ICESCO: "ICESCO va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Islom sivilizatsiyasi bo‘yicha xalqaro forum oldidan matbuot anjumani o‘tkazdi"
ICESCO rasmiy saytining yozishicha, Toshkentda bo‘lib o‘tadigan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi islom merosini zamonaviy ilmiy va madaniy muloqot bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qiladigan nufuzli maydon sifatida baholanmoqda. Tashkilot rahbariyati O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini islom sivilizatsiyasining boy ilmiy merosini targ‘ib etuvchi, tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat g‘oyalarini ilgari surishda muhim xalqaro platforma sifatida e’tirof etdi.
Islom dunyosi ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi 2026 yil 6 iyul, dushanba kuni Toshkent shahridagi Markaz qarorgohida matbuot anjumanini o‘tkazdi. Unda 2026-yil 7–11 iyul kunlari bo‘lib o‘tadigan «Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat yo‘li» mavzusidagi birinchi xalqaro forum haqida ma’lumot berildi. Forumda dunyoning 40 mamlakatidan qariyb 300 nafar ma’ruzachi ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Forum vazirlar, diniy va xalqaro tashkilotlar hamda muassasalar rahbarlari va vakillari, shuningdek, madaniyat, tafakkur va islom sivilizatsiyasi sohalaridagi nufuzli olimlar hamda mutaxassislarni bir maydonga jamlaydi. Unda islom sivilizatsiyasining tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat qadriyatlarini qaror toptirishdagi hissasini yanada kengroq namoyon etish masalalari muhokama qilinadi.
Matbuot anjumanida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori doktor Firdavs Abduxoliqov ishtirok etdi. ICESCO Bosh direktori doktor Solim M. AlMolik forum doirasida Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiyga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyaning tashkil etilishi O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi hamda uning buyuk allomalarining ilm-fan va ma’rifat rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini dunyoga namoyon etayotgan global markaz sifatidagi maqomini yana bir bor tasdiqlashini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur uch imomning tanlanishi chuqur ma’noga ega. Chunki ular islom sivilizatsiyasining asosiy yo‘nalishlari — Payg‘ambar sunnati, aqida va islom ilmlari sohalarini ifoda etadi. Imom Buxoriy va Imom Termiziy Payg‘ambarimiz (s.a.v.) sunnatini asrab-avaylash va keyingi avlodlarga yetkazishda beqiyos xizmat qilgan bo‘lsa, Imom Moturidiy mo‘’tadillik va muvozanatga asoslangan ilmiy-diniy maktabni shakllantirishga ulkan hissa qo‘shgan.
ICESCO Bosh direktori forumning ahamiyati faqat tarixni yodga olish bilan cheklanmasligini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, mazkur buyuk allomalarning boy ilmiy merosi bugungi intellektual va madaniy muammolarga yechim topish, mo‘’tadillik, o‘zaro hurmat va tinch-totuv yashash qadriyatlarini mustahkamlash, ilm-fan nufuzini yuksaltirishga xizmat qilishi mumkin.
Doktor Solim M. AlMolik so‘zining yakunida O‘zbekiston Respublikasi, uning rahbariyati, hukumati va xalqiga islom sivilizatsiyasi merosini asrab-avaylash va targ‘ib qilishga qaratilgan sa’y-harakatlari uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, u O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini boy tarixning yorqin timsoli, kelajakni shakllantiruvchi ilmiy-ma’rifiy maydon va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot uchun mustahkam ko‘prik sifatida yuqori baholadi.


