Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Toskana viloyati gubernatori: “Islom sivilizatsiyasi markazini butun dunyoga yanada kengroq tanitish kerak”

2026 yil 14-iyul kuni Italiyaning Toskana viloyati gubernatori Eujenio Jani boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamrohligida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.

Markaz bilan tanishuvdan so‘ng Eujenio Jani taassurotlari bilan o‘rtoqlashib, uni O‘zbekistonni jahon jamoatchiligiga yanada kengroq tanitishga xizmat qiladigan muhim ma’rifiy maskan sifatida baholadi:

“Markaz menda juda katta taassurot qoldirdi. O‘zbekiston tarixi bu yerda nihoyatda mazmunli, ta’sirchan va tomoshabinni tarixiy jarayonlar ichiga olib kiradigan tarzda namoyon etilgan. Buni ko‘rish men uchun haqiqiy hayajon bo‘ldi. Ayniqsa, ushbu Markazning O‘zbekistonni dunyoga yanada yaxshiroq tanitish yo‘lida muhim xizmat qilayotganini alohida ta’kidlashni istardim. O‘zbekiston butun sayyorada yanada kengroq tanitilishi va targ‘ib etilishi kerak. Shu ma’noda, Italiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar istiqbolini juda yuqori baholayman. Biz tinchlik, madaniyat va o‘zaro anglashuvga intiladigan mamlakatlar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishga muhtojmiz”, — dedi Eujenio Jani.

Tashrif davomida delegatsiya a’zolari Markazning muzey ekspozitsiyalari bilan batafsil tanishdilar. Mehmonlarga O‘zbekiston zaminida shakllangan ilmiy-ma’rifiy maktablar, Movarounnahr allomalarining islom sivilizatsiyasi va jahon ilm-fani taraqqiyotidagi o‘rni, nodir qo‘lyozmalar, kitobat an’analari, me’morchilik va san’at namunalari haqida ma’lumot berildi.

Ekspozitsiyalar mehmonlarga qadimiy sivilizatsiyalardan boshlab islom ilm-fani ravnaqi, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, buyuk mutafakkirlar merosi hamda Yangi O‘zbekistonda madaniy meros va ma’rifatga qaratilayotgan e’tiborni yaxlit mazmunda ko‘rsatdi. Markazda tarix faqat voqealar ketma-ketligi sifatida emas, balki ilm, madaniyat, ma’rifat va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ochib beruvchi keng qamrovli ma’rifiy muhit sifatida namoyon bo‘ldi.

Tashrif yakunida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov Markazning global ahamiyati, uning O‘zbekistonning boy ilmiy-ma’rifiy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib etishdagi o‘rni hamda sivilizatsiyalar o‘rtasidagi madaniy muloqotni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi. Shuningdek, Markaz Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimiz tarixiy merosini zamonaviy formatda jahon jamoatchiligiga yetkazishga qaratilgan yirik ma’rifiy loyiha ekani qayd etildi.

Shundan so‘ng tomonlar o‘rtasida esdalik sovg‘alari almashildi. Shuningdek. Eujenio Jani Markazning Faxriy mehmonlar kitobiga tashrifdan olgan taassurotlari haqida o‘z dil so‘zlarini yozib qoldirdi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.