

Yangiliklar
“I XALQARO ISLOM SIVILIZATSIYASI FORUMI: TINCHLIK VA BAG‘RIKENGLIK VA ILM-MA’RIFAT YO‘LI” NOMLI XALQARO FORUM DOIRASIDA “ISLOM NURI DURDONALARI” KO‘RGAZMASI O‘TKAZILDI
6 iyul kuni “I xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi: tinchlik va bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” nomli xalqaro forum doirasida “Islom nuri durdonalari” ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
Yangi O‘zbekistonda keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda buyuk mutafakkir ajdodlarimiz qoldirgan boy ilmiy-ma’naviy merosni chuqur o‘rganish, uning global ahamiyatini ochib berish, islom sivilizatsiyasining haqiqiy insonparvarlik mohiyatini jahon hamjamiyatiga yetkazish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Islom dinining tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat g‘oyalarini jahon hamjamiyatiga yetkazish nafaqat muayyan bir davlatning, balki butun musulmon olamining umumiy vazifasiga aylanmoqda. O‘zbekiston esa ana shu xalqaro hamkorlikning tashabbuskori sifatida maydonga chiqmoqda. Zotan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ta’kidlaganidek, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan ilmiy-ma’naviy merosni chuqur o‘rganish, uni yoshlar tarbiyasi va jamiyat taraqqiyotiga xizmat qildirish Yangi O‘zbekistonning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi yuragi bo‘lmish Qur’on zalida ochilgan “Islom nuri durdonalari” ko‘rgazmasining asosiy maqsadi ham islom sivilizatsiyasining jahon ilm-fani, madaniyati va ma’naviyati taraqqiyotiga qo‘shgan beqiyos hissasini namoyon etishdan iborat.
Ko‘rgazma orqali O‘zbekiston hududida shakllangan boy islomiy meros, buyuk allomalarning ilmiy va ma’naviy merosi, noyob qo‘lyozmalar, Qur’on nusxalari, xattotlik, miniatyura san’ati, amaliy bezak san’ati hamda madaniy boyliklar zamonaviy muzey texnologiyalari asosida taqdim etildi.
“Islom – ilm, ma’rifat va tinchlik dini” g‘oyasi asos qilib olingan ko‘rgazma ekspozitsiya mehmonlarni islom sivilizatsiyasining shakllanishi, uning jahon sivilizatsiyasiga ta’siri hamda Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonning ushbu jarayondagi o‘rni bilan tanishtiradi.
Ko‘rgazmadan Ka’baning eshik qismi kisvasi va uning atrofida XIX – XX asrlarga tegishla bo‘lgan, “Alloh” va “Muhammad” yozuvli panno, Ka’ba kisvasidan olingan kalligrafik panel-“Hizam” va Ka’bapo‘sh (Kisva) lar joy olgan. Bu o‘z navbatida Qur’on zali ahamiyati va ulug‘vorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Ko‘rgazmada shuningdek, 1900-yilda tayyorlangan, payg‘ambar alayhissalom qabrlaridan olingan yashil ipakdan tayyorlangan katta maqbara yopqichi, “Maqomi Ibrohim”, XIX asrga oid “Mahmil” namoyish etildi.
Qur’oni karim zalining Qo‘qon portalidan kirish qismida esa “Usmon mus’hafi”ni O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, xususan “Qur’oni karim zali”ga yetib kelish tarixiga oid fotosuratlar ko‘rgazmasi ham namoyish etildi.
Tadbir davomida Prezident administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamentining boshlig‘i Muzaffar Kamilov so‘zga chiqdi.
- Yangi O‘zbekistonda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev janobi oliylarining shaxsan tashabbuslari va rahbarliklarida bunyod etilgan ushbu muazzam – bizning qadriyatimiz, ming yillik ilm-fan, taraqqiyot, islomiy madaniyat va tafakkur taraqqiyoti va rivojini o‘zida mujassam etgan Islom sivilizatsiyasi markazining qalbi bo‘lgan – Qur’oni karim zalida siz azizlarni ko‘rib turganimizdan bag‘oyat mamnunmiz.
Haqiqatdan ham bugun dunyoning eng yirik va oliy minbarlaridan turib ham Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va shu kabi buyuk allomalarimizning ismlari va ilmiy merosini dunyoga taqdim etayotgan O‘zbekiston Prezidenti bugun islomning renessans, tamaddun, uyg‘onish davrlarini o‘z ichiga olgan ushbu muhtasham megaloyihaning asoschisidir. Taqdimotda guvohi bo‘lganimiz va bu yerda jam bo‘lgan ushbu sermazmun, juda katta bir ko‘rgazmaning ham mazmun-mohiyati islom tinchlik, ma’rifat dini va bu bugun insoniyat uchun juda muhim ekanligini, albatta, shu orqali yosh avlodni tarbiyalashda islom ma’rifati eng to‘g‘ri yo‘l ekanligini ko‘rsatib berishdir, – dedi Muzaffar Kamilov.
