

Yangiliklar
I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi ikki muhim ilmiy kashfiyotga sabab bo‘ldi
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida 40 dan ortiq davlatning 300 ga yaqin davlat va jamoat arboblari, vazirlar, muftiylar, yetuk ulamolar, akademiklar, tadqiqotchilar, muzey va kutubxona rahbarlari, xalqaro tashkilotlar ishtirokida o‘tkazilgan “Tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” mavzusidagi I xalqaro islom sivilizatsiyasi forumida Markaziy Osiyoning intellektual merosini qayta baholashga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan ikki muhim ilmiy kashfiyot keng jamoatchilikka ma’lum qilindi.
Forum doirasida o‘tkazilgan “Islom sivilizatsiyasi va zamonaviy dunyo: meros, muloqot va taraqqiyot” mavzusidagi III xalqaro konferensiyada olimlar Markaziy Osiyoning ilmiy va adabiy merosiga oid ikki muhim tadqiqot natijasini xalqaro ilmiy jamoatchilikka taqdim etdi. Biri XIV asrning yirik mutafakkiri Kamol Xo‘jandiy merosining Bobur ijodidagi o‘rnini yangi manbalar asosida ochib bergan bo‘lsa, ikkinchisi Alisher Navoiyning ilgari noma’lum bo‘lgan yana bir devon qo‘lyozmasining aniqlanganini tasdiqladi.
Olimlar Buyuk Britaniya kutubxonasida shu vaqtgacha boshqa asar sifatida qayd etib kelingan qo‘lyozma aslida Alisher Navoiyning «Badoye’ ul-bidoya» devonining ilmiy jihatdan ma’lum bo‘lgan to‘qqizinchi nusxasi ekanini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Boburning «Aruz» («Muxtasar») risolasida Kamol Xo‘jandiy she’riyatidan keltirilgan ellikdan ortiq iqtibos XIV–XV asrlar adabiy muhitini o‘rganish uchun noyob manba sifatida qayta baholandi.
Bu ilmiy xulosalar Markaziy Osiyoning qo‘lyozma merosi, adabiy an’analari va intellektual tarixini xalqaro ilmiy hamkorlik asosida qayta tadqiq etishga qiziqish ortib borayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti yetakchi ilmiy xodimi, filologiya fanlari nomzodi, professor Burobiya Rajabovaning qayd etishicha, Boburning «Aruz» («Muxtasar») risolasida XIV–XV asrlarda yashagan 73 nafar ijodkordan namunalar keltirilgan bo‘lib, ularning ichida Kamol Xo‘jandiy she’riyatidan ellikdan ortiq iqtibos uchraydi. Olimlar fikricha, bu misollar nafaqat Boburning Kamol Xo‘jandiy ijodi bilan chuqur tanish bo‘lganini, balki uni o‘zining eng yuksak adabiy ustozlaridan biri sifatida baholaganini ham ko‘rsatadi.
Ma’ruzada qayd etilganidek, ushbu she’riy misollar Kamol Xo‘jandiy hayotiga oid ayrim tarixiy voqealar, jumladan Amir Temur va Mironshoh Mirzo bilan bog‘liq ma’lumotlarni ham saqlab qolgan. Bu esa adabiy manbalarning tarixiy hujjat sifatidagi ahamiyatini yanada oshiradi.
Shuningdek, tadqiqotchi Boburning ma’lum vaqt Xo‘jandda yashagani va «Boburnoma»da mazkur shahar hamda Kamol Xo‘jandiy nomi alohida ehtirom bilan tilga olinishi ham ikki mutafakkir o‘rtasidagi ma’naviy bog‘liqlikni ko‘rsatishini ta’kidladi.
Shuningdek, professor Kamol Xo‘jandiy ijodi Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy va Davlatshoh Samarqandiy asarlari bilan qiyosiy tahlil qilib, uning qo‘lyozma devonlari bugungi kunda Toshkent, Boku, Dushanbe va Sankt-Peterburgda saqlanayotgani qayd etdi. Bu holat olimlar fikricha, shoir merosining mintaqaviy emas, balki xalqaro ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi.
Konferensiya doirasida e’lon qilingan ikkinchi muhim ilmiy yangilik navoiyshunoslik sohasiga oid bo‘ldi.
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi Oysara Madaliyeva Britaniya kutubxonasida saqlanayotgan, shu vaqtgacha «G‘aroyib us-sig‘ar» sifatida tavsiflangan qo‘lyozma aslida Alisher Navoiyning «Badoye’ ul-bidoya» devonining yangi — to‘qqizinchi nusxasi ekanini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur kashfiyot 2026-yil aprel oyida Oksford universitetining Bodlean kutubxonasi, New College va Berlin davlat kutubxonasi hamkorligida tashkil etilgan xalqaro tadqiqotlar davomida amalga oshirilgan.
Tadqiqotchilarning ma’lum qilishicha, qo‘lyozma 1520-yilda Safaviylar saroyida ko‘chirilgan bo‘lib, bu Navoiy vafotidan qariyb yigirma yil o‘tib ham uning asarlari Xuroson va Movarounnahrdan tashqari hududlarda yuksak qadrlanganini ko‘rsatadi.
Olimlarning ta’kidlashicha, ushbu nusxaning yana bir muhim xususiyati — oltita miniatyura, oltita kolofon va devon tuzilishini aks ettiruvchi "shamsa" bilan bezatilganidir. Bu jihat uni hozirgacha ma’lum bo‘lgan boshqa nusxalardan ajratib turadi.
Dastlabki qiyosiy tahlillar Londonda aniqlangan qo‘lyozma Bokuda saqlanayotgan «Badoye’ ul-bidoya» nusxasi bilan juda yaqin ekanini ko‘rsatgan. Tadqiqotchilar fikricha, bu holat Navoiy asarlarining XVI asrdagi tarqalish yo‘llari va qo‘lyozmalarning o‘zaro bog‘liqligini o‘rganish uchun yangi ilmiy imkoniyatlar yaratadi.
Olimlar ta’kidlashicha, mazkur ikki tadqiqot natijasi nafaqat Kamol Xo‘jandiy, Bobur va Navoiy merosini chuqurroq anglash, balki Markaziy Osiyoning intellektual tarixi, qo‘lyozmashunoslik, tekstologiya va adabiyotshunoslik sohalaridagi xalqaro tadqiqotlar uchun ham yangi ilmiy manbalarni taqdim etadi. Bu esa mintaqaning boy ilmiy merosini jahon gumanitar fanlari tizimiga yanada kengroq integratsiya qilishga xizmat qilishi mumkin.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.