“I xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li”
xalqaro tadbirining 2-kuni uchun
PRESS-RELIZ
Toshkent shahrida “I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” xalqaro forumi o‘z ishini boshladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning I Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi ishtirokchilariga yo‘llagan MUROJAATIni Prezident maslahatchisi Xayriddin Sultonov o‘qib eshittirdi.
Prezidentimiz forum ishtirokchilariga yo‘llagan Murojaatida qayd etilganidek: “Yurtimiz tarixida amalga oshirilgan, Birinchi va Ikkinchi Renessans deb nom olgan buyuk yuksalish davrlarida erishilgan noyob ilmiy-madaniy yutuqlar hozirgi kunda ham insoniyatni yangi marralar sari ruhlantirib kelmoqda. Bugungi kunda Yangi O‘zbekiston jahon hamjamiyati bilan hamkorlikda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo‘lidan qat’iyat bilan bormoqda.”
Dunyoning qirqdan ortiq mamlakatlaridan tashrif buyurgan taniqli olimlar, nufuzli xalqaro tashkilotlarning vakillari, davlat va jamoat arboblari, madaniyat va diniy konfessiyalar namoyandalari ishtirok etayotgan ushbu anjumanning O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilayotgani chuqur tarixiy va ramziy ma’noga ega. Bu yirik xalqaro tadbir jahon hamjamiyatining islom sivilizatsiyasiga, uning boy ma’naviy, ilmiy va madaniy merosiga qiziqish va e’tibori ortib borayotganidan dalolat beradi.
Eslatib o‘tamiz, “I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” xalqaro forumining birinchi kunida ICESCO Bosh direktori doktor Solim al-Molik, Islom olami uyushmasi Bosh kotibi Muhammad al-Iso, Iordaniya shahzodasi Hasan bin Talol, Rossiya musulmonlari muftiysi Ravil Gaynutdin, Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev, TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, IRSICA Bosh direktori Mahmud Erol Qilich, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi Shayxulislom Olloshukur Poshshozoda va boshqa ko‘plab nufuzli mehmonlar forum O‘zbekistonning boy tarixiy va ilmiy merosini xalqaro ilmiy jamoatchilikka tanitish, Islom sivilizatsiyasi markazini global ilmiy-ma’rifiy platforma sifatida namoyon etish hamda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini keng targ‘ib qilishga xizmat qiluvchi platformaga aylanganini ta’kidladilar.
Forumning ikkinchi kuni “I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi” islom sivilizatsiyasining haqiqiy mazmun-mohiyatini ochib berish, uning ilm-fan, madaniyat va ma’naviy taraqqiyotga qo‘shgan ulkan hissasini namoyon etish, shuningdek, zamonaviy dunyoda tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat g‘oyalarini keng targ‘ib qilishdan iboratligini namoyon qildi.
Jumladan, ikkinchi ish kunidan bir qancha media voqealar va taqdimotlar ham o‘rin oldi. «O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi: meros, ilm-fan va ma’rifatning global platformasi» taqdimoti o‘tkazildi. Uni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov taqdim qildi. Taqdimotda ushbu Forum islom dunyosining boy ilmiy va ma’naviy merosini o‘rganish, uni jahon hamjamiyatiga keng namoyon etish hamda sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot va hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladigan muhim xalqaro maydon ekani ta’kidlandi.
Kunning asosiy voqealaridan biri IRCICA bilan hamkorlikda nashr etilayotgan "Shavkat Mirziyoyev — ma’rifatparvar yo‘lboshchi" kitob-albomi taqdimoti o‘tkazilgani bo‘ldi. Taqdimotda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining bosh minbarlaridan ilgari surgan tashabbuslari islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va keng targ‘ib etish borasida yangi bosqichni boshlab bergani qayd etildi. Jumladan, Markaziy Osiyo uyg‘onish davri allomalarining jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissasini namoyon etish, Imom Buxoriy kabi buyuk muhaddislar ilmiy merosini asrab-avaylash va o‘rganish, shuningdek, ma’rifat va diniy bag‘rekenglik tamoyillarini xalqaro miqyosda ilgari surishga qaratilgan tashabbuslar bugun izchil amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Tadbirda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU )bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan bir qator noshirlik loyihalarining ham taqdimotlari o‘tkazildi.
Xususan, «O‘zbekistonda saqlanayotgan nodir Qur’on qo‘lyozmalari», «Jahonning 114 nodir Qur’on qo‘lyozmasi», «Katta Langar Qur’oni: tarix va haqiqat» nashrlari taqdimoti ana shu ulkan ilmiy-ma’rifiy jarayonning muhim natijasidir.
Bu nashrlarning mohiyati shundaki, ular Qur’oni karim qo‘lyozmalarini faqat muqaddas yodgorlik sifatida emas, balki tarix, xattotlik, kitobat san’ati, qog‘ozshunoslik, pergamentshunoslik, madaniy aloqalar va sivilizatsion xotira manbai sifatida o‘rganadi.
Birinchi kitob — «O‘zbekistonda saqlanayotgan nodir Qur’on qo‘lyozmalari» yurtimiz fondlarida saqlanayotgan Qur’oni karim qo‘lyozmalarini ilk bor yaxlit ilmiy tizimda jamlashga qaratilgan.
Ushbu kitobda muzeylar, kutubxonalar, ilmiy muassasalar va diniy tashkilotlarda saqlanayotgan nusxalar haqida ma’lumotlar jamlangan. Har bir qo‘lyozmaning tarixi, kitobat qilingan davri, xat uslubi, qog‘oz yoki pergament xususiyatlari, bezaklari, saqlanish joyi va ilmiy tavsifi berilgan.
Ikkinchi kitob — «Jahonning 114 nodir Qur’on qo‘lyozmasi» esa O‘zbekiston doirasidan chiqib, Qur’on qo‘lyozmalari tarixini jahon miqyosida ko‘rsatadi. Ushbu nashrda dunyoning eng mashhur muzeylari, kutubxonalari va ilmiy markazlarida saqlanayotgan nodir Qur’on qo‘lyozmalari haqida ma’lumotlar jamlangan.
Ular orasida hazrati Usmon mushaflari, Sano qo‘lyozmasi, Parij kodeksi, Birmingem parchalari, To‘pqopi mushafi, Moviy Qur’on, Ibn al-Bavvob Qur’oni, shuningdek, yurtimiz tarixi bilan bog‘liq Katta Langar Qur’oni kabi islom qo‘lyozma madaniyatining eng muhim namunalari bor.
Uchinchi kitob — «Katta Langar Qur’oni: tarix va haqiqat» alohida ahamiyatga ega. Chunki bu nashr faqat bitta qo‘lyozma haqidagi kitob emas, balki bir nodir mushafning taqdiri, uning yo‘qolgan va topilgan sahifalari, ilmiy bahslar, radiokarbon tahlillar, saqlanish manzillari va tarixiy haqiqatini tiklashga qaratilgan tadqiqotdir.
Ushbu kitobning eng muhim jihati shundaki, unda hozircha ma’lum bo‘lgan barcha sahifalar ilk bor bir butun tartibda jamlangan. Qaysi sahifa qayerda saqlanayotgani, ularda qaysi sura va oyatlar borligi, xat uslubi, material birligi, matndagi tuzatishlar va saqlanish tarixi ilmiy asosda yoritilgan.
Shuningdek, forumning ikkinchi kunidan o‘rin olgan Iroqlik publitsist yozuvchi Ahmad Jasim Zubaydiyning «Yangi O‘zbekiston: tinchlik, insonparvarlik va bag‘rikenglik diyëri» kitob-alьbomi taqdimoti, xalqaro jurnalist Valeriy Biryukovning «Shavkat Mirziyoyev – jahon miqiyosidagi davlat va siyosat arbobi» kitob-alьbomi taqdimoti, pokistonlik jurnalist Muhammad Abbos Xonning «O‘zbekiston: Uchinchi Renessans – taraqqiyot konsepti» asari taqdimoti yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
- «Qardoshlik va ittifoqchilikning oliy nuqtasi» kitob-albomi taqdimoti.
- «Sahih al-Buxoriy – “Ummat kitobi”» kitob-albomi taqdimoti.
- «Mangu do‘stlik, ilmiy hamkorlik, ma’rifiy kelajak: IRSIKA va O‘zbekiston yo‘li» kitob-albomi taqdimoti.
- «Islom sivilizatsiyasining ilmiy atlasi» yangi nashri anonsi.
- «Abu Iso at-Termiziy. Payg‘ambarning fazilatlari» kitobi taqdimoti.
- Rossiya milliy kutubxonasi to‘plamidagi «Marsel kolleksiyasi»ning faksimile nashri loyihasi anons-taqdimoti.
- «Allohning 99 go‘zal ismi» nashri taqdimoti.
- «INKSIGHT AI – arab yozuvidagi qo‘lyozma matnlarni tanish va o‘qish uchun intellektual model» taqdimoti.
- «Tarixiy shaxslarning raqamli qiyofalari» raqamli loyihasi taqdimoti.
- «Teng imkoniyatlar muzeyi: raqamli makonda ishora tili» inklyuziv loyihasi taqdimoti.
- «Chegarasiz muzey: tarixiy-madaniy meros dunyosiga sayohat» virtual loyihasi taqdimoti.
- «O‘zbekistondan dunyoga 1001 ixtiro» ko‘chma bolalar ko‘rgazmasi yangi loyihasi taqdimoti.
- O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining zamonaviy tahliliy laboratoriyasi taqdimoti.
- «Marselь kolleksiyasi»ning faksimile nashri loyihasi anons-taqdimoti.
- «Merosning qaytishi: YXHT ko‘magida madaniy boyliklarni repatriatsiya qilish dasturi» taqdimoti singari kun voqealari forumning madaniy muloqot maydoni sifatidagi ahamiyatini yanada oshirdi.
Forumning ikkinchi kun yakunida Islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish va targ‘ib qilish sohasida xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish, ilmiy muassasalar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, qo‘lyozmalarni saqlash va raqamlashtirish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot markazlari va madaniy muassasalar o‘rtasida hamkorlik memorandumlari hamda kelishuvlar imzolandi.
Shuningdek, I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumining Toshkent deklaratsiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini 2027-2030 yillarda rivojlantirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» kabi muhim hujjatlar qabul qilindi.
Forumning asosiy voqeasi sifatida esa anjuman ishtirokchilarining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaati yo‘llanishi bo‘ldi.
I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumining bir guruh mehmonlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bir so‘z bilan aytganda, I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi O‘zbekistonning boy tarixiy va ilmiy merosini jahon hamjamiyatiga yanada keng tanitish, sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash hamda islomning tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifatga asoslangan ezgu qadriyatlarini keng targ‘ib qilishga xizmat qiladigan muhim xalqaro maydonga aylanmoqda.


