

Yangiliklar
Al Watan: "O‘zbekistondan dunyoga yo‘llangan tashabbus: Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi o‘tmishdan kelajak sari"
Saudiya Arabistonining yetakchi nashrlaridan biri — Al Watan Birinchi xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumini O‘zbekistonning islom merosini zamonaviy taraqqiyot bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan muhim sivilizatsion tashabbusi sifatida baholadi. Nashr forumda ilgari surilgan xalqaro institutsional tashabbuslar bilan bir qatorda, Saudiya Arabistoni Qirollik devoni maslahatchisi, Katta ulamolar hay’ati a’zosi, Masjidul Harom imomi va xatibi shayx doktor Solih ibn Abdulloh ibn Humaydning Islom sivilizatsiyasining asosi adolat, ilm, inson qadri va bag‘rikenglik ekani haqidagi fikrlariga ham alohida e’tibor qaratdi. Maqolada forum O‘zbekistonning jahon islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib etish sohasidagi xalqaro nufuzini yanada mustahkamlagani ta’kidlanadi.
2026-yil 7–11 iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasida «Tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat yo‘li» shiori ostida o‘tkazilgan Birinchi xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi nafaqat olimlar va mutaxassislarni birlashtirgan ilmiy anjuman, balki insoniyat tarixida Islom sivilizatsiyasining tutgan o‘rnini yana bir bor yoritgan, uning ilm-fan va tafakkurga asoslangan qadriyatlarini muloqot, hamjihatlik va kelajakni barpo etishning muhim poydevori sifatida namoyon etgan keng qamrovli sivilizatsion loyiha bo‘ldi.
Forum O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev homiyligida, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Islom olami ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) hamkorligida tashkil etildi. Unda vazirlar, xalqaro va diniy tashkilotlar rahbarlari, shuningdek, 40 mamlakatdan 300 dan ortiq ma’ruzachi ishtirok etdi. Bu esa O‘zbekistonning islom merosining eng muhim tarixiy markazlaridan biri sifatidagi nufuzini yana bir bor tasdiqladi.
Ilm va insoniyatga xizmat
Forum bugungi kunni ko‘p asrlik sivilizatsion ildizlar bilan bog‘lashni maqsad qildi. U Movarounnahr allomalari qoldirgan boy ilmiy merosdan ilhomlandi. Ayniqsa, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va boshqa buyuk mutafakkirlarning hadis, fiqh, aqida, falsafa, matematika va tibbiyot sohalaridagi xizmatlari alohida e’tirof etildi. Ana shu buyuk meros tufayli ushbu zamin Islom sivilizatsiyasining eng yirik ilm markazlaridan biriga aylangan.
Forumning O‘zbekistonda o‘tkazilishi o‘tmishni eslash bilangina cheklanmadi. U madaniy merosni bugungi taraqqiyot va kelajak qurilishiga xizmat qildirish mumkinligini yana bir bor namoyon etdi.
Islomshunoslik sohasidagi xalqaro anjumanlar
Forum doirasida uchta yirik xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Birinchi konferensiya «Imom Buxoriyning "Al-jome’ as-sahih" asari — ummat kitobi» mavzusiga bag‘ishlandi.
Ikkinchi konferensiya Imom Moturidiyning ilmiy merosi, uning mo‘’tadillik va bag‘rikenglik g‘oyalarini o‘rganishga bag‘ishlandi.
Uchinchi konferensiya esa Imom Termiziy maktabi va uning hadis ilmi rivojiga qo‘shgan hissasini tahlil qildi.
Bu mavzular O‘zbekistonda shakllangan ilmiy maktablarning islom tafakkuri taraqqiyotidagi o‘rnini har tomonlama yoritishga xizmat qildi.
Institutsional loyiha
Forum tarixni yodga olish bilan cheklanib qolmadi. U islom merosini muhofaza qilish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish bo‘yicha amaliy tashabbuslarni ham ilgari surdi.
Ishtirokchilar quyidagi muhim tashabbuslarni e’lon qildi:
- Jahon Islom sivilizatsiyasi forumini ta’sis etish;
- Islom sivilizatsiyasi merosining global raqamli reyestrini yaratish;
- «Islom sivilizatsiyasi — butun insoniyat merosi» xalqaro dasturini ishga tushirish;
- Islom sivilizatsiyasi tadqiqotlari bo‘yicha xalqaro ilmiy muassasa tashkil etish;
- Jahon raqamli kutubxonasini yaratish;
- Xalqaro Islom sivilizatsiyasi ensiklopediyasini tayyorlash;
- Islom merosining holati bo‘yicha yillik hisobotni nashr etish;
- Yoshlar uchun xalqaro platforma tashkil qilish;
- Islom madaniyati, san’ati va sivilizatsiyasi muzeylarining xalqaro uyushmasini tuzish.
Bu tashabbuslar forumning oddiy ilmiy uchrashuvdan uzoq muddatli xalqaro institutsional loyihaga aylanganini ko‘rsatdi.
Imom Buxoriy merosi
Forumning eng yirik tadbiri Imom Buxoriyga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘ldi.
Unda buyuk muhaddisning hayoti va ilmiy merosi, «Al-jome’ as-sahih» asarining islom ulamolari nazdidagi yuksak maqomi muhokama qilindi.
Konferensiya ishtirokchilari Imom Buxoriyning hadislarni saralash va tasniflashdagi yuksak ilmiy metodologiyasini tahlil qildi. Shuningdek, uning asariga xizmat qilgan ulamolar merosi, kitob atrofida bildirilgan ayrim e’tirozlarga ilmiy javoblar ham ko‘rib chiqildi.
