

Yangiliklar
Islom sivilizatsiyasi markazi jahon muzeyshunoslari bilan yangi muloqotlarni boshladi
Global miqyosda muzeylarni XXI asr talablariga mos ravishda zamonaviy shakllantirish masalalari bugun xalqaro kun tartibining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi bu borada o‘z konsepsiyasini takomillashtirish bo‘yicha jahon muzeyshunosligi tajribalarini o‘rganishni maqsad qilgan. Germaniyaning Germaniyaning Culture Cooperation jamiyati direktori Ketlin Gyobel ishtirokida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy seminar ana shu maqsadlarning amaliy ifodasidir. Seminarda xorijlik ekspert Saudiya Arabistonida barpo etilayotgan Payg‘ambarimiz (s.a.v.) hayotiga bag‘ishlangan muzey loyihasini taqdimoti doirasida tajribalarni o‘rtoqlashdi.
Joriy yilning 7-11 iyul sanalarida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida o‘tkazilgan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi nafaqat global miqyosdagi ilmiy-ma’rifiy muloqot maydoni, balki muzeyshunoslik, madaniy merosni asrash va uni zamonaviy texnologiyalar asosida namoyish etish borasida ilg‘or xalqaro tajribalarni birlashtirgan nufuzli platformaga aylandi. Forum davomida 40 dan ortiq mamlakatdan tashrif buyurgan yuzlab olimlar, tadqiqotchilar, muzeyshunoslar va ekspertlar ishtirokida o‘nlab ilmiy anjumanlar, davra suhbatlari hamda amaliy seminarlar tashkil etildi.
Forumning ilmiy dasturidan o‘rin olgan muhim tadbirlardan biri Germaniyaning Culture Cooperation jamiyati direktori Ketlin Gyobel ishtirokida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy seminar bo‘ldi. Tadbirda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilar, magistrantlar va talabalar ishtirok etdi.
Bugungi kunda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida islom tamaddunining boy ilmiy, ma’naviy va madaniy merosini zamonaviy muzey texnologiyalari asosida namoyon etishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu nuqtai nazardan, forum doirasida tashkil etilgan mazkur seminar Markazning xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirish, dunyoning yetakchi muzey muassasalari va madaniy tashkilotlari bilan tajriba almashish, yangi loyihalarni amalga oshirish borasida muhim ahamiyat kasb etdi.
Seminar davomida muzeylarning zamonaviy jamiyat hayotidagi o‘rni, madaniy merosni saqlash va targ‘ib qilishning yangi usullari, ilmiy konsepsiyalarni ishlab chiqish, raqamli texnologiyalar, mulьtimedia va interaktiv yechimlarni muzey ekspozitsiyalariga joriy etish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Qayd etilganidek, bugungi kunda muzeylar nafaqat tarixiy osori-atiqalar saqlanadigan maskan, balki ilmiy tadqiqotlar, ta’lim, madaniy diplomatiya va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni ta’minlaydigan muhim markazlarga aylanib bormoqda.
Tadbirning asosiy qismida Culture Cooperation jamiyati tomonidan Saudiya Arabistonida barpo etilayotgan Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam)ning hayoti va risolatiga bag‘ishlangan muzey loyihasi taqdim etildi. Unda muzeyning ilmiy-konseptual asoslari, ekspozitsiyalarni shakllantirish tamoyillari, tarixiy manbalarni saralash mezonlari, mulьtimedia texnologiyalaridan foydalanish, tashrif buyuruvchilar uchun interaktiv muhit yaratish hamda ekspozitsiyalarning tarbiyaviy va ma’rifiy ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.
Taqdimot ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Mutaxassislar mazkur loyihani amalga oshirish jarayonida qo‘llanilayotgan innovatsion yondashuvlar, tarixiy haqqoniylikni ta’minlash usullari va raqamli texnologiyalarning imkoniyatlari xususida fikr almashdilar.
Seminarda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, jahonning nufuzli muzeylari va ilmiy muassasalari bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, islom sivilizatsiyasining boy merosini zamonaviy texnologiyalar yordamida keng jamoatchilikka yetkazish borasidagi faoliyati alohida e’tirof etildi. Ta’kidlanganidek, forum doirasida tashkil etilgan bunday uchrashuvlar Markazning xalqaro ilmiy-madaniy aloqalarini yanada mustahkamlashga, muzeyshunoslik sohasidagi ilg‘or tajribalarni mamlakatimizga tatbiq etishga va yangi hamkorlik loyihalariga mustahkam zamin yaratadi.
Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar hamda kelgusida ilmiy tadqiqotlar, muzeyshunoslik va madaniy merosni targ‘ib qilish sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan taklif va mulohazalar bildirdilar.
Mazkur seminar I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumida ilgari surilgan sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirish, ilm-fan va madaniy merosni umuminsoniy qadriyat sifatida targ‘ib etish g‘oyalarining amaliy ifodasi bo‘lib, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining jahon ilmiy hamjamiyati bilan hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi navbatdagi muhim qadamlaridan biri sifatida ahamiyat kasb etdi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.