

Yangiliklar
Haber7: "O‘zbekistonga Uchinchi Renessans sari intilish juda yarashadi"
Turkiyaning nufuzli Haber7 axborot portali kolumnisti Mursel Gyundo‘g‘du O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi mamlakatning boy ilmiy-ma’naviy merosi va sivilizatsion salohiyatiga to‘la mos ekanini ta’kidladi. Muallif O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Birinchi xalqaro islom sivilizatsiyasi forumini mazkur yuksalishning amaliy ifodasi sifatida baholab, mamlakatda tarixiy merosni tiklash, ilm-fan va ma’rifatni rivojlantirish, shuningdek, turkiy va islom sivilizatsiyasi merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan tashabbuslarga yuksak baho bergan.
Qardosh O‘zbekiston poytaxti Toshkentda mazmunli ikki kunni o‘tkazgach, qadimiy Samarqand shahriga yo‘l oldik. O‘zbekiston haqida so‘z ketganda, vaqt go‘yo o‘z ma’nosini yo‘qotgandek bo‘ladi. Mamlakat keng ko‘lamli taraqqiyot va yangilanish bosqichini boshdan kechirmoqda. Davlat idoralari, ilmiy doiralar, yoshlar va keng jamoatchilik mamlakat oldida turgan ezgu maqsadlar yo‘lida birlashgani yaqqol seziladi. Jamiyatning barcha qatlamlarida kelajakka ishonch va yuksak ruhiyat hukm surmoqda.
O‘zbekiston Uchinchi Renessansni barpo etish yo‘lida izchil qadam tashlamoqda. Bu ezgu g‘oya va uni amalga oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlar mamlakatning boy tarixiy merosi hamda intellektual salohiyatiga to‘la mos keladi.
Turkiya NATO sammitiga mezbonlik qilib, xalqaro maydonda o‘z nufuzini yana bir bor namoyon etayotgan bir paytda, O‘zbekistonning ham yangi taraqqiyot bosqichiga sivilizatsion yondashuv asosida kirib borayotgani alohida ahamiyatga ega. Ilm-fan, texnologiya, diplomatiya, madaniyat va ma’naviyat sohalarida turkiy davlatlarning o‘zaro hamkorlik va sog‘lom raqobat asosida rivojlanishi butun turkiy dunyo uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston turk-islom sivilizatsiyasining eng muhim ma’naviy va ilmiy markazlaridan biridir.
Bu muqaddas zaminda Imom Moturidiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Muhammad Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek, Mahmud Zamaxshariy, Abu Muin Nasafiy, Ahmad Farg‘oniy kabi jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalar yetishib chiqqan. Ular qoldirgan boy ilmiy va ma’naviy meros nafaqat islom olami, balki butun insoniyatning umumiy boyligi hisoblanadi.
Bugungi O‘zbekiston ana shu buyuk merosni chuqur o‘rganish, asrab-avaylash va zamonaviy taraqqiyot bilan uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Ma’lumki, musulmon olamining ilk yirik ilm markazi Bag‘dod shahri bo‘lgan. “Baytul hikma” faoliyati tufayli yuksak taraqqiyotga erishgan mazkur markaz turli tarixiy omillar natijasida o‘z ahamiyatini yo‘qota boshlaganidan so‘ng, ilm-fan markazi sifatida Samarqand yuksala boshladi. Somoniylar davlatining oqilona siyosati tufayli shahar qisqa vaqt ichida musulmon olamining eng nufuzli ilm va madaniyat markazlaridan biriga aylandi. Bu yerda diniy ilmlar bilan bir qatorda matematika, astronomiya va tabiiy fanlar ham yuksak darajada rivojlanib, insoniyat tarixidagi eng yorqin ma’naviy yuksalish davrlaridan biriga zamin yaratildi.