Anjuman yakunida eng yaxshi ilmiy ishlar mualliflari taqdirlandi va konferensiya materiallari alohida to‘plam sifatida nashr etildi.
Unda musulmon mamlakatlaridan taniqli olimlar, muftiylar, vazirlar va islom tashkilotlari rahbarlari qatnashdi. Bu Imom Buxoriyning butun musulmon ummati uchun naqadar yuksak maqomga ega ekanini yana bir bor namoyon qildi.
Ummat birligi
Saudiya Arabistoni Qirollik devoni maslahatchisi, Katta ulamolar hay’ati a’zosi, Masjidul Harom imomi va xatibi shayx doktor Solih ibn Abdulloh ibn Humayd o‘z ma’ruzasida Islom sivilizatsiyasining ma’naviy asoslariga alohida to‘xtaldi.
Uning ta’kidlashicha, Islom sivilizatsiyasi kuch yoki hukmronlik asosida emas, balki inson qadri, adolat, ilm va axloqqa tayangan holda shakllangan.
Shuningdek, u Islomdagi bag‘rikenglik vaqtinchalik shior emas, balki adolat va inson huquqlarini hurmat qilishga asoslangan barqaror qadriyat ekanini ta’kidladi.
U bugungi kunda musulmon ummati shariat manbalariga sodiq qolgan holda zamon talablarini to‘g‘ri anglaydigan muvozanatli ijtihod madaniyatini qayta tiklashi zarurligini qayd etdi.
Xalqaro mukofot tashabbusi
ICESCO Bosh direktori doktor Salim bin Muhammad al-Molik forumning ahamiyati haqida to‘xtalar ekan, o‘z tarixini anglay olgan xalqlargina kelajagini muvaffaqiyatli qura olishini ta’kidladi.
Uning fikricha, Islom sivilizatsiyasi faqat tarixiy meros emas, balki insonparvarlik va ilmga asoslangan doimiy taraqqiyot loyihasidir.
Al-Molik O‘zbekiston tarix davomida Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Xorazmiy, Beruniy va Ibn Sino kabi buyuk allomalar yetishib chiqqan yurt ekanini ta’kidlab, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazini ushbu ilmiy merosning zamonaviy davomi sifatida baholadi.
U Islom sivilizatsiyasiga bag‘ishlangan xalqaro mukofotni ta’sis etish, uni ta’lim tizimiga keng joriy qilish hamda sivilizatsion diplomatiyani rivojlantirish taklifini ilgari surdi.
Asosli ilmiy tadqiqot
Imom Buxoriy konferensiyasida so‘zga chiqqan doktor Salim al-Molik buyuk muhaddisning yuksak ilmiy darajasi ko‘p yillik izlanishlar, safarlar, rivoyatlarni yig‘ish va tanqidiy tahlil qilish natijasi ekanini ta’kidladi.
Uning aytishicha, Imom Buxoriyning metodologiyasi hozirgi kun ilmiy tadqiqotlari uchun ham namuna bo‘lib xizmat qiladi.
Shuningdek, u hadis ilmi bo‘yicha har yili xalqaro konferensiya o‘tkazish va sunnat xizmati sohasida maxsus ilmiy mukofot ta’sis etish taklifini bildirdi.
Ijtihod va bag‘rikenglik
Forum ishtirokchilari Islom sivilizatsiyasining ahamiyati faqat o‘tmishdagi shon-sharaf bilan emas, balki bugungi muammolarni hal etish va kelajakni barpo qilish imkoniyati bilan belgilanishini ta’kidladilar.
Shuningdek, islom merosini muhofaza qilish faqat qo‘lyozmalar va tarixiy yodgorliklarni asrash emas, balki ilm, ijtihod, bag‘rikenglik, bilimga ochiqlik va xalqlar o‘rtasidagi hamkorlik kabi qadriyatlarni hayotga tatbiq etish orqali amalga oshirilishi qayd etildi.
Forum davomida bildirilgan tashabbuslar, muhokamalar va ilmiy g‘oyalar Islom sivilizatsiyasini faqat tadqiqot obyekti emas, balki insoniyatning barqaror kelajagini qurishga xizmat qiluvchi amaliy kuch sifatida namoyon etdi.
Eng muhim tashabbuslar
- Jahon Islom sivilizatsiyasi forumi.
- Islom merosining global raqamli reyestri.
- Islom sivilizatsiyasi bo‘yicha xalqaro mukofot.
- Islom sivilizatsiyasi tadqiqotlari xalqaro instituti.
- Islom sivilizatsiyasining raqamli kutubxonasi.
- Xalqaro Islom sivilizatsiyasi ensiklopediyasi.
- Islom merosining holati bo‘yicha yillik hisobot.
- Islom sivilizatsiyasi bo‘yicha xalqaro yoshlar forumi.
- Islom madaniyati, san’ati va sivilizatsiyasi muzeylarining xalqaro uyushmasi.
Forumning asosiy g‘oyalari
- Islom sivilizatsiyasi — doimo yangilanib boruvchi umuminsoniy loyiha.
- Ilm va ma’rifat — taraqqiyotning asosidir.
- Bag‘rikenglik va mo‘’tadillik — Islom sivilizatsiyasining ustunlaridir.
- Islom merosini asrash — barchaning umumiy mas’uliyati.
- Inson kapitali va bilimga sarmoya kiritish — kelajak sari eng to‘g‘ri yo‘ldir.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.