Shundan so‘ng O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, O‘zbekiston-Saudiya do‘stlik jamiyati raisi Firdavs Abduxoliqov ham yurtimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida olib borilayotgan diniy-ma’rifiy islohotlarga alohida to‘xtaldi:
- Yangi O‘zbekistonda hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatda buyuk mutafakkir ajdodlarimiz qoldirgan boy ilmiy-ma’naviy merosni chuqur o‘rganish, uning global ahamiyatini ochib berish, islom sivilizatsiyasining haqiqiy insonparvarlik mohiyatini jahon hamjamiyatiga yetkazish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.
Mamlakatimizning uzoq ilmiy-tarixiy davrida xalqimizning intellektual salohiyati tufayli yaratilgan nodir madaniy meros namunalari turli sabablar bilan yurtimizdan olib chiqib ketilgan. Faqat yangi O‘zbekiston davrida, hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari va doimiy e’tiborlari bilan milliy g‘ururimiz timsoli bo‘lgan buyuk merosimiz namunalari vatanimizga qayta boshladi. Bugun ko‘rgazmaga qo‘yilgan zarhal simli islom san’ati eksponatlari aynan hurmatli Prezidentimizning tarixiy merosni qaytarish bo‘yicha olib borayotgan siyosatlari mahsulidir.
Saudiya Arabistoni podshohligining Jidda shahrida joylashgan Islom san’ati muzeyi ushbu ko‘rgazma uchun islom tarixidan olingan noyob qo‘lyozmalar, ilmiy va ma’naviy meros namunasi bo‘lgan kitoblar, xattotlik san’ati, madaniy meros ashyolarini Markazimizga taqdim etdi. Fursatdan foydalanib, Jidda shahrida joylashgan Islom san’ati muzeyi rahbariyati va barcha ilmiy-ijodiy xodimlarga O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi nomidan chuqur minnatdorchilik bildiramiz, – dedi Markaz direktori.
Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni Podshohligining Jidda shahrida joylashgan, “Islom san’ati” muzeyidan ushbu ko‘rgazma uchun maxsus keltirilgan, islom tarixi bilan bog‘liq noyob qo‘lyozmalar, ilmiy va ma’naviy meros namunalari bo‘lgan kitoblar, eksponatlar, madaniy meros ashyolari, xususan: “Muhammad (s.a.v) namozlari zikriga” bag‘ishlangan hamda Qur’ondan bir necha suralar keltirilgan asar, muallifi Imomzoda al Haj Muhammad “Daloil al xayrot” va “Al hizb al A’zam” asarlaridan iborat duo kitobi, Saljuqiylar davri (XII asr)ga oid Qur’on qo‘lyozmasidan varaq, “Tavba” surasining 70–71-oyatlari yozilgan Qur’on parchasi, Suls xatida ko‘chirilgan Qur’on parchasi (“Ahzob surasi” 41-43 oyatlari), Kufiy xat turida ko‘chirilgan Qur’on parchasi, VII asrga mansub “Katta Langar Qur’oni”ning faksimil nashri, “Baqara” surasining 255-oyatlari yozilgan Qur’on parchasi, “Ibrohim” surasi 40-oyat yozilgan Qur’on parchasi, G‘ubor xatida yozilgan kalligrafik lavha, 1670-yil Muhammad Taqiy ibn Muhammad Ali Davlatobodiy tomonidan imzolangan Qur’on, XVII asrga tegishli Qur’on, bulardan tashqari mo‘g‘ullar davriga oid Qulf va kalit, Makka shahridagi Masjidul Haromning panjara qismida ishlatilgan mis parchasi kabi islom san’atiga tegishli bo‘lgan me’morchilik, amaliy san’at, xattotlik, miniatyura, kulolchilik, zargarlik, namunalari kabi artefaktlar namoyish etilgani mehmonlarda katta taassurot uyg‘otdi.
Bir so‘z bilan aytganda, “Islom nuri durdonalari” ko‘rgazmasi Islom sivilizatsiyasining boy ilmiy va madaniy merosini zamonaviy muzey ekspozitsiyasi orqali namoyon etuvchi nufuzli xalqaro madaniy loyiha bo‘lib, forumning “Tinchlik va bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” mavzusini mazmunan boyitadi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.