Bugun O‘zbekiston ana shu shonli an’analarni qayta tiklash yo‘lidan bormoqda. Ilgari yo‘qolgan yoki uzoq yillar e’tibordan chetda qolgan milliy va ma’naviy meros obyektlari qayta tiklanib, xalq xizmatiga qaytarilmoqda.
Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi ana shunday keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarining yorqin namunasidir. Qayta barpo etilgan ushbu majmua o‘zining me’moriy yechimi, obodlashtirilgan hududi va yaratilgan zamonaviy infratuzilmasi bilan ziyoratchilar uchun yuksak ma’naviy muhitni shakllantirgan. Shuningdek, Imom Moturidiy maqbarasida ham keng qamrovli ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda.
Uchinchi Renessans g‘oyasini amaliy jihatdan ro‘yobga chiqarishda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining o‘rni alohidadir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilayotgan mazkur markaz nafaqat muhtasham me’moriy majmua, balki mamlakatning ilmiy, ma’rifiy va madaniy salohiyatini namoyon etuvchi yirik intellektual maskan sifatida ham shakllanmoqda.
Markaz tomonidan xalqaro miqyosda muhim tadbirlar tashkil etilmoqda. Jumladan, 2026-yil 7–11 iyul kunlari uning bosh tashkilotchiligida Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Markaziy va Janubiy Osiyo, Yevropa hamda Islom dunyosining boshqa mintaqalaridan 300 nafardan ortiq ishtirokchilarni birlashtirgan Birinchi xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi o‘tkazildi. Biz ham ushbu forumda ilmiy ma’ruza bilan ishtirok etish imkoniga ega bo‘ldik.
“Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat yo‘li” mavzusida o‘tkazilayotgan mazkur forum Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida tashkil etildi.
O‘zbekiston sivilizatsiya merosini asrab-avaylash va uni kelajak avlodlarga yetkazishga katta e’tibor qaratayotgani har bir qadamda namoyon bo‘ladi. Bir tomondan tarixiy va madaniy meros obyektlari qayta tiklanayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan ularni yosh avlod ongiga singdirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida tashkil etilayotgan muzey ekspozitsiyalari bilan tanishish asnosida bu yerda faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislarning o‘z tarixi, madaniyati va Vataniga bo‘lgan yuksak hurmati alohida e’tiborga loyiq.
Forumni tashkil etishda WOSCU, IRCICA, TÜRKSOY, “Al-Furqon” jamg‘armasi, Turk madaniyati va merosi jamg‘armasi, Xalqaro turk akademiyasi, Turkiya Fanlar akademiyasi, Turk qo‘lyozmalari instituti, Oksford Islom tadqiqotlari markazi kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Tashqi ishlar vazirligi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamkorlik qildi. Forumning bosh xalqaro hamkori ICESCO bo‘ldi.
Forum ishtirokchilariga Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘anning murojaatini Adolat va taraqqiyot partiyasi raisi o‘rinbosari, Turkiy davlatlar bilan aloqalar bo‘yicha rahbar professor doktor Ko‘rshad Zorlu o‘qib eshittirdi.
Shu bilan birga, musulmon mamlakatlarining oliy darajadagi diniy va ilmiy vakillari ishtirok etgan mazkur xalqaro forumda Turkiya Din ishlari boshqarmasining yuqori darajadagi ishtiroki ta’minlanmagani ham e’tiborga sazovor holat sifatida qayd etildi. Zero, Imom Moturidiy, Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi buyuk allomalarning merosini muhokama qilish, Islom dinining tinchlik, bag‘rikenglik, ma’rifat va bunyodkorlikka asoslangan haqiqiy mohiyatini keng yoritishga qaratilgan bunday nufuzli anjumanda ishtirok etish har qanday diniy va ilmiy muassasa uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Mintaqaviy kuchdan global ta’sir doirasiga ega davlat sifatida Turkiyaning qardosh turkiy mamlakatlarda kechayotgan muhim jarayonlarni yaqindan kuzatishi hamda mavjud imkoniyatlari doirasida ularni qo‘llab-quvvatlashi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.