

Yangiliklar
Associated Press of Pakistan: "Birinchi xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi ishtirokchilari O‘zbekiston Prezidentiga murojaat qabul qildi"
Pokistonning rasmiy axborot agentligi — Associated Press of Pakistan (APP)ning yozishicha, Birinchi xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi ishtirokchilari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga murojaat qabul qilib, mamlakatning islom sivilizatsiyasi merosini asrash va targ‘ib etish, shuningdek, xalqaro ilmiy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarini yuksak baholadi. Nashrda forum ishtirokchilari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini global muloqot va hamkorlik maydoni sifatida e’tirof etgani, qabul qilingan deklaratsiya va «Yo‘l xaritasi»ni qo‘llab-quvvatlab, Islom sivilizatsiyasi bo‘yicha Jahon alьyansini tashkil etish tashabbusini amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirgani ta’kidlangan.
«Birinchi xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi» ishtirokchilari O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi merosini asrab-avaylash va keng targ‘ib etishga qaratilgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlovchi murojaatni qabul qildi. Hujjatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning xalqaro ilmiy va gumanitar hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslari ham yuksak e’tirof etildi.
Murojaatni dunyoning 40 dan ortiq mamlakatidan tashrif buyurgan delegatsiyalar, jumladan, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, vazirlar, muftiylar, nufuzli olimlar, universitetlar, ilmiy-tadqiqot institutlari, kutubxonalar, muzeylar va madaniy muassasalar vakillari qo‘llab-quvvatladi.
Forum ishtirokchilari ushbu anjumanni oddiy akademik yig‘in emas, balki islom sivilizatsiyasini insoniyatning umumiy madaniy va intellektual merosi sifatida o‘rganish, asrash va targ‘ib qilishga qaratilgan xalqaro hamkorlikning yangi bosqichini boshlab bergan tarixiy voqea sifatida baholadilar.
Ta’kidlanganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning forum ochilishidagi ma’ruzasi anjumanning asosiy g‘oyaviy yo‘nalishini belgilab berdi. To‘rt kun davom etgan muhokamalar tinchlik, bag‘rikenglik, ma’rifat va xalqaro ilmiy hamkorlik masalalariga bag‘ishlandi.
Murojaatda Prezident Mirziyoev tomonidan 2017-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi minbaridan ilgari surilgan O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish tashabbusi alohida e’tirof etildi. Ishtirokchilar ushbu loyihani keyingi o‘n yillikda amalga oshirilgan eng muhim gumanitar tashabbuslardan biri sifatida baholab, uning maqsadi islom sivilizatsiyasining jahon ilm-fani, madaniyati va ma’naviyati rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini xolisona tadqiq etishdan iborat ekanini ta’kidladilar.
Qayd etilganidek, bugungi kunda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hukumatlar, ilmiy muassasalar, muzeylar, kutubxonalar va tadqiqot tashkilotlari o‘rtasida islom merosini o‘rganish va targ‘ib qilishga xizmat qilayotgan muhim xalqaro muloqot va hamkorlik maydoniga aylanib bormoqda.
Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida o‘tkazilgan forum Markaziy Osiyo azaldan ilohiyot, falsafa, tibbiyot, matematika va astronomiya kabi fanlar yuksak taraqqiy etgan buyuk ilm-ma’rifat maskani bo‘lganini yana bir bor namoyon etdi.
Murojaatda O‘zbekistonning madaniy va diniy merosni asrash yo‘lida amalga oshirayotgan keng ko‘lamli ishlariga ham yuksak baho berildi. Jumladan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Xalqaro islom akademiyasi hamda Toshkent islom instituti faoliyati alohida qayd etildi.
Forum qatnashchilari mazkur tashabbuslar mamlakatning tarixiy merosni asrab-avaylash, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va xalqaro gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlashga bo‘lgan qat’iy intilishini yaqqol namoyon etayotganini ta’kidladilar.
Murojaatda islom sivilizatsiyasi merosini asrash va chuqur o‘rganish nafaqat alohida mamlakatlar, balki hukumatlar, xalqaro tashkilotlar va butun jahon ilmiy hamjamiyatining umumiy mas’uliyati ekaniga urg‘u berildi. Ayniqsa, bugungi kunda turli yolg‘on axborotlar va ekstremistik g‘oyalar madaniyatlararo anglashuvga tahdid solayotgan sharoitda bu vazifaning ahamiyati yanada ortib borayotgani qayd etildi.
Shuningdek, delegatlar forum yakunida qabul qilingan Deklaratsiya hamda islom sivilizatsiyasini asrash, o‘rganish va rivojlantirishga qaratilgan «Yo‘l xaritasi»ni to‘liq qo‘llab-quvvatlashlarini bildirib, ushbu hujjatlarni uzoq muddatli xalqaro hamkorlik uchun mustahkam asos sifatida baholadilar.
Ishtirokchilar, shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti bilan maslahatlashgan holda Islom sivilizatsiyasi bo‘yicha Jahon alьyansini tashkil etish tashabbusini amalga oshirish niyatida ekanliklarini ma’lum qildilar. Mazkur tuzilma xalqaro tadqiqotlarni muvofiqlashtirish, akademik almashinuvlarni kengaytirish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, nashriyot loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda madaniy merosni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishga xizmat qilishi ko‘zda tutilmoqda.
Murojaatda forum ishtirokchilari qabul qilingan qarorlarni hayotga tatbiq etish, islom sivilizatsiyasining boy ilmiy va ma’naviy merosini kelajak avlodlarga bezavol yetkazish yo‘lida o‘zlarining intellektual, ilmiy va ma’naviy salohiyatini birlashtirishga tayyor ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar.
Yakunda delegatlar forumni yuksak tashkiliy saviyada o‘tkazgani uchun O‘zbekiston xalqi va rahbariyatiga samimiy minnatdorlik bildirib, mamlakatda qabul qilingan tashabbus va qarorlar tinchlik, o‘zaro anglashuv, adolat hamda sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch izhor etdilar.
Eslatib o‘tamiz, Birinchi xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi 9-iyul kuni o‘z ishini yakunladi. Forum ishtirokchilari O‘zbekistonda ilgari surilgan tashabbuslar ilm-fan, madaniy merosni muhofaza qilish va gumanitar sheriklikka asoslangan yangi xalqaro hamkorlik davriga mustahkam zamin yaratishiga ishonch bildirdilar.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.