

Yangiliklar
O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi bo‘yicha dunyo tarixida yangi sahifa ochmoqda
Joriy yilning 7–11 iyul kunlari mamlakatimizda o‘tkaziladigan “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” mavzusidagi I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi. Forum 50 dan ortiq mamlakatdan qariyb 300 nafar olim, davlat arbobi, vazir, muftiy, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, muzey va kutubxonalar mutaxassislarini bir maydonga jamlab, islom sivilizatsiyasining ilmiy merosi, qo‘lyozmalar, madaniy diplomatiya, raqamlashtirish va akademik hamkorlik kabi masalalar bo‘yicha eng yirik xalqaro platformalardan biriga aylanishi kutilmoqda. Ya’ni besh kun ichida Samarqand, Toshkent va Termiz —dunyo ilm markaziga aylanadi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida tashkil etilgan brifingda forumning maqsad va vazifalari, xalqaro ahamiyati, ishtirokchilari hamda dasturi haqida batafsil ma’lumot berildi. Tadbirda mahalliy va xorijiy olimlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari hamda davlat idoralari vakillari ishtirok etib, mazkur forum nafaqat mamlakatimiz, balki butun musulmon olami va xalqaro ilmiy hamjamiyat hayotida muhim voqea bo‘lishini ta’kidladilar.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, uni asrab-avaylash va xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan tashabbuslari ushbu jarayonga mutlaqo yangi mazmun bag‘ishladi. Davlatimiz rahbari o‘sha nufuzli minbardan turib islom dinining asl mohiyati tinchlik, bag‘rikenglik, ilm-fan va insonparvarlikdan iborat ekanini ta’kidlab, jahon hamjamiyatini ma’rifat orqali ekstremizm va jaholatga qarshi kurashishga chaqirgan edi.
Bugun ana shu tashabbuslar amaliy natija bermoqda. Prezident g‘oyasi asosida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi, Burhoniddin Marg‘inoniy ilmiy-ma’rifiy majmuasi kabi muassasalar tashkil etildi. Mazkur muassasalar nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro ilmiy jamoatchilik tomonidan ham Markaziy Osiyodagi yirik ma’rifat maskanlari sifatida e’tirof etilmoqda.
Endilikda ushbu islohotlarning mantiqiy davomi sifatida mamlakatimiz tarixida ilk bor Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi tashkil etilmoqda. Besh kun davom etadigan mazkur nufuzli anjuman Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarini qamrab oladi hamda islom sivilizatsiyasi tarixi, qo‘lyozmalar, muzeyshunoslik, madaniy meros, hadis ilmi, aqida, kalom, arxeologiya va madaniy diplomatiya kabi dolzarb mavzular muhokama qilinadigan eng yirik xalqaro maydonlardan biriga aylanishi kutilmoqda.
Brifingda qayd etilganidek, forumda dunyoning 50 dan ortiq davlatidan qariyb 300 nafar mehmon ishtirok etadi. Ular orasida davlat va jamoat arboblari, vazirlar, muftiylar, akademiklar, mashhur islomshunos olimlar, qo‘lyozmashunoslar, muzey va kutubxonalar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari bor. Bu esa forumning haqiqiy xalqaro muloqot va akademik hamkorlik maydoniga aylanishidan dalolat beradi.
Matbuot anjumanida so‘zga chiqqan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abdulxoliqov forumning mamlakatimiz va butun musulmon olami uchun ahamiyati haqida atroflicha to‘xtaldi.
- 2017 yilda muhtaram Prezidentimiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi minbaridan turib islom ma’rifati g‘oyasini ilgari surdilar. Ushbu tashabbus orqali muqaddas dinimizning asl mohiyati — tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat ekanini butun dunyoga yetkazdilar. Keyinchalik BMT Bosh Assambleyasi tomonidan O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyusiyasi mamlakatimiz olib borayotgan siyosatga xalqaro hamjamiyat tomonidan berilgan yuksak baho bo‘ldi. Bugun tashkil etilayotgan Birinchi xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi ana shu ezgu tashabbuslarning mantiqiy va amaliy davomidir. Biz bugun shunchaki yana bir xalqaro konferensiya tashkil etayotganimiz yo‘q. Mamlakatimiz tarixida birinchi marta islom sivilizatsiyasini har tomonlama o‘rganishga bag‘ishlangan, turli davlatlar olimlari, vazirlari, muftiylari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etadigan ulkan forumga mezbonlik qilyapmiz. Bu forum nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olamining ilmiy-ma’rifiy hayotida muhim voqeaga aylanadi. Biz bu yerda faqat ma’ruzalarni eshitish uchun emas, balki kelgusida amalga oshiriladigan qo‘shma tadqiqotlar, ilmiy loyihalar va madaniy hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratamiz, — dedi Firdavs Abdulxoliqov.
