Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Jenevada Islom sivilizatsiyasi markazi va buyuk allomalar merosiga bag‘ishlangan xalqaro taqdimotlar muhokama qilindi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mamlakatimