

Yangiliklar
ISLOM SIVILIZATSIYASI BO‘YICHA BIRINCHI XALQARO FORUM O‘Z ISHINI YAKUNLADI: FORUM ISHTIROKCHILARI PREZIDENTGA MUROJAAT YO‘LLADI
Toshkentda Islom sivilizatsiyasi bo‘yicha Birinchi xalqaro forumning tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bir necha kun davomida Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida o‘tkazilgan nufuzli anjuman yakunlari sarhisob qilinib, forum ishtirokchilarining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga murojaati o‘qib eshittirildi. Unda islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’naviy merosini asrash, o‘rganish va targ‘ib qilish sohasida xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qator muhim tashabbuslar ilgari surildi.
Yakunlovchi yalpi yig‘ilishni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov ochib berdi.
U forum ishtirokchilariga murojaat qilib, mazkur xalqaro anjuman qisqa vaqt ichida islom sivilizatsiyasi tarixi, ilmiy merosi va zamonaviy taraqqiyotiga bag‘ishlangan eng yirik muloqot maydonlaridan biriga aylanganini ta’kidladi.
— Forumimiz o‘z ishini muvaffaqiyatli yakunlab bormoqda. Avvalo, ushbu nufuzli anjumandagi faol ishtirokingiz, yuksak ilmiy salohiyatingiz, sermazmun ma’ruzalaringiz va amaliy takliflaringiz uchun barchangizga samimiy minnatdorlik bildiraman, — dedi Firdavs Abduxoliqov.
Qayd etilganidek, forumda dunyoning 46 mamlakatidan tashrif buyurgan 500 nafardan ortiq olimlar, tadqiqotchilar, davlat va jamoat arboblari, xalqaro tashkilotlar hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari ishtirok etdi.
Forum dasturi doirasida Toshkent shahrida 14 ta yalpi yig‘ilish va 6 ta sho‘’ba yig‘ilishi o‘tkazildi. Samarqand shahrida uchta xalqaro ilmiy konferensiya hamda 11 ta yalpi yig‘ilish tashkil etildi. Termiz shahrida esa bir xalqaro konferensiya va ikki sho‘’ba yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uchala shaharda tashkil etilgan ilmiy anjumanlarda jami 129 ta ma’ruza tinglandi.
Shuningdek, forum doirasida Islom sivilizatsiyasiga bag‘ishlangan qator ilmiy va nashriyot loyihalari taqdim etildi. Forum deklaratsiyasi qabul qilinib, 2027–2031 yillarga mo‘ljallangan xalqaro hamkorlik yo‘l xaritasi tasdiqlandi. Beshta kitob taqdimoti o‘tkazildi, oltita anglashuv memorandumi va hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Firdavs Abduxoliqov o‘z nutqida forum nafaqat islom sivilizatsiyasining boy ilmiy va madaniy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan nufuzli muloqot maydoni bo‘lganini, balki Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy hamda ilmiy-madaniy islohotlarni xalqaro jamoatchilikka keng namoyon etganini ta’kidladi.
Shu bilan birga, forumni yuqori saviyada tashkil etishda hamkorlik qilgan ICESCO, IRCICA, YUNESKO, Al-Furqon jamg‘armasi, IKOM, Xalqaro Turkiy akademiya, Jahon musulmonlar ligasi hamda boshqa xalqaro tashkilotlar va ilmiy muassasalarga minnatdorlik bildirildi.
Shundan so‘ng O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov forum ishtirokchilarining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga yo‘llangan murojaatini o‘qib eshittirdi.
Murojaatda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va bevosita qo‘llab-quvvatlovi bilan tashkil etilgan Birinchi xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi nafaqat nufuzli ilmiy anjuman, balki insoniyatning umumiy ma’naviy va intellektual merosini asrashga qaratilgan global hamkorlikning yangi bosqichini boshlab bergan tarixiy voqea sifatida baholandi.
Hujjatda forumning Toshkent, Samarqand va Termiz kabi buyuk sivilizatsiya markazlarida o‘tkazilgani chuqur ramziy ahamiyatga ega ekani qayd etilib, aynan shu zaminda jahon ilm-fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan allomalar yetishib chiqqanligi alohida ta’kidlandi.
Forum ishtirokchilari BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish tashabbusini so‘nggi o‘n yillikdagi eng muhim xalqaro gumanitar tashabbuslardan biri sifatida e’tirof etdilar. Ular mazkur markaz kelgusida jahonning yetakchi olimlari, universitetlari, muzeylari, arxivlari va ilmiy muassasalarini birlashtiruvchi yirik xalqaro ilmiy-ma’rifiy platformaga aylanishiga ishonch bildirdilar.
Murojaatda, shuningdek, O‘zbekistonda tarixiy merosni asrash, fundamental ilm-fanni rivojlantirish va sivilizatsiyalar muloqotini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar yuksak baholandi. Xususan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda Xalqaro islom akademiyasi faoliyati ushbu siyosatning yorqin namunasi sifatida qayd etildi.
Forum ishtirokchilari qabul qilingan Deklaratsiya va Islom sivilizatsiyasini asrash, o‘rganish va rivojlantirish bo‘yicha xalqaro yo‘l xaritasini to‘liq qo‘llab-quvvatlashlarini bildirib, mazkur qarorlarni amalga oshirish maqsadida Islom sivilizatsiyasini o‘rganish, asrash va targ‘ib qilish bo‘yicha Butunjahon alьyansini ta’sis etish tashabbusini ilgari surdilar.
Murojaat yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyevga, O‘zbekiston Respublikasi Hukumatiga, forum tashkilotchilari va ko‘p millatli O‘zbekiston xalqiga yuksak mehmondo‘stlik hamda forumni yuksak saviyada tashkil etgani uchun samimiy minnatdorlik izhor etildi.
Shu tariqa, 7–11 iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida bo‘lib o‘tgan Islom sivilizatsiyasi bo‘yicha Birinchi xalqaro forum o‘z ishini muvaffaqiyatli yakunladi. Forumda qabul qilingan hujjatlar, ilgari surilgan tashabbuslar va Prezident nomiga qabul qilingan murojaat islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, asrash va keng targ‘ib qilish, shuningdek, xalqaro gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘lida muhim dasturilamal ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.