

Yangiliklar
Rossiyalik olim: «Imom Buxoriy majmuasi mahobati bilan Toj Mahalni eslatdi»
Rossiyalik imom-xatib, tarix fanlari nomzodi Islom Zaripov O‘zbekistonda barpo etilgan yangi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasining me’moriy mahobati va ko‘lamini Hindistonning mashhur Toj-Mahal maqbarasi bilan qiyosladi.
Islom Zaripov joriy yilning 7–11 iyulь kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida bo‘lib o‘tgan I Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi ishtirokchilaridan biri sifatida O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Forum dunyoning 40 dan ortiq mamlakatidan kelgan yuzlab olimlar, din arboblari va xalqaro tashkilotlar vakillarini bir maydonga jamlab, islom sivilizatsiyasining boy ilmiy va ma’naviy merosini o‘rganish, asrash hamda targ‘ib qilish masalalari muhokama qilingan nufuzli xalqaro anjumanga aylandi.
Forum doirasida olim Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini ziyorat qildi. Uning ta’kidlashicha, bolalikdanoq Buxoro va Samarqand nomlari uning tasavvurida o‘rta asrlardagi ilm-fan va ma’rifatning buyuk markazlari sifatida muhrlangan.
«Islom ilohiyoti bilan shug‘ullanadigan inson uchun Imom Buxoriy yurtiga qadam qo‘yish so‘z bilan ifodalash qiyin bo‘lgan tuyg‘u», — deydi Islom Zaripov.
Olimning fikricha, qayta barpo etilgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi nafaqat o‘zining ulkan me’moriy yechimi va muhtasham qiyofasi, balki ma’naviy muhiti bilan ham jahonning eng mashhur ziyoratgohlari qatorida munosib o‘rin egallashga loyiq. Shu bois u majmuani insoniyat me’morchiligining durdonalaridan biri sanalgan Toj-Mahal bilan qiyoslagan. Ishchi tashrif doirasida Islom Zaripov O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasi bilan ham yaqindan tanishdi. U Markazda islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik ilmiy, madaniy va ma’naviy merosi zamonaviy muzey texnologiyalari asosida taqdim etilayotganini yuqori baholab, bu yerni ilmiy muloqot va ma’rifat uchun muhim xalqaro maydon sifatida e’tirof etdi.
Islom Zaripovning fikricha, bugungi kunda O‘zbekiston buyuk allomalar merosini o‘rganish, asrab-avaylash va uni xalqaro jamoatchilikka yetkazish borasida izchil davlat siyosatini amalga oshirmoqda. Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, shuningdek, mamlakatda tashkil etilgan xalqaro ilmiy forumlar ana shu ezgu sa’y-harakatlarning amaliy ifodasi hisoblanadi.
Rossiyalik olimning ushbu e’tirofi O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi merosini tiklash va targ‘ib etish, ilm-fan va sivilizatsiyalar muloqotini rivojlantirish yo‘lidagi tashabbuslari xalqaro ilmiy jamoatchilik tomonidan ham yuksak baholanayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda Samarqand viloyatida joylashgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi islom olamining eng yirik ziyorat va ma’naviy-ma’rifiy maskanlaridan biri hisoblanadi. Prezident tashabbusi bilan to‘liq rekonstruksiya qilingan majmuada buyuk muhaddis Imom Buxoriy maqbarasi, 10 ming namozxonga mo‘ljallangan muhtasham masjid, muzey, ayvonlar va ziyoratchilar uchun zamonaviy infratuzilma barpo etilgan. Majmua Imom Buxoriyning boy ilmiy merosini keng targ‘ib etish, ziyorat turizmini rivojlantirish hamda musulmon olamining ma’naviy aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.