Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

“I XALQARO ISLOM SIVILIZATSIYASI FORUMI: TINCHLIK, BAG‘RIKENGLIK VA ILM-MA’RIFAT YO‘LI”

PRESS-RELIZ

Samarqand shahrida “I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” xalqaro forumining uchinchi kuni o‘z ishini davom ettirdi.

Forum Imom Buxoriyning “Al-jomi’ as-sahih” asari – Ummat kitobi” mavzusidagi xalqaro konferensiya bilan boshlandi.

Dunyoning qirqdan ortiq mamlakatlaridan tashrif buyurgan taniqli olimlar, nufuzli xalqaro tashkilotlarning vakillari, davlat va jamoat arboblari, madaniyat va diniy konfessiyalar namoyandalari ishtirok etayotgan ushbu anjumanning O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotgani chuqur tarixiy va ramziy ma’noga ega. Bu yirik xalqaro tadbir jahon hamjamiyatining islom sivilizatsiyasiga, uning boy ma’naviy, ilmiy va madaniy merosiga qiziqish va e’tibori ortib borayotganidan dalolat beradi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Islom olami ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti – ICESCO hamkorligida tashkil etilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017-yilda tashkil etilgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bugungi kunda buyuk muhaddis ilmiy merosini o‘rganish, alloma asarlarining qo‘lyozma nusxalarini tadqiq etishda muhim ahamiyatga ega bo‘layotgani ta’kidlandi. O‘tkazilayotgan konferensiya esa bu boradagi xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Anjumanda ICESCO, WOSCU, IRCICA, TURKSOY, Oksford islom tadqiqotlari markazi, “Al-Furqon” islom merosini o‘rganish jamg‘armasi kabi xalqaro tashkilotlar va ilmiy muassasalar vakillari, shuningdek, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Fanlar akademiyasi, xorijiy davlatlarning diniy idoralari vakillari, yetuk hadisshunos olimlar hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

Konferensiya ishi beshta ilmiy sho‘’ba asosida tashkil etildi. Ularda Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy faoliyatiga ta’sir ko‘rsatgan muhit, “Sahih al-Buxoriy” asaridagi ilmiy mezonlar va hadislarni tasniflash usullari, “Al-Jomi’ as-sahih”ning jahon kutubxonalarida saqlanayotgan nodir qo‘lyozmalari, turli mamlakatlar olimlarining mazkur asarni o‘rganish va targ‘ib etishdagi hissasi, shuningdek, asar bilan bog‘liq ilmiy masalalar va zamonaviy tadqiqot yondashuvlari muhokama qilindi.

Konferensiyaning yalpi majlislarida Imom Buxoriyning islom sivilizatsiyasi va jahon tamadduni taraqqiyotidagi o‘rni, “Al-Jomi’ as-sahih” asarining islom ummati uchun ilmiy-ma’naviy ahamiyati, hadislarni tekshirish va tahlil qilish an’analari, hadis merosini zamonaviy tadqiq etish, qo‘lyozmalarni saqlash va raqamlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Tadbir doirasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida amalga oshirilayotgan ilmiy loyihalar, jumladan, qo‘lyozmalarni o‘rganish va raqamlashtirish yo‘nalishidagi ishlar taqdim etildi. Shuningdek, zamonaviy axborot texnologiyalari, xususan, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda ilmiy merosni o‘rganish va uni keng auditoriyaga yetkazish istiqbollari muhokama qilindi.

Konferensiyada ishtirokchilar tomonidan yakuniy Deklaratsiya qabul qilindi. Muhokamalar natijasi bo‘yicha “Al-Jomi’ as-sahih” asarining turli mamlakatlarda saqlanayotgan nodir qo‘lyozma nusxalarini o‘zaro hamkorlikda tadqiq etish, ularni ilmiy tavsiflash va faksimile nashrlarini tayyorlash bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, jahon hadisshunosligi markazlari o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni mustahkamlash yuzasidan muhim taklif va tashabbuslar ilgari surildi.

Konferensiya ishtirokchilari Samarqand shahrida barpo etilgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi hamda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Hadis ilmi maktabi faoliyati bilan tanishib, mazkur maskanlarning islom sivilizatsiyasi ilmiy merosini o‘rganish va xalqaro tadqiqotlarni rivojlantirishdagi ahamiyatini yuqori baholadilar.

Anjuman natijalari bo‘yicha bildirilgan taklif va tashabbuslar jahon hadisshunosligi markazlari o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni mustahkamlash, qo‘lyozmalarni o‘rganish va raqamlashtirish sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, xalqaro forumining Toshkentda o‘tgan ikkinchi kunida I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumining Toshkent deklaratsiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini 2027-2030 yillarda rivojlantirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» kabi muhim hujjatlar qabul qilindi.

Forum ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaat yo‘lladi.

Birinchi Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Markazi Banki tomonidan maxsus esdalik kumush tangalar zarb qilindi. Bu  tangalar sanoqli nusxada chiqarilgan bo‘lib, maxsus raqamlangan guvohnoma bilan birga forum ishtirokchilariga hadya qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining forum ishtirokchilarining bir guruhiga maxsus esdalik sovg‘alari topshirildi. 

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.