‘i

Forumda muhokama qilinayotgan asosiy mavzulardan biri ham aynan shu haqiqat bilan bog‘liq. Chunki islom sivilizatsiyasining kuchi faqat buyuk binolar yoki mashhur allomalarda emas. Uning haqiqiy kuchi ilm bilan ma’naviyatni birlashtira olganida namoyon bo‘lgan.

Musulmon Sharqida bilim olish muqaddas burch sifatida qaralgan. Ilm insonni kamolotga yetkazuvchi vosita deb baholangan. Shuning uchun ham Buxoro va Samarqand kabi shaharlarda minglab talabalar tahsil olgan, yuzlab olimlar faoliyat yuritgan.

Bugun dunyoda axborot ko‘p, ammo donishmandlik kamayib borayotgani haqida ko‘p gapiriladi. Texnologiyalar taraqqiy etmoqda, ammo insonlar o‘rtasidagi ishonch muammosi saqlanib qolmoqda. Iqtisodiy o‘sish kuzatilmoqda, ammo ijtimoiy adolat haqidagi bahslar ham to‘xtayotgani yo‘q. Demakki, islom sivilizatsiyasi merosidagi ilmga intilish, adolat, bag‘rikenglik va inson qadri kabi g‘oyalar XXI asr uchun ham dolzarbligini saqlab qolmoqda.

Islom sivilizatsiyasi markazi — tarix va kelajak ko‘prigi

So‘nggi yillarda O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish va uni xalqaro maydonda keng targ‘ib qilishga katta e’tibor qaratmoqda. Bu boradagi eng yirik tashabbuslardan biri O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mualliflik g‘oyasi asosida barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazidir.

Markazning ahamiyatini faqat arxitektura yoki muzey ekspozitsiyalari bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Bu muassasa keng ma’noda intellektual markaz sifatida shakllantirilmoqda.

Bu yerda noyob qo‘lyozmalar, qadimiy manbalar, arxeologik topilmalar va madaniy meros namunalari jamlanadi. Shu bilan birga, markaz olimlar, tadqiqotchilar va yoshlar uchun zamonaviy ilmiy muloqot maydoni vazifasini ham bajaradi.

Eng muhimi, mazkur markaz orqali O‘zbekiston dunyoga muhim bir signal bermoqda: islom sivilizatsiyasi merosi o‘tmish haqidagi xotira emas, balki kelajak taraqqiyoti uchun ham manba hisoblanadi.

Nega aynan hozir?

Bu savolga javob forumning butun mazmunida mujassam. Bugun insoniyat yangi g‘oyalarga ehtiyoj sezmoqda. Dunyo iqtisodiy o‘sishga erishishi mumkin, ammo adolatsizlik muammosi saqlanib qolsa, barqaror taraqqiyot haqida gapirish qiyin.

Texnologiyalar rivojlanishi mumkin, ammo inson qadri ta’minlanmasa, taraqqiyotning ma’nosi yo‘qoladi. Davlatlar qudratli bo‘lishi mumkin, ammo xalqlar o‘rtasida ishonch bo‘lmasa, tinchlik mustahkam bo‘lmaydi. Ana shu jihatdan qaralsa, islom sivilizatsiyasi merosida mujassam bo‘lgan bag‘rikenglik, bilimga hurmat, adolat va insonparvarlik g‘oyalari yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zbekistonning dunyoga murojaati

Toshkentdagi forumni oddiy ilmiy anjuman sifatida baholash yetarli emas. Uning mazmunida yana bir muhim jihat bor.

O‘zbekiston bugun islom sivilizatsiyasi haqida gapirar ekan, faqat o‘z tarixi bilan faxrlanayotgani yo‘q. Mamlakat insoniyatga umumiy bo‘lgan qadriyatlar haqida so‘z ochmoqda. Bu murojaatda millatlararo totuvlik g‘oyasi bor. Dinlararo muloqot g‘oyasi bor. Ilm-ma’rifatni taraqqiyotning asosi sifatida ko‘rish g‘oyasi bor. Inson qadrini eng oliy qadriyat deb bilish g‘oyasi bor. Aynan shu jihat forumni xalqaro ahamiyatga ega voqeaga aylantirmoqda.

O‘tmishdan kelajak sari

Bir vaqtlar Samarqand va Buxoro ilm izlab kelgan insonlarning manzili bo‘lgan. Bu zaminda yaratilgan kashfiyotlar butun insoniyat taraqqiyotiga xizmat qilgan. Bugun O‘zbekiston ana shu tarixiy merosni zamonaviy mazmun bilan boyitib, yangi avlodga va butun dunyoga taqdim etmoqda.

Toshkentda o‘tkaziladigan xalqaro forum ana shu harakatning mantiqiy davomidir. Bu forum orqali O‘zbekiston bir muhim fikrni ilgari surmoqda: insoniyat kelajagini faqat yangi texnologiyalar emas, balki buyuk g‘oyalar ham belgilaydi.

Shu ma’noda O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi merosi haqida bong urar ekan, faqat o‘z o‘tmishini eslamayapti. U dunyoga ilm, ma’rifat, bag‘rikenglik, adolat va inson qadri kabi qadriyatlarning ahamiyati haqida murojaat qilmoqda. Bu esa nafaqat tarix haqidagi suhbat, balki insoniyat kelajagi haqidagi muloqotdir.

 Abulfayz Sayidasqarov

P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin

 

 

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.