Markaz direktori forumning tantanali ochilish marosimida Prezidentning ishtirokchilarga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirilishi, shuningdek, ICESCO, IRCICA, TURKSOY, Xalqaro Turkiy akademiya kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishi kutilyotganini ham ma’lum qildi.
Brifingda so‘zga chiqqan ICESCO Bosh direktori Solim al-Molik O‘zbekistonda tashkil etilayotgan forumga yuksak baho berib, uning mazmun-mohiyati faqat ilmiy anjuman bilan cheklanmasligini ta’kidladi. Uning fikricha, mazkur forum islom sivilizatsiyasining haqiqiy qiyofasini namoyon etadigan, ilm-fan, madaniyat va insoniy qadriyatlarni birlashtiradigan nufuzli xalqaro maydonga aylanadi.
– Avvalo, barchangizni samimiy muborakbod etaman. Bugungi anjuman Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Burhoniddin Marg‘inoniy kabi buyuk allomalar merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyalar munosabati bilan o‘tkazilayotgani alohida ahamiyatga ega. Bu tadbirga aynan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mezbonlik qilayotgani bejiz emas. Chunki bu markaz bugun islom sivilizatsiyasining insoniyat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasini dunyoga tanitayotgan, buyuk allomalar merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilayotgan eng muhim ma’rifat maskanlaridan biriga aylangan. Bu uch buyuk allomaning tanlangani tasodif emas. Ular islom sivilizatsiyasining uch ustuni — hadis ilmi, aqida va fiqh ilmlarini ifoda etadi. O‘zbekiston Respublikasi rahbariyatiga, hukumatiga va butun xalqiga chuqur minnatdorlik bildiraman. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan ushbu muhtasham markaz bugun nafaqat buyuk o‘tmishning yorqin timsoli, balki kelajakni qurishga xizmat qiladigan, sivilizatsiyalar va madaniyatlar o‘rtasida muloqotni mustahkamlaydigan xalqaro maydonga aylandi, — dedi ICESCO rahbari.
Tadbirda ishtirok etgan Al-Furqon Islom merosi jamg‘armasi raisi Sali Shahsuvari ham O‘zbekistonning jahon sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rniga yuqori baho berdi.
Uning ta’kidlashicha, Londonda faoliyat yuritayotgan jamg‘arma ko‘p yillardan beri islom yozma merosini tadqiq etish bilan shug‘ullanadi va O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro miqyosda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
- Men uchun yana bir bor O‘zbekistonga kelish katta baxt. Ayniqsa, ilm-ma’rifat mash’ali bo‘lgan Islom sivilizatsiyasi markazida turish men uchun alohida iftixordir. Insoniyat merosining turli qirralarini, xususan, islom merosi va o‘zbek xalqi sivilizatsiyasining boy tarixini yoritishga qaratilgan bunday tashabbuslarning bir qismi bo‘lish men uchun hamisha sharaf. O‘zbekiston qadimdan madaniyat va sivilizatsiya beshigi bo‘lib kelgan. Bu zaminda tug‘ilgan g‘oyalar bir xalq yoki bir hudud doirasida qolib ketmagan. Ular butun insoniyat taraqqiyotiga xizmat qilgan. Ilm-fan, metodologiya, turli fan sohalari va ta’lim an’analari aynan shu yerdan dunyoga tarqalgan. Bu yurt insoniyatga shunchalik katta hissa qo‘shganki, bunga teng keladigan misolni topish juda qiyin. Tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat yo‘li” mavzusi bugungi dunyo uchun nihoyatda dolzarb. Insoniyat hozir aynan shu qadriyatlarga muhtoj. Hamkorlik qilish, bir-birimizni tushunish va Yer sayyorasini barcha uchun yaxshiroq makonga aylantirishdan boshqa yo‘l yo‘q. Menimcha, aynan O‘zbekiston va Islom sivilizatsiyasi markazidan ko‘ra bu g‘oyalarni butun dunyoga yetkazish uchun munosibroq joyni topish qiyin, — dedi Sali Shahsuvari.
Matbuot anjumanida so‘zga chiqqan har bir xorijlik mehmon O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan ma’rifiy islohotlarni yuqori baholab, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xalqaro ilmiy hamkorlik uchun noyob platformaga aylanayotganini ta’kidladi.
Matbuot anjumanida ishtirok etgan Misr Arab Respublikasi “Salam” markazi direktori Muhammad Hassan islom sivilizatsiyasi tarixi haqida so‘z yuritar ekan, musulmon dunyosi bugun har qachongidan ham ko‘proq o‘zaro hamkorlik va ilm-fan atrofida birlashishi zarurligini ta’kidladi.
