

Yangiliklar
“I XALQARO ISLOM SIVILIZATSIYASI FORUMI: TINCHLIK, BAG‘RIKENGLIK VA ILM-MA’RIFAT YO‘LI”
PRЕSS-RЕLIZ
Bugun Yangi O‘zbekistonda buyuk ajdodlarimiz ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, islom sivilizatsiyasining insonparvarlik, tinchlikparvarlik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil sentyabrь oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan tashabbuslari islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va keng targ‘ib etish borasida yangi bosqichni boshlab berdi.
Jumladan, Markaziy Osiyo Uyg‘onish davri allomalarining jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasini namoyon etish, Imom Buxoriy kabi buyuk muhaddislar ilmiy merosini asrab-avaylash va o‘rganish, shuningdek, “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” tamoyillarini xalqaro miqyosda ilgari surishga qaratilgan mazkur tashabbuslar bugun izchil amalga oshirilmoqda.
Islom dinining tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat g‘oyalarini jahon hamjamiyatiga yetkazish nafaqat muayyan bir davlatning, balki butun musulmon olamining umumiy vazifasiga aylanmoqda. O‘zbekiston esa ana shu xalqaro hamkorlikning tashabbuskori sifatida maydonga chiqmoqda. Zotan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ta’kidlaganidek, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan ilmiy-ma’naviy merosni chuqur o‘rganish, uni yoshlar tarbiyasi va jamiyat taraqqiyotiga xizmat qildirish Yangi O‘zbekistonning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va uni jahon hamjamiyatiga keng tanitish maqsadida mamlakatimizda Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi kabi yirik ma’rifiy va ilmiy-ma’naviy maskanlar barpo etildi. Bugungi kunda mazkur majmualar nafaqat milliy ma’naviy hayotimizning muhim markazlari, balki xalqaro ilmiy hamkorlik, tadqiqot va ma’rifat almashinuvi uchun muhim platforma sifatida shakllanib bormoqda.
Ana shu ezgu maqsadlarning mantiqiy davomi sifatida joriy yilning 7-11 iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida “I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” xalqaro forumi tashkil etilmoqda.
Mazkur nufuzli anjuman O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, Imom Moturidiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi hamda Islom olami ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti – ICESCO hamkorligida tashkil etilmoqda.
Forumda 50 dan ortiq mamlakatdan davlat va jamoat arboblari, vazirlar, muftiylar, yetuk ulamolar, akademiklar, tadqiqotchilar, muzey va kutubxona rahbarlari, xalqaro tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Umuman, tadbir doirasida 300 ga yaqin xorijiy olimlar, siyosat, madaniyat va din arboblari kelishi rejalashtirilgan.
Xususan, tadbirda ICESCO Bosh direktori doktor Salim al-Malik, Islom olami uyushmasi Bosh kotibi Muhammad al-Iso, Iordaniya shahzodasi Hasan bin Talol, Rossiya musulmonlari muftiysi Ravilь Gaynutdin, Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev, TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, IRSICA Bosh direktori Mahmud Erol Qilich, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi Shayxulislom Olloshukur Poshshozoda va boshqa ko‘plab nufuzli mehmonlarning ishtiroki ko‘zda tutilgan.
Ta’kidlash joizki, “I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm–ma’rifat yo‘li”ning asosiy maqsadi – islom sivilizatsiyasining haqiqiy mazmun-mohiyatini ochib berish, uning ilm-fan, madaniyat va ma’naviy taraqqiyotga qo‘shgan ulkan hissasini namoyon etish, shuningdek, zamonaviy dunyoda tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat g‘oyalarini keng targ‘ib qilishdan iborat.
Forum, shuningdek, O‘zbekistonning boy tarixiy va ilmiy merosini xalqaro ilmiy jamoatchilikka tanitish, Islom sivilizatsiyasi markazini global ilmiy-ma’rifiy platforma sifatida namoyon etish hamda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini keng yoritishga xizmat qiladi.
Mazkur tadbir davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy yilda BMTning Nyu-York va Jeneva shaharlaridagi qarorgohlarida, shuningdek, YUNESKOning Parijdagi ofisida islom sivilizatsiyasi va ajdodlarimiz merosiga bag‘ishlab o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan maxsus taqdimotlar uchun muhim tayyorgarlik bosqichi ham hisoblanadi.
Forumning asosiy tadbirlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi. Tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining forum ishtirokchilariga tabrigi o‘qib eshittiriladi.
Anjuman doirasida 11 ta yalpi majlis tashkil etilib, ularda:
◾️Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro ilmiy-ma’rifiy platforma sifatidagi o‘rni;
◾️Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar;
◾️Uchinchi Renessans g‘oyalari va uning ma’naviy asoslari;
◾️turkiy xalqlarning islom sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi;
◾️hadis, fiqh, kalom va ilohiyot sohalaridagi ilmiy meros;
◾️qo‘lyozmalarni saqlash, o‘rganish va raqamlashtirish masalalari;
◾️islom san’ati va madaniy meros tadqiqotlarining istiqbollari;
ta’lim va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi ahamiyati kabi masalalar muhokama qilinadi.
Forumning asosiy ish kunidan bir qancha media voqealar va taqdimotlar ham o‘rin olgan. Jumladan:
◾️«O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi: meros, ilm-fan va ma’rifatning global platformasi».
◾️IRCICA bilan hamkorlikda nashr etilayotgan "Shavkat Mirziyoyev — ma’rifatparvar yo‘lboshchi" kitob-alьbomi taqdimoti.
◾️«Qardoshlik va ittifoqchilikning oliy nuqtasi» kitob-alьbomi taqdimoti.
◾️«Sahih al-Buxoriy – “Ummat kitobi”» kitob-alьbomi taqdimoti.
◾️«Mangu do‘stlik, ilmiy hamkorlik, ma’rifiy kelajak: IRSIKA va O‘zbekiston yo‘li» kitob-alьbomi taqdimoti.
◾️«Islom sivilizatsiyasining ilmiy atlasi» yangi nashri anonsi.
◾️«Abu Iso at-Termiziy. Payg‘ambarning fazilatlari» kitobi taqdimoti.
◾️Katta Langar Qur’onining ikkinchi nashri loyihasi anons-taqdimoti.
◾️Rossiya milliy kutubxonasi to‘plamidagi «Marsel kolleksiyasi»ning faksimile nashri loyihasi anons-taqdimoti.
◾️«114 Qur’on», «Katta langar Qur’oni», «O‘zbekiston Qur’onlari» nomli nashr loyihalari taqdimoti.
◾️«Allohning 99 go‘zal ismi» nashri taqdimoti.
◾️«INKSIGHT AI – arab yozuvidagi qo‘lyozma matnlarni tanish va o‘qish uchun intellektual modelь» taqdimoti.
◾️«Tarixiy shaxslarning raqamli qiyofalari» raqamli loyihasi taqdimoti.
◾️«Teng imkoniyatlar muzeyi: raqamli makonda ishora tili» inklyuziv loyihasi taqdimoti.
◾️«Chegarasiz muzey: tarixiy-madaniy meros dunyosiga sayohat» virtual loyihasi taqdimoti.
◾️«O‘zbekistondan dunyoga 1001 ixtiro» ko‘chma bolalar ko‘rgazmasi yangi loyihasi taqdimoti.
◾️O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining zamonaviy tahliliy laboratoriyasi taqdimoti.
◾️«Merosning qaytishi: YXHT ko‘magida madaniy boyliklarni repatriatsiya qilish dasturi» taqdimoti singari kun voqealari bo‘lishi kutilmoqda.
Forumning yakuniy yalpi majlisida islom sivilizatsiyasi sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan yangi tashabbuslar muhokama qilinib, kelgusi hamkorlik yo‘nalishlari belgilab beriladi.
Forum doirasida buyuk allomalar merosiga bag‘ishlangan to‘rtta xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkaziladi.
Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasida “Imom al-Buxoriyning «Al-Jomi’ as-Sahih» asari – Ummat kitobi” mavzusidagi konferensiya tashkil etiladi. Unda Imom Buxoriyning ilmiy merosi, hadislarni saralash mezonlari, “Sahih al-Buxoriy” asarining jahon ilm-fanidagi o‘rni va ahamiyati muhokama qilinadi.
“Imom Moturidiy merosi – islom sivilizatsiyasining mo‘’tadillik va aql-idrok poydevori” mavzusidagi konferensiyada Imom Moturidiy ta’limoti, moturidiylik maktabi ulamolarining ilmiy merosi hamda mazkur ta’limotning bugungi kundagi ahamiyati haqida fikr almashiladi.
Termiz shahrida bo‘lib o‘tadigan “Termiz hadis maktabi: allomalar merosi va zamonaviy tadqiqotlar” mavzusidagi konferensiyada Imom Termiziy va Termiz hadisshunoslik maktabining ilmiy ahamiyati, termizlik ulamolar merosi hamda zamonaviy tadqiqotlar natijalari taqdim etiladi.
Forum ishtirokchilari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzey ekspozitsiyasi, Imom Buxoriy innovatsion muzeyi bilan tanishadi, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Hakim Termiziy, Sulton Saodat va Mahdumi A’zam ziyoratgohlariga tashrif buyuradi.
Tadbirlar doirasida noyob qo‘lyozmalar va tarixiy artefaktlar ko‘rgazmalari, ilmiy taqdimotlar, madaniy dasturlar va rasmiy uchrashuvlar o‘tkaziladi.
Forum yakunida Islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish va targ‘ib qilish sohasida xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish, ilmiy muassasalar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, qo‘lyozmalarni saqlash va raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan tashabbuslar ilgari suriladi.
Shuningdek, forum yakunida I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumining Toshkent deklaratsiyasi qabul qilinishi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini 2027-2030 yillarda rivojlantirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni qabul qilish, xalqaro tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot markazlari va madaniy muassasalar o‘rtasida hamkorlik memorandumlari hamda kelishuvlar imzolanishi rejalashtirilgan.
Forumning asosiy voqeasi sifatida anjuman qatnashchilari nomidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaat yo‘llanishi ko‘zda tutilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi O‘zbekistonning boy tarixiy va ilmiy merosini jahon hamjamiyatiga yanada keng tanitish, sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash hamda islomning tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifatga asoslangan ezgu qadriyatlarini keng targ‘ib qilishga xizmat qiladigan muhim xalqaro maydonga aylanadi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.