

Yangiliklar
Al-Ahram gazetasi: “Toshkentdan taralayotgan yangi sivilizatsion chaqiriq”
Misrning nufuzli nashrlaridan biri — Al-Ahram gazetasining ingliz tilidagi tahliliy platformasida e’lon qilingan maqolada O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Islom sivilizatsiyasining o‘tmishi va kelajagi haqidagi global mulohazalar uchun muhim maydon sifatida baholanadi. Muallif markazni ziyorat qilish asnosida Islom sivilizatsiyasi «o‘tmish merosi» emas, balki insoniyat taraqqiyotiga xizmat qilishda davom etayotgan jonli sivilizatsion loyiha ekanini ta’kidlaydi. Nashrda O‘zbekistonning Islom sivilizatsiyasi merosini zamonaviy ilm-fan va texnologiyalar bilan uyg‘un holda namoyon etishga qaratilgan sa’y-harakatlari, xususan, Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati yangi intellektual uyg‘onish va Uchinchi Renessans g‘oyasining amaliy ifodasi sifatida e’tirof etilgan.
O‘tgan hafta O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan yaqinda ochilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldim. Nodir qo‘lyozmalar, ming yildan ziyod tarixga ega Qur’oni karim nusxalari hamda sivilizatsiya xotirasini tashrif buyuruvchi bilan jonli muloqotga aylantiruvchi zamonaviy texnologiyalar orasida yurar ekanman, qalbimda ko‘plab savollar tug‘ildi. Ular ichida eng muhimlaridan biri shu edi: makon va zamon qanday qilib insoniyat tarixining buyuk savollarini yana kun tartibiga olib chiqadi?
Qariyb o‘ttiz yil avval Garvard universitetida tahsil olar ekanman, Samuel Hantington nomi ma’ruza zallari va ilmiy bahs-munozaralarda eng ko‘p tilga olinadigan nomlardan biri edi. Uning «Sivilizatsiyalar to‘qnashuvi» haqidagi nazariyasi G‘arb siyosiy tafakkuriga va kelajak dunyo haqidagi tasavvurlarga kuchli ta’sir ko‘rsatayotgan edi. Bu tasavvurga ko‘ra, kelajakdagi dunyo sivilizatsiyalar o‘rtasidagi ajralish, raqobat va qarama-qarshiliklarga asoslanadi, Islom esa G‘arb akademik muhiti nazarida eng murakkab raqib sifatida ko‘riladi.
Men o‘qidim, tingladim, bahslarda ishtirok etdim. Biroq qalbimda sokin, ammo qat’iy ishonch bor edi: bu nazariyaning tub negizida jiddiy nuqson mavjud. Unda tasvirlangan sivilizatsiya go‘yoki tugagan yoki eng yaxshi holatda vaqtda qotib qolgan edi. Men bilgan Islom sivilizatsiyasi esa bunday emasdi.
So‘ng 11 sentyabr voqealari yuz berdi. Bu G‘arb jamoatchilik ongida Islom va musulmonlarga nisbatan ulkan salbiy munosabat to‘lqinini keltirib chiqardi. Ilmiy nashrlar va ommaviy axborot vositalari turli ko‘rinishda bir xil savolni takrorlay boshladi: «Islomda nima xato ketdi?»
Natijada aybdorlar tarixiy jarohatlar, mustamlakachilik merosi yoki xalqaro tizimdagi tuzilmaviy adolatsizliklar emas, balki dinning o‘zi go‘yoki muhokama obyektiga aylantirildi. Meni eng ko‘p tashvishga solgan jihat savolning o‘zi emas, balki uning mazmunidan mahrum qilinib, ortiqcha yuklangani edi. Shu tariqa u tanqidiy tahlildan yashirin ayblovga aylanib qoldi.
Oradan o‘n yil o‘tib, «Arab bahori» deb nom olgan voqealar «siyosiy Islomning muvaffaqiyatsizligi» haqidagi yangi sahifani ochdi. Biz hali-hamon o‘sha achchiq tajribaning oqibatlarini boshdan kechirmoqdamiz. Bu jarayon yana bir xavfli holatni yuzaga keltirdi: Islom dini va sivilizatsiyasi siyosiy islomchilik harakatlari bilan aralashtirib yuborildi, butun bir boy an’ana hokimiyat uchun kurash doirasiga qisqartirildi.
Yaqin tarixning ana shu uch muhim nuqtasidan yana Toshkentga qaytaman va bu yerda o‘sha savollarga o‘ziga xos javobni ko‘raman. Bu himoyalanishga qaratilgan javob emas, ayblovga qarshi ayblov bilan javob berish ham emas. Bu mutlaqo boshqa mantiqqa asoslangan javobdir.
Bir paytlar Islom intellektual sivilizatsiyasining buyuk markazlaridan biri bo‘lgan shaharning qoq markazida qad rostlagan ushbu muhtasham inshoot o‘zining ko‘lami, me’morchiligi va mazmuni bilan bir haqiqatni e’lon qiladi: Islom sivilizatsiyasi hech qachon uzilmagan va uning insoniyatga xizmat qilishga qaratilgan buyuk loyihasi hech qachon yakunlanmagan.
Aslida muammo hech qachon Islomning o‘zida bo‘lmagan. Muammo keyingi asrlarda Islomning boy va mukammal sivilizatsion tizimi bilan ko‘plab musulmon jamiyatlaridagi amaliy hayot o‘rtasidagi tobora kengayib borgan uzilishda edi. G‘azzoliy, Ibn Rushd, Ibn Sino, Ibn Xaldun va Beruniy kabi buyuk allomalarni yetishtirgan, markazida Toshkent joylashgan ana shu sivilizatsiyaning o‘zi bugungi inqirozlarining manbai, deb aytishga hech qanday asos yo‘q.
Bugun zarur bo‘lgan uyg‘onish, avvalo, insonni qayta tarbiyalashdan boshlanadi. O‘zligini anglagan, biroq tafakkuri ochiq insonni shakllantirish lozim. U buyuk merosdan yangi savollarga javob topish uchun foydalanadi, eski javoblar ortiga yashirinib olmaydi va ulardan butunlay voz kechmaydi.
Bu uyg‘onish aqlni hurmat qiladigan, bilim yaratadigan va fikrlar xilma-xilligini dalil hamda madaniyat asosida boshqaradigan haqiqiy ilmiy muassasalar orqali amalga oshadi. Uning eng yuksak ifodasi esa Islomning buyuk qadriyatlari — adolat, rahm-shafqat, komillik va inson qadr-qimmatidir. Bu qadriyatlar devorlarga yozib qo‘yiladigan shiorlar emas, balki davlat siyosati, qonunchilik va kundalik hayotda namoyon bo‘lishi lozim bo‘lgan tamoyillardir.
Toshkentdagi ana shu zalda, hazrati Usmon mus’hafi tarix va zamonaviy texnologiyani birlashtirgan muhitda saqlanayotgan joyda men Islom sivilizatsiyasini faqat o‘tmish sivilizatsiyasi sifatida emas, balki kelajak imkoniyati sifatida ko‘rdim.
Men o‘zligini yo‘qotmasdan dunyo bilan muloqot qila oladigan jamiyat timsolini ko‘rdim. Na o‘zini dunyodan uzib qo‘yadigan, na o‘zligini yo‘qotguncha ochilib ketadigan jamiyatni. Balki kim ekanini anglagan holda atrofida kechayotgan jarayonlar bilan ishonchli muloqot qiladigan sivilizatsiyani ko‘rdim.
Toshkentdan butun dunyo eshitishi lozim bo‘lgan bir xabar bor: Islom sivilizatsiyasiga uni himoya qiladiganlardan ko‘ra, uni qayta barpo etadigan insonlar ko‘proq kerak. Uni qadamma-qadam, muassasama-muassasa va avlodma-avlod qayta qurish lozim.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.