Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Hauptstadtecho: "O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi birinchi xalqaro forumiga mezbonlik qildi"

Germaniyaning siyosiy-tahliliy yo‘nalishdagi “Hauptstadtecho”  nashri O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilgan Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumini mamlakatning ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyoti va xalqaro nufuzini namoyon etgan muhim voqea sifatida e’tirof etdi. Nashrda qayd etilishicha, Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida tashkil etilgan anjuman islom sivilizatsiyasining tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifatga asoslangan ezgu g‘oyalarini targ‘ib qilish, sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash hamda boy tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash yo‘lidagi xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirishga xizmat qildi. Shu bilan birga, forum O‘zbekistonning Uchinchi Renessans g‘oyasini amalga oshirish, buyuk allomalar merosini zamonaviy taraqqiyot bilan uyg‘unlashtirish va mamlakatni islom sivilizatsiyasining yirik ilmiy-ma’rifiy markazlaridan biri sifatida yanada mustahkamlash yo‘lidagi tashabbuslarini xalqaro jamoatchilik e’tiboriga olib chiqqan muhim muloqot maydoni sifatida baholandi.

2026-yil 7–11 iyul kunlari O‘zbekistonda «Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li» mavzusida Islom sivilizatsiyasining birinchi xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi. Forumda dunyoning 40 mamlakati vakillaridan iborat qariyb 300 nafar ishtirokchi qatnashdi. Anjuman dastlab O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida, so‘ngra Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi va Termizdagi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida davom etdi.

Forum ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, muhtaram Shavkat Mirziyoyev nomiga murojaat qabul qildi.

Unda shunday deyiladi:

«Muhtaram Prezident!

Biz — Islom sivilizatsiyasi birinchi xalqaro forumi ishtirokchilari, jumladan, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, xorijiy akademik va ta’lim muassasalari vakillari, vazirlar, muftiylar, taniqli olimlar, universitetlar, ilmiy-tadqiqot institutlari, kutubxonalar, muzeylar hamda madaniy muassasalarning ellikdan ortiq mamlakatdan tashrif buyurgan vakillari Sizga samimiy minnatdorchiligimiz va chuqur ehtiromimizni izhor etamiz.

Avvalo, shuni alohida ta’kidlamoqchimizki, aynan Sizning shaxsiy tashabbusingiz va qat’iy qo‘llab-quvvatlashingiz bilan chaqirilgan Islom sivilizatsiyasi birinchi xalqaro forumi o‘z mazmuni, ahamiyati va keng qamrovli ta’siri bilan an’anaviy xalqaro ilmiy anjuman doirasidan ancha yuksak pog‘onaga ko‘tarildi. U ulkan ahamiyatga ega tarixiy voqeaga aylanib, xalqaro hamjamiyat tomonidan keng e’tirof etildi.

Shubha yo‘qki, forum ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatingizda ilgari surilgan uzoqni ko‘zlagan g‘oyalar va tamoyillar forum kun tartibini belgilab berdi, muhokamalarning asosiy maqsad va yo‘nalishlarini aniqladi hamda to‘rt kun davomida xalqaro hamjamiyat diqqat markazida kechgan bahs-munozaralarga yo‘l ochdi. Bu g‘oyalar mazmunli muloqot va samarali xalqaro ilmiy hamkorlik uchun intellektual hamda ma’naviy poydevor bo‘lib xizmat qildi.

Biz ishonamizki, musulmon olamining yetakchi ilm-fan va intellektual doiralari vakillarini birlashtirgan ushbu forum insoniyatning umumiy ma’naviy, madaniy va intellektual merosining ajralmas qismi bo‘lgan islom sivilizatsiyasining boy merosini o‘rganish, asrab-avaylash, muhofaza qilish va targ‘ib etishga qaratilgan global hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi.

Forumning Toshkent, Samarqand va Termiz kabi tarixiy shaharlarda o‘tkazilgani uning ilmiy ruhi va tarixiy ahamiyatini yanada yuksaltirdi. Aynan shu muborak zaminda asrlar davomida buyuk ilm-fan markazlari ravnaq topgan, ilohiyot, falsafa, tibbiyot, matematika, astronomiya va boshqa ko‘plab ilm sohalariga beqiyos hissa qo‘shgan fundamental asarlar yaratilgan. Insoniyat taraqqiyotiga chuqur ta’sir ko‘rsatgan ko‘plab g‘oya va kashfiyotlar aynan shu shaharlarda dunyoga kelib, keyinchalik butun olamga tarqalgan.

Biz 2017-yil sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Siz tomoningizdan O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish tashabbusi ilgari surilganini alohida yuksak baholaymiz. Biz ushbu tashabbusni so‘nggi o‘n yillikdagi eng muhim xalqaro gumanitar tashabbuslardan biri, O‘zbekistonning boy tarixi va madaniy merosini yagona sivilizatsion hodisa sifatida anglashda yangi bosqichni boshlab bergan tarixiy qadam, deb hisoblaymiz.»

Bu tarixiy tashabbus xalqaro ilmiy hamjamiyatni birlashtirish, islom sivilizatsiyasining jahon ilm-fani, madaniyati va ma’naviyati rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini xolisona o‘rganish va keng e’tirof etish uchun ulkan imkoniyatlar yaratdi. Ayni paytda u Yangi Uyg‘onish davri — Uchinchi Renessansning intellektual va ma’naviy poydevorini shakllantirishda muhim bosqichga aylandi.

Bugun biz har qachongidan ham ravshanroq anglayapmizki, ushbu tashabbus zamonaviy dunyoning tahdid va sinovlariga berilgan dolzarb va uzoqni ko‘zlagan javob bo‘ldi. Dunyoning turli hududlarida islomning insonparvarlik mohiyatini buzib ko‘rsatishga, madaniyatlar va sivilizatsiyalarni bir-biriga qarshi qo‘yishga, musulmon olimlarining jahon ilm-fani va madaniyati taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasini kamsitishga urinishlar kuzatilayotgan bir paytda, Siz xalqaro hamjamiyatga ma’rifat, ilmiy tadqiqot, tarixiy haqiqatga hurmat va islom sivilizatsiyasining haqiqiy merosini xolisona yoritishga asoslangan konstruktiv yo‘lni taklif etdingiz. Bu tarixiy adolatni tiklash, ochiq akademik muloqot madaniyatini mustahkamlash, o‘zaro hurmatni yuksaltirish va xalqaro gumanitar hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Bugun ushbu ezgu intilishlar alohida global ahamiyat kasb etmoqda. Zero, aynan bilim, tarixiy xotira va xalqlarning intellektual salohiyatini birlashtirish orqali davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch mustahkamlanadi, ekstremizm, radikalizm va murosasizlikka qarshi samarali kurash kuchayadi, sivilizatsiyalar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv chuqurlashadi hamda tinchlik, barqaror taraqqiyot va umumiy farovonlik uchun mustahkam ma’naviy zamin yaratiladi. Shubhasiz, ana shunday dolzarb va keng qamrovli g‘oyalarni o‘zida mujassam etgan Sizning murojaatingiz kelgusidagi umumiy sa’y-harakatlarimiz uchun yo‘l ko‘rsatuvchi tarixiy va dasturiy hujjat bo‘lib qoladi.

Biz guvoh bo‘lib turibmizki, Sizning uzoqni ko‘zlagan qarashlaringiz, dono rahbarligingiz, qat’iy sa’y-harakatlaringiz hamda o‘tmish, bugun va kelajakni yagona uzluksiz tarixiy jarayon sifatida anglash qobiliyatingiz tufayli O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat jahon darajasidagi ilmiy-ma’rifiy muassasaga, balki davlatlar, xalqaro tashkilotlar, yetakchi olimlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari, universitetlar, kutubxonalar, muzeylar hamda ma’naviy-ma’rifiy markazlarni birlashtiruvchi nufuzli xalqaro maydonga aylanmoqda. Markaz islom sivilizatsiyasining beqiyos merosini o‘rganish, asrab-avaylash, muhofaza qilish va targ‘ib etishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun muhim platforma vazifasini bajarmoqda.

Biz ishonamizki, yaqin yillarda mazkur Markaz gumanitar fanlar sohasidagi dunyoning yetakchi muassasalari qatoridan munosib o‘rin egallaydi hamda innovatsion g‘oyalar, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va uzoq muddatli xalqaro sherikliklar rivoj topadigan yirik madaniy, ta’limiy va akademik markazga aylanadi.

Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasida ma’naviy, ilmiy va madaniy merosni asrab-avaylash hamda targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bizda katta taassurot qoldirdi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, qayta ta’mirlangan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkentdagi Imom Buxoriy nomidagi Islom instituti hamda boshqa noyob muassasalar tarixiy xotirani asrash, fundamental ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va xalqaro gumanitar hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan izchil davlat siyosatining yaqqol ifodasidir.

Qisqacha aytganda, islom ilm-fani, madaniyati va ma’rifati qadimiy beshiklaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi bugun gumanitar hamkorlik, ilmiy tadqiqotlar va sivilizatsiyalar muloqotining yetakchi markazlaridan biri sifatida o‘zining tarixiy o‘rnini yanada mustahkamlamoqda.

Muhtaram Prezident!

Islom sivilizatsiyasi birinchi xalqaro forumi «Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li» shiori ostida o‘tkazilgani alohida yuksak e’tirofga loyiqdir. Islom sivilizatsiyasining insonparvarlik mohiyatini o‘zida mujassam etgan ushbu abadiy va o‘zaro chambarchas bog‘liq qadriyatlar bugungi dunyo uchun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.

Bu buyuk meros butun insoniyatning madaniy, ma’naviy va intellektual boyligining ajralmas qismi hisoblanadi. Shu bois uni asrab-avaylash, har tomonlama o‘rganish va kelajak avlodlarga yetkazish xalqaro tashkilotlar, davlatlar, jahon akademik hamjamiyati hamda tinchlik, o‘zaro anglashuv va hamkorlikni mustahkamlashga intiluvchi barcha insonlarning umumiy mas’uliyatidir.

