“Infora News”: O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi merosini xalqaro muloqot maydoniga aylantirmoqda
InforaNews nashrining yozishicha, Toshkentda 40 dan ortiq mamlakatdan kelgan 300 ga yaqin olim, davlat va din arboblari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirokida «Tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat yo‘li» mavzusidagi I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi o‘z ishini boshladi. Nashr forumni islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, madaniy merosni asrash va raqamlashtirish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiluvchi nufuzli muloqot maydoni sifatida baholadi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida «Tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat yo‘li» mavzusidagi I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi o‘z ishini boshladi. 7–11 iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida o‘tkaziladigan mazkur forum O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Imom Moturidiy, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Islom dunyosi ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) hamkorligida tashkil etildi.
Forumning ochilish marosimida 50 dan ortiq mamlakatdan tashrif buyurgan qariyb 300 nafar xorijiy mehmon ishtirok etmoqda. Ular orasida xalqaro tashkilotlar rahbarlari, davlat va jamoat arboblari, vazirlar, muftiylar, akademiklar, islomshunos olimlar, qo‘lyozmalar merosi bo‘yicha mutaxassislar, muzeylar, kutubxonalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari bor.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Xayriddin Sultonov forum ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tabrik murojaatini o‘qib eshittirdi.
Forumda ICESCO Bosh direktori Solim Al-Molik, IRCICA Bosh direktori Mahmud Erol Qiliq, TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, Xalqaro Turkiy akademiya prezidenti Shahin Mustafayev, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, ilmiy doiralar va O‘zbekiston hamda boshqa mamlakatlar diniy arboblari ishtirok etmoqda.
Forum doirasida islom sivilizatsiyasi tarixi, hadisshunoslik, kalom ilmi, qo‘lyozmalar merosini o‘rganish, arxeologiya, muzeyshunoslik, madaniy merosni muhofaza qilish, raqamlashtirish, madaniy diplomatiya hamda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlar muhokama qilinmoqda.
Dasturdan ICESCO, IRCICA va boshqa xalqaro hamkorlar bilan birgalikda tayyorlangan yangi ilmiy nashrlar hamda qo‘shma loyihalar taqdimotlari ham o‘rin olgan. Shuningdek, xalqaro ilmiy va madaniy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan memorandumlar va bitimlarni imzolash ham rejalashtirilgan.
Forumning muhim qismlaridan biri Samarqand va Termiz shaharlarida Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy merosiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy konferensiyalar bo‘ladi. Ularda olimlar hadisshunoslik, islom tafakkuri, qo‘lyozmalarshunoslik hamda madaniy merosni asrash masalalarini atroflicha muhokama qiladilar.


