Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

World News AM: “Birinchi xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi Deklaratsiyasi qabul qilindi”

World News AM xalqaro axborot portali Birinchi xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasiga alohida e’tibor qaratib, unda O‘zbekiston tashabbusi bilan islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib qilishga qaratilgan o‘nta yirik xalqaro tashabbus ilgari surilganini yoritdi. Nashrda Jahon alyansini tashkil etish, merosning yagona raqamli reyestri va global raqamli kutubxonasini yaratish, xalqaro mukofot, ensiklopediya, tadqiqotlar jamg‘armasi hamda muzeylar ittifoqini ta’sis etish kabi tashabbuslar islom sivilizatsiyasi sohasida xalqaro hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berishi ta’kidlangan.

Biz, 2026-yil 7–8 iyul kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Birinchi xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi ishtirokchilari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga chuqur minnatdorligimizni bildiramiz hamda u kishining 2017-yil sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan tarixiy tashabbusining bugungi jamiyat uchun beqiyos ahamiyatini alohida e’tirof etamiz. Ushbu tashabbus Islom sivilizatsiyasining boy insonparvarlik merosini qayta tiklash, ilmiy o‘rganish va keng targ‘ib etishga qaratilgan.

Biz yakdillik bilan e’tirof etamizki, O‘zbekiston Respublikasidagi Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilishi, uning samarali faoliyati yo‘lga qo‘yilishi hamda Birinchi xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumining o‘tkazilishi mazkur tashabbusning amaliy ifodasi bo‘ldi. Bu sa’y-harakatlar musulmon ummatining bebaho merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib qilish sohasida xalqaro hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi.

– Tinchlik, bag‘rikenglik, ma’rifat, madaniyatlararo va dinlararo muloqot tamoyillariga tayangan holda;

– Islom sivilizatsiyasining jahon ilm-fani, ta’lim, san’at, me’morchilik hamda ma’naviy va intellektual tafakkur rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini e’tirof etib;

– jaholat, ekstremizm, ksenofobiya, islomofobiya va Islom merosi haqidagi buzib ko‘rsatilgan tasavvurlarga qarshi kurashish zarurligini tan olgan holda;

– diniy va madaniy merosni ilmiy jihatdan o‘rganish xalqaro ishonchni mustahkamlash va barqaror taraqqiyotni ta’minlashda tobora muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidlab;

– qadimgi va zamonaviy O‘zbekiston hamda butun mintaqa Islom va jahon sivilizatsiyasi shakllanishi va taraqqiyotiga ulkan tarixiy hissa qo‘shganini e’tirof etgan holda, ushbu Deklaratsiyani qabul qilamiz.

Islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib qilish sohasida xalqaro hamkorlikning yangi tizimini shakllantirish maqsadida Birinchi xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi ishtirokchilari quyidagi global tashabbuslarni ilgari suradi:

1. Islom sivilizatsiyasi bo‘yicha Jahon alyansi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi negizida xalqaro tashkilotlar, ilmiy va ta’lim muassasalari, fanlar akademiyalari, muzeylar, kutubxonalar, jamg‘armalar, arxivlar, islom qo‘lyozmalari markazlari, tadqiqot institutlari va boshqa manfaatdor tashkilotlarni birlashtiruvchi Jahon alьyansini tashkil etish taklif etiladi.

Alyansning asosiy maqsadi – barqaror xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma ilmiy, ta’limiy, madaniy, muzey va raqamli loyihalarni amalga oshirish, bilim va ilg‘or tajribalar almashinuvini ta’minlash hamda Islom sivilizatsiyasining jahon madaniy va intellektual merosining ajralmas qismi sifatidagi ijodiy yutuqlarini asrash, o‘rganish va targ‘ib qilishga qaratilgan sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishdan iborat.

2. Islom sivilizatsiyasi merosining Jahon raqamli reyestri

Islom sivilizatsiyasi merosiga oid qo‘lyozmalar, arxiv hujjatlari, muzey to‘plamlari, me’moriy yodgorliklar, nomoddiy madaniy meros va ilmiy tadqiqotlarni yagona xalqaro raqamli platformada jamlash va yuritish taklif etiladi.

3. «Islom sivilizatsiyasi – butun insoniyat merosi» xalqaro dasturi

Islom sivilizatsiyasining jahon ilm-fani, madaniyati va ta’limiga qo‘shgan hissasini keng yoritishga qaratilgan kompleks xalqaro dasturni amalga oshirish taklif etiladi. Dastur doirasida xalqaro ko‘rgazmalar, ta’lim loyihalari, ilmiy anjumanlar, nashriyot faoliyati va madaniy tadbirlar tashkil etiladi.

4. Xalqaro Islom sivilizatsiyasi mukofoti

Islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib qilish, shuningdek, ilm-fan, ta’lim, madaniyatlararo muloqot va gumanitar hamkorlik rivojiga munosib hissa qo‘shgan shaxslarni taqdirlash maqsadida xalqaro mukofot ta’sis etish taklif qilinadi.

5. Islom sivilizatsiyasini o‘rganish xalqaro jamg‘armasi

Fundamental ilmiy tadqiqotlar, tarixiy yodgorliklarni restavratsiya qilish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash, nashriyot loyihalarini amalga oshirish hamda xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirish uchun xalqaro jamg‘arma tashkil etish taklif qilinadi.

6. Islom sivilizatsiyasining Global raqamli kutubxonasi

Islom sivilizatsiyasi merosiga bag‘ishlangan qo‘lyozmalar, ilmiy asarlar, arxiv hujjatlari, muzey kolleksiyalari, ta’lim resurslari va raqamli ko‘rgazmalarni birlashtiruvchi ko‘p tilli raqamli kutubxonani tashkil etish taklif qilinadi.

7. Islom sivilizatsiyasi xalqaro ensiklopediyasi

Islom sivilizatsiyasi tarixi, mashhur allomalar, ilmiy maktablar, madaniy yodgorliklar va Islom olamining buyuk yutuqlariga bag‘ishlangan ko‘p jildli ilmiy ensiklopediyani tayyorlash va nashr etish taklif qilinadi.

8. Islom sivilizatsiyasi merosi holati bo‘yicha har yillik xalqaro hisobot

Madaniy va ta’lim merosi obyektlarining holati, ilmiy tadqiqotlar natijalari, mavjud muammolar hamda Islom sivilizatsiyasi merosini asrash va o‘rganish sohasidagi xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini qamrab oluvchi tahliliy hisobotni har yili tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish taklif qilinadi.

9. Xalqaro Yoshlar Islom sivilizatsiyasi forumi

Yosh olimlar, tadqiqotchilar, talabalar va madaniy meros sohasi mutaxassislari o‘rtasida muloqot uchun doimiy xalqaro platformani tashkil etish hamda Islom sivilizatsiyasini o‘rganuvchi yangi avlod olimlarini shakllantirish taklif qilinadi.

10. Islom madaniyati, san’ati va sivilizatsiyasi muzeylarining xalqaro ittifoqi

Turli mamlakatlardagi yetakchi muzeylar, muzey majmualari, galereyalar va ixtisoslashgan muassasalarni birlashtiruvchi Islom madaniyati, san’ati va sivilizatsiyasi muzeylarining xalqaro ittifoqini tashkil etish taklif qilinadi.

Ittifoq xalqaro muzey hamkorligini rivojlantirish, qo‘shma ko‘rgazmalar tashkil etish, tadqiqotlar o‘tkazish, restavratsiya, ta’lim va raqamli loyihalarni amalga oshirish, muzey kolleksiyalari, ilg‘or tajribalar va mutaxassislar almashinuvini ta’minlash hamda Islom madaniyati, san’ati va sivilizatsiyasi merosini asrash, o‘rganish va targ‘ib qilishga xizmat qiladi.

Shuningdek, Birinchi xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumida saylangan Forum Xalqaro kengashini doimiy muvofiqlashtiruvchi organ sifatida saqlab qolish taklif etiladi. Unga forum ishtirokchilari tomonidan bildirilgan barcha tashabbus va takliflarni birlashtirish, 2030-yilgacha bo‘lgan qo‘shma harakatlar bo‘yicha xalqaro «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish va tasdiqlash hamda uni mazkur Deklaratsiyani amalga oshirishning amaliy mexanizmi sifatida forum ishtirokchilariga, xalqaro tashkilotlarga va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatiga taqdim etish vazifasi yuklatiladi.

Biz, Forum ishtirokchilari, davlatlar, xalqaro tashkilotlar, ilmiy muassasalar, universitetlar, muzeylar, kutubxonalar va jamoat tashkilotlarini tinchlik, o‘zaro hurmat, ma’rifat hamda Islom sivilizatsiyasining insoniyat umumiy madaniy xazinasining ajralmas qismi bo‘lgan boy merosini asrab-avaylash yo‘lida ushbu tashabbuslarni amalga oshirish uchun hamkorlik qilishga chaqiramiz.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.