Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi «Tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat yo‘li»

DEKLARATSIYA

Biz, 2026 yil 7–8 iyul kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi ishtirokchilari, 2017-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi minbaridan ilgari surilgan, islom sivilizatsiyasining insonparvarlik merosini tiklash, ilmiy o‘rganish va keng targ‘ib qilishga qaratilgan tarixiy tashabbus uchun chuqur minnatdorlik bildiramiz. Mazkur tashabbusning amaliy ifodasi sifatida O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilishi va I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumining o‘tkazilishi islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish sohasida xalqaro hamkorlikning yangi bosqichiga asos soldi.

◾️Tinchlik, bag‘rikenglik, ma’rifat, madaniyatlararo va dinlararo muloqot tamoyillariga tayangan holda;

◾️islom sivilizatsiyasining jahon ilm-fani, ta’lim, san’at, me’morchilik hamda axloqiy-ma’naviy tafakkur rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini ta’kidlab;

◾️jaholat, ekstremizm, ksenofobiya, islomofobiya va islom merosi haqidagi buzib ko‘rsatilgan tasavvurlarga qarshi kurashish zarurligini e’tirof etib;

◾️diniy va madaniy merosni ilmiy asosda o‘rganish xalqaro ishonchni mustahkamlash hamda barqaror taraqqiyotni ta’minlashda tobora muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidlab;

O‘zbekiston va butun tarixiy Movarounnahrning islom hamda jahon sivilizatsiyasining shakllanishi va taraqqiyotidagi tarixiy o‘rnini e’tirof etgan holda, mazkur Deklaratsiyani qabul qilamiz.

Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumining global tashabbuslari

Islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish sohasida yangi xalqaro hamkorlik arxitekturasini shakllantirish maqsadida I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi ishtirokchilari quyidagi global tashabbuslarni ilgari suradi:

1. Jahon Islom sivilizatsiyasi alьyansi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi negizida xalqaro tashkilotlar, ilmiy va ta’lim muassasalari, fanlar akademiyalari, muzeylar, kutubxonalar, arxivlar, islom qo‘lyozmalari markazlari, tadqiqot institutlari hamda boshqa ixtisoslashgan tashkilotlarni birlashtiruvchi Jahon Islom sivilizatsiyasi alьyansini tashkil etish.

Alьyansning asosiy maqsadi uzoq muddatli xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma ilmiy, ta’limiy, madaniy, muzey va raqamli loyihalarni amalga oshirish, bilim va ilg‘or tajriba almashinuvini rag‘batlantirish, shuningdek, islom sivilizatsiyasining jahon madaniy va intellektual merosining ajralmas qismi sifatidagi bunyodkorlik salohiyatini asrash, ilmiy o‘rganish, ommalashtirish va keng namoyon etishga qaratilgan sa’y-harakatlarni birlashtirishdan iborat.

2. Islom sivilizatsiyasi merosining Jahon raqamli reyestri.

Qo‘lyozmalar, arxiv materiallari, muzey kolleksiyalari, me’moriy yodgorliklar, nomoddiy madaniy meros obyektlari va ilmiy tadqiqotlar natijalarini birlashtiruvchi yagona xalqaro raqamli platformani ishlab chiqish.

3. «Islom sivilizatsiyasibutun insoniyat boyligi» xalqaro dasturi.

Islom sivilizatsiyasining jahon ilm-fani, madaniyati va ma’rifati rivojiga qo‘shgan hissasini keng targ‘ib qilishga qaratilgan xalqaro ko‘rgazmalar, ta’lim loyihalari, ilmiy konferensiyalar, nashriyot tashabbuslari va madaniy tadbirlarni qamrab olgan keng ko‘lamli dasturni amalga oshirishga ko‘maklashish.

4. Xalqaro Islom sivilizatsiyasi mukofoti.

Islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish, ilm-fan, ta’lim, madaniyatlararo muloqot va gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shilgan ulkan hissani munosib taqdirlash maqsadida xalqaro mukofot ta’sis etish.

5. Islom sivilizatsiyasini tadqiq etish xalqaro jamg‘armasi.

Fundamental ilmiy tadqiqotlarni, tarixiy yodgorliklarni restavratsiya qilishni, yosh olimlarni tayyorlashni, nashriyot loyihalarini amalga oshirishni hamda xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro jamg‘arma tashkil etish.

6. Islom sivilizatsiyasining global raqamli kutubxonasi.

Qo‘lyozmalar, ilmiy asarlar, arxiv hujjatlari, muzey kolleksiyalari, ta’lim resurslari va raqamli ekspozitsiyalarni birlashtiruvchi ko‘p tilli elektron kutubxonani yaratish.

7. Islom sivilizatsiyasining xalqaro ensiklopediyasi.

Islom sivilizatsiyasi tarixi, buyuk olimlar, ilmiy maktablar, madaniy yodgorliklar hamda islom olamining eng muhim yutuqlariga bag‘ishlangan fundamental ko‘p jildli ilmiy ensiklopediyani tayyorlash.

8. Islom sivilizatsiyasi merosining holati bo‘yicha har yilgi xalqaro ma’ruza.

Meros obyektlarining holati, ilmiy tadqiqotlar natijalari, zamonaviy tahdidlar va xalqaro hamkorlik istiqbollariga bag‘ishlangan har yilgi tahliliy ma’ruzani tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish.

9. Islom sivilizatsiyasi bo‘yicha xalqaro yoshlar forumi.

Yosh olimlar, tadqiqotchilar, talabalar va madaniy meros sohasi mutaxassislari uchun islom sivilizatsiyasini o‘rganuvchi yangi avlod tadqiqotchilarini shakllantirish maqsadida doimiy faoliyat yurituvchi muloqot maydonini tashkil etish.

10. Islom madaniyati, san’ati va sivilizatsiyasi muzeylarining xalqaro ittifoqi.

Turli mamlakatlarning yetakchi muzeylari, muzey majmualari, galereyalari va ixtisoslashgan muassasalarini birlashtiruvchi Islom madaniyati, san’ati va sivilizatsiyasi muzeylarining xalqaro ittifoqini tashkil etish.

Ittifoqning maqsadi xalqaro muzey hamkorligini rivojlantirish, qo‘shma ko‘rgazmalarni tashkil etish, ilmiy tadqiqot, restavratsiya, ta’lim va raqamli loyihalarni amalga oshirish, muzey kolleksiyalari, ilg‘or tajriba va mutaxassislar almashinuvini ta’minlash, shuningdek, islom madaniyati, san’ati va sivilizatsiyasining boy merosini asrash, o‘rganish va ommalashtirishdan iborat.

Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumida saylangan Forumning Xalqaro kengashi doimiy faoliyat yurituvchi muvofiqlashtiruvchi organ sifatida saqlab qolinsin. Unga Forum ishtirokchilari tomonidan bildirilgan barcha tashabbus va takliflarni umumlashtirish, ular asosida 2030-yilgacha bo‘lgan Qo‘shma harakatlarning xalqaro yo‘l xaritasini ishlab chiqish va tasdiqlash, shuningdek, uni mazkur Deklaratsiyani amalga oshirishning amaliy mexanizmi sifatida Forum ishtirokchilariga, xalqaro tashkilotlarga hamda O‘zbekiston Respublikasi Hukumatiga taqdim etish vazifasi yuklansin.

Forum ishtirokchilari davlatlar, xalqaro tashkilotlar, ilmiy muassasalar, universitetlar, muzeylar, kutubxonalar va jamoat tashkilotlarini tinchlik, o‘zaro hurmat, ma’rifat hamda islom sivilizatsiyasining boy merosini jahon madaniy merosining ajralmas qismi sifatida asrash yo‘lida mazkur tashabbuslarni amalga oshirish uchun o‘z sa’y-harakatlarini birlashtirishga chaqiradi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.