MISRALAN : “O‘zbekistonda Birinchi xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi o‘z ishini boshladi”
Misrning madaniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi Misralan axborot nashri O‘zbekistonda «Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat yo‘li» mavzusidagi Birinchi xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi boshlanganini keng yoritdi. Nashrda forum islom sivilizatsiyasining insonparvarlik mohiyati, ilm-fan va madaniyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini namoyon etish, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qaratilgani ta’kidlangan. Shu bilan birga, anjuman doirasida qo‘lyozmalar, islom san’ati, muqaddas yodgorliklar va madaniy merosga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar hamda ilmiy-ma’rifiy tadbirlar O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi va madaniyatlararo muloqot markazi sifatidagi nufuzini yanada mustahkamlashi qayd etilgan.
O‘zbekistonning Toshkent shahri, shuningdek, Samarqand va Termiz shaharlarida 7–11 iyul kunlari «Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat yo‘li» mavzusida Birinchi xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi boshlandi. Anjumanda turli islom mamlakatlaridan diniy ulamolar va nufuzli mutaxassislar ishtirok etmoqda.
Forum O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda ICESCO hamkorligida tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi ma’rifat, tinchlik madaniyati, o‘zaro hurmat, ma’naviy meros va ilmiy muloqot tamoyillariga asoslangan yangi xalqaro muloqot maydonini shakllantirishdan iborat.
Anjuman islom dinining haqiqiy mohiyati – tinchlik, ma’rifat, rahmat va bunyodkorlik dini ekanini namoyon etish, shuningdek, islom sivilizatsiyasining ilm-fan, madaniyat, falsafa, ta’lim va san’at taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasini yoritishni maqsad qilgan. Shu bilan birga, forum islom sivilizatsiyasining umuminsoniy va ma’rifiy qadriyatlarini keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Forum doirasida O‘zbekistonning zamonaviy islom sivilizatsiyasi, ma’rifat va madaniyatlararo muloqot markazlaridan biri sifatidagi xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tadbir islom olamining ma’naviy va insoniy birligini mustahkamlashga xizmat qiluvchi xalqaro maydon, islomning insonparvarlik mohiyatini targ‘ib etuvchi platforma, sivilizatsiyalar, madaniyatlar va dinlar o‘rtasidagi muloqot markazi, shuningdek, islomning ma’naviy va qo‘lyozma merosini asrash hamda targ‘ib qilishga xizmat qiluvchi muhim anjuman sifatida qaralmoqda.
Forumda Movarounnahrning islom olamining eng yirik ilmiy va ma’naviy markazlaridan biri sifatidagi tarixiy o‘rni alohida yoritiladi. Bu zamindan yetishib chiqqan buyuk imomlar, mutafakkirlar, olimlar va ma’rifatparvarlarning insoniyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi keng muhokama qilinadi.
Xususan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy merosi zamonaviy islom sivilizatsiyasi tiklanishining ma’naviy va ilmiy poydevorlaridan biri sifatida baholanadi. Ularning kalom ilmi, hadisshunoslik, vasatiylik madaniyati, ma’naviy tarbiya va islom tafakkuri rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasiga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, forumda islom kitobat madaniyati, qo‘lyozmalar an’analari, xattotlik san’ati va ilmni avloddan avlodga yetkazish masalalari ham muhokama qilinadi. Kitob, kutubxona, qo‘lyozma va ilm islom sivilizatsiyasining intellektual buyukligi ramzi sifatida e’tirof etiladi.
Islom me’morchiligi, xattotlik, kitobat madaniyati va tasviriy san’at namunalari ham islom olamining ma’naviy-ilmiy merosining ajralmas qismi sifatida taqdim etiladi. Ular mo‘’tadillik, o‘zaro hurmat va madaniyatlararo muloqot qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan muhim meros sifatida baholanadi.
Forum doirasida Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy merosi bilan bog‘liq ziyorat yo‘nalishlarini rivojlantirish, shuningdek, ularning ilmiy va ma’naviy merosini chuqurroq anglashga xizmat qiluvchi ta’limiy ziyorat tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalari ham kun tartibidan o‘rin olgan.
Anjuman dasturidan islom sivilizatsiyasining boy ilmiy, ma’naviy va badiiy merosini namoyon etuvchi keng qamrovli madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘rin olgan. Ular qatorida «Islomning muqaddas yodgorliklari» xalqaro ko‘rgazmasining tantanali ochilishi, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi ziyorati, arab xattotligi, qo‘lyozmalar va muqaddas san’at asarlariga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar tashkil etiladi.
Shuningdek, forum doirasida nodir qo‘lyozmalarning faksimile nusxalari namoyishi, raqamli merosni restavratsiya qilish loyihalari taqdimoti, tarixiy va hujjatli filьmlar namoyishi, shuningdek, xalqaro ruhiy musiqa kechalari hamda islom san’atiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.