Biz forum yakunida qabul qilingan Deklaratsiyani, shuningdek, islom sivilizatsiyasi merosini asrash, o‘rganish va targ‘ib etish bo‘yicha qabul qilingan Yo‘l xaritasini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz hamda ularni uzoq muddatli xalqaro hamkorlik uchun mustahkam asos deb hisoblaymiz.

Biz samimiy umid qilamizki, Siz bundan keyin ham ushbu hujjatlarda belgilangan tashabbuslarni izchil qo‘llab-quvvatlab, ularni amalga oshirishda yetakchi o‘rin tutishda davom etasiz. Bu esa xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, umumiy ma’naviy merosimizni asrab-avaylash hamda islom sivilizatsiyasini tinchlik, ma’rifat va o‘zaro anglashuv manbai sifatida yanada keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.

Forum qarorlarini amaliy chora-tadbirlarga aylantirish maqsadida, Siz bilan maslahatlashgan holda, Islom sivilizatsiyasi bo‘yicha Jahon alyansini tashkil etish tashabbusini ilgari surish niyatidamiz.

Biz ishonamizki, mazkur Alyans qo‘shma ilmiy tadqiqot dasturlarini muvofiqlashtirish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni qo‘llab-quvvatlash, akademik almashinuvlarni kengaytirish, xalqaro nashrlar loyihalarini amalga oshirish, madaniy merosni asrash va targ‘ib qilish, shuningdek, xalqlar o‘rtasidagi gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Forum davomida qabul qilingan qarorlar ushbu ezgu tashabbus O‘zbekistonda ilgari surilganiga qaramay, bugun keng xalqaro qo‘llab-quvvatlovga ega bo‘lganini va jahon ilmiy hamda intellektual hamjamiyatining umumiy tashabbusiga aylanayotganini yaqqol ko‘rsatdi. Biz mazkur qarorlarni amalga oshirish, islom sivilizatsiyasining buyuk merosini asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazish yo‘lida intellektual, ilmiy va ma’naviy salohiyatimizni birlashtirishga tayyor ekanimizni yana bir bor tasdiqlaymiz.

Biz ishonamizki, tarixiy O‘zbekiston zaminida qabul qilingan ushbu qarorlar islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish, asrash va keng targ‘ib etish sohasida xalqaro hamkorlikning yangi bosqichi uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu Deklaratsiyani qabul qilish orqali biz mazkur qarorlarni amalga oshirish borasidagi umumiy va yuksak mas’uliyatimizni yana bir bor tasdiqlaymiz hamda butun insoniyatning umumiy merosining ajralmas qismi bo‘lgan buyuk ma’naviy va intellektual boylikni asrab-avaylash, tinchlik, ma’rifat va o‘zaro hurmat g‘oyalarini ilgari surish yo‘lida Siz bilan birgalikda sa’y-harakat qilishga sodiqligimizni bildiramiz.

Muhtaram Prezident!

Biz Sizga, shuningdek, Siz orqali forumning barcha tashkilotchilariga hamda ko‘p millatli O‘zbekiston xalqiga Islom sivilizatsiyasi birinchi xalqaro forumini yuksak saviyada tashkil etganingiz va barcha ishtirokchilarga ko‘rsatilgan samimiy hamda saxovatli mehmondo‘stlik uchun chuqur minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Sizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat hamda o‘zbek xalqi farovonligi yo‘lidagi ezgu va mas’uliyatli faoliyatingizda yanada ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.

Shuningdek, «Yangi O‘zbekiston» strategiyasini izchil amalga oshirishda, Uchinchi Renessansning mustahkam poydevorini barpo etishda, shuningdek, O‘zbekistonning ilm-fan, ta’lim, islom sivilizatsiyasi, gumanitar hamkorlik va sivilizatsiyalar muloqotining dunyodagi yetakchi markazlaridan biri sifatidagi yuksak nufuzi va obro‘-e’tiborini yanada mustahkamlash yo‘lida Sizga yangi zafarlar tilaymiz.

Yaratgan Alloh taolo barcha ezgu niyatlaringiz va xayrli ishlaringizni barakali qilib, ularga ulkan yaxshilik va farovonlik ato etsin.

Islom sivilizatsiyasi birinchi xalqaro forumida qabul qilingan qarorlar jahon xalqlari o‘rtasida o‘zaro anglashuv, adolat va hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilsin.

Olamlar Parvardigori buyuk, uch ming yillik tarixga ega sivilizatsiyani yaratgan mehnatkash, mehmondo‘st va olijanob O‘zbekiston xalqiga tinchlik, milliy birlik, farovonlik va yanada yuksalish ato etsin. U zot xalqning bunyodkorlik salohiyatini yanada yuksaltirib, barcha ezgu maqsad va orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish nasib etsin.

Hurmat bilan,

Islom sivilizatsiyasi birinchi xalqaro forumi ishtirokchilari

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.