Youm7: "Toshkentda bo‘lib o‘tgan Islom sivilizatsiyasi bo‘yicha I xalqaro forum yakuniy deklaratsiyasi e’lon qilindi"
Misrning yetakchi axborot nashrlaridan biri — Youm7ning yozishicha, Toshkentda o‘tkazilgan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi yakunida qabul qilingan deklaratsiya islom sivilizatsiyasi merosini asrash, o‘rganish va targ‘ib qilishga qaratilgan qator yirik xalqaro tashabbuslarni ilgari surdi. Nashrda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qarorgohi bo‘ladigan Jahon Islom sivilizatsiyasi alьyansini tashkil etish, yagona Jahon raqamli reyestri va raqamli kutubxonani yaratish, xalqaro mukofot va tadqiqotlar jamg‘armasini ta’sis etish hamda 2030-yilgacha xalqaro hamkorlik yo‘l xaritasini ishlab chiqish forumning asosiy natijalari sifatida e’tirof etilgan.
Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Islom sivilizatsiyasi bo‘yicha I xalqaro forum yakunlari bo‘yicha qabul qilingan deklaratsiyada diniy va madaniy merosni ilmiy asosda o‘rganishning xalqaro ishonchni mustahkamlash hamda barqaror taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlashdagi ahamiyati tobora ortib borayotgani ta’kidlandi.
Matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, forum ishtirokchilari O‘zbekiston va keng ma’nodagi Movarounnahr mintaqasining islom va jahon sivilizatsiyasi shakllanishi hamda taraqqiyotidagi tarixiy o‘rnini e’tirof etdilar.
Forumda Islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib qilish sohasida yangi xalqaro hamkorlik tizimini shakllantirish maqsadida Islom sivilizatsiyasi bo‘yicha I xalqaro forumning global tashabbuslari rasman e’lon qilindi.
Ushbu tashabbuslar doirasida qarorgohi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida joylashadigan Islom sivilizatsiyasining Jahon alyansini tashkil etish nazarda tutilgan. Alyans xalqaro tashkilotlar, akademik va ilmiy muassasalar, muzeylar, kutubxonalar, arxivlar, qo‘lyozmalar markazlari, ilmiy-tadqiqot institutlari hamda boshqa tegishli muassasalarning sa’y-harakatlarini birlashtirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Alyans uzoq muddatli xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma ilmiy, ta’limiy, madaniy, muzey va raqamli loyihalarni amalga oshirish, bilim va ilg‘or tajribalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda islom sivilizatsiyasining ijodiy salohiyatini insoniyatning umumjahon madaniy va intellektual merosining muhim qismi sifatida asrash, o‘rganish va targ‘ib qilishni maqsad qiladi.
Ishtirokchilar, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi merosining Jahon raqamli reyestri tashabbusini ham ma’qulladilar. Ushbu loyiha qo‘lyozmalar, arxiv materiallari, muzey kolleksiyalari, me’moriy yodgorliklar, nomoddiy madaniy meros hamda ilmiy tadqiqotlar natijalarini birlashtiruvchi yagona xalqaro raqamli platformani yaratishni nazarda tutadi.
Forum qatnashchilari to‘rtinchi tashabbus sifatida «Islom sivilizatsiyasi — butun insoniyat merosi» xalqaro dasturini ham tasdiqladilar. Uning maqsadi xalqaro ko‘rgazmalar, ta’lim loyihalari, ilmiy konferensiyalar, nashrlar va madaniy tadbirlar orqali islom sivilizatsiyasining ilm-fan, madaniyat va ta’lim sohalariga qo‘shgan hissasini keng namoyon etishdan iborat.
Toshkent deklaratsiyasida, shuningdek, islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib qilish, ilm-fan, ta’lim, madaniyatlararo muloqot va insoniy hamkorlik sohasidagi alohida xizmatlarni e’tirof etish maqsadida Islom sivilizatsiyasi xalqaro mukofoti ta’sis etilishi ham e’lon qilindi.
Bundan tashqari, ishtirokchilar fundamental ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, tarixiy yodgorliklarni restavratsiya qilish, yosh tadqiqotchilarni tayyorlash, nashriyot faoliyatini rivojlantirish va xalqaro akademik hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Islom sivilizatsiyasi bo‘yicha Xalqaro tadqiqotlar jamg‘armasini tashkil etishni ma’qulladilar.
Shuningdek, qo‘lyozmalar, ilmiy asarlar, arxiv hujjatlari, muzey fondlari, ta’lim resurslari va raqamli ko‘rgazmalarni qamrab oluvchi ko‘p tilli Islom sivilizatsiyasining Jahon raqamli kutubxonasini yaratish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Forum ishtirokchilari yana ko‘p jildli Islom sivilizatsiyasi xalqaro ensiklopediyasini tayyorlash tashabbusini qo‘llab-quvvatladilar. Ensiklopediya islom sivilizatsiyasi tarixi, buyuk allomalar, ilmiy maktablar, madaniy yodgorliklar va islom olamining muhim yutuqlariga bag‘ishlanadi. Shu bilan birga, Islom sivilizatsiyasi merosining holati bo‘yicha har yilgi xalqaro hisobotni tayyorlash ham rejalashtirilgan.
Mazkur tahliliy hisobot meros obyektlarining holati, ilmiy tadqiqotlar natijalari, mavjud muammolar hamda xalqaro hamkorlik istiqbollarini baholashga qaratilgan.
Forum ishtirokchilari, shuningdek, islom sivilizatsiyasi sohasidagi yosh olimlar, talabalar va mutaxassislar uchun doimiy maydon vazifasini bajaradigan Islom sivilizatsiyasi bo‘yicha Xalqaro yoshlar forumini tashkil etishga kelishib oldilar.
Shuningdek, turli mamlakatlardagi yetakchi muzeylar, muzey majmualari, ko‘rgazma muassasalari va ixtisoslashgan tashkilotlarni birlashtiradigan Islom madaniyati, san’ati va sivilizatsiyasi muzeylarining Xalqaro ittifoqini tashkil etish ham ma’qullandi. Ittifoq muzeylar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shma ko‘rgazmalar tashkil qilish, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, restavratsiya, ta’lim va raqamlashtirish loyihalarini amalga oshirish, muzey eksponatlari, ilg‘or tajribalar va mutaxassislar almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda islom madaniyati, san’ati va sivilizatsiyasining boy merosini asrash, o‘rganish va targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
Toshkent deklaratsiyasida forumning birinchi sessiyasida Islom sivilizatsiyasi xalqaro forumining Xalqaro kengashini saylash va uni doimiy muvofiqlashtiruvchi organ sifatida faoliyat yuritishi ma’qullangani ma’lum qilindi. Kengashga forum ishtirokchilari tomonidan ilgari surilgan barcha tashabbus va takliflarni umumlashtirish, ular asosida 2030-yilgacha bo‘lgan xalqaro hamkorlikning yo‘l xaritasini ishlab chiqish va tasdiqlash, shuningdek, ushbu yo‘l xaritasini forum ishtirokchilari, xalqaro tashkilotlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Hukumatiga mazkur deklaratsiyani amalga oshirishning amaliy mexanizmi sifatida taqdim etish vazifasi yuklatildi.