-Biz bugun juda muhim voqea arafasida turibmiz. O‘zbekistonda tashkil etilayotgan mazkur forum faqat bir davlat yoki bir mintaqaning tadbiri emas. Bu – butun musulmon ummati uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan xalqaro anjuman. Chunki bu yerda islom sivilizatsiyasiga oid masalalar siyosiy nuqtai nazardan emas, balki ilm-fan, tadqiqot va haqiqat nuqtai nazaridan muhokama qilinadi. Bugun ana shunday yondashuvga ehtiyoj juda katta. Bugungi kunda axborot oqimi juda tez. Afsuski, ba’zan islom haqida noto‘g‘ri tasavvurlar ham tarqalmoqda. Biz ana shunday sharoitda ajdodlarimiz qoldirgan haqiqiy ilmiy merosga tayanishimiz lozim. Imom Buxoriy, Imom Moturidiy yoki Imom Termiziy asarlarini o‘qigan inson islom dinining asosida bag‘rikenglik, adolat, hikmat va insonparvarlik yotganini anglaydi. Shu bois bu forumning ahamiyati juda katta, — dedi Hassan Muhammad.
Uning fikricha, O‘zbekiston tarixan islom ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan yurt bo‘lib, bugun ham ushbu an’analar munosib davom ettirilmoqda. Nutqi yakunida u forum tashkilotchilariga minnatdorlik bildirib, kelgusida O‘zbekiston va Misr olimlari o‘rtasidagi hamkorlik yanada mustahkamlanishiga umid bildirdi.
- Biz ushbu forumni faqat ma’ruzalar o‘qiladigan tadbir sifatida emas, balki kelgusi yillarda amalga oshiriladigan fundamental ilmiy tadqiqotlarga zamin yaratadigan platforma sifatida ko‘ryapmiz. Bugun turli davlatlardan kelayotgan olimlar qo‘lyozmashunoslik, manbashunoslik, arxeologiya, tarix va islomshunoslik sohalarida katta tajribaga ega. Ana shu salohiyatni birlashtirish orqali yangi qo‘shma ilmiy loyihalar amalga oshiriladi. Islom sivilizatsiyasini faqat o‘tmish sifatida o‘rganish to‘g‘ri emas. Bu sivilizatsiya hozirgi kunda ham ilm-fan, ta’lim, ma’naviyat va jamiyat taraqqiyoti uchun muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun konferensiyalarda ajdodlar merosini zamonaviy ilm bilan uyg‘unlashtirish, raqamlashtirish va yosh avlodga yetkazish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi, — dedi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi birinchi o‘rinbosari Davronbek Maqsudov.
Matbuot anjumanida so‘zga chiqqan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuhamedov forumning amaliy ahamiyati haqida to‘xtalib, mazkur anjuman natijalari kelgusi yillarda xalqaro hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berishini ta’kidladi.
- Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda madaniy merosni asrash va o‘rganish sohasida mutlaqo yangi tizim shakllandi. Ilgari asosan mavjud qo‘lyozmalarni saqlash haqida ko‘proq gapirilar edi. Bugun esa ularni ilmiy tadqiq qilish, raqamlashtirish, xorijda saqlanayotgan nusxalarni yurtimizga qaytarish, akademik nashrlarini tayyorlash va butun jahon olimlari uchun ochiq ilmiy manbaga aylantirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Birinchi Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi ana shu ishlarga yangi sur’at bag‘ishlaydi. Bugun biz dunyoning eng nufuzli kutubxonalari, muzeylari, arxivlari va tadqiqot markazlari bilan hamkorlik qilmoqdamiz. Forum kunlarida bir qator memorandumlar, qo‘shma tadqiqotlar bo‘yicha kelishuvlar va “yo‘l xaritalari” imzolanishi rejalashtirilgan. Bu esa O‘zbekistonning xalqaro ilmiy maydondagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi, — dedi Komiljon Shermuhammedov.
Birinchi Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan ma’rifat, diniy bag‘rikenglik va madaniyatlararo muloqot g‘oyalarining xalqaro miqyosdagi amaliy ifodasi sifatida tarixga kirmoqda. Forum orqali O‘zbekiston o‘zini nafaqat buyuk ajdodlar yurti, balki ular qoldirgan bebaho merosni ilmiy asosda o‘rganish, asrab-avaylash va butun insoniyat manfaati yo‘lida targ‘ib qilishga qodir davlat sifatida yana bir bor namoyon etmoqda.
Eng muhimi, mazkur anjuman o‘tmishga nazar tashlash bilan cheklanmaydi. U kelajakka xizmat qiladi. Chunki bu yerda muhokama qilinadigan g‘oyalar, qabul qilinadigan qarorlar, imzolanadigan kelishuvlar va boshlanadigan qo‘shma ilmiy tadqiqotlar islom sivilizatsiyasining boy ma’naviy merosini yangi avlodlarga yetkazish, xalqlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shu ma’noda, Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida bo‘lib o‘tadigan Birinchi Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi nafaqat O‘zbekistonning ilmiy-ma’rifiy hayotida, balki butun musulmon olami va xalqaro akademik hamjamiyat tarixida yangi sahifa ochadigan muhim voqealardan biri sifatida e’tirof etilishi shubhasiz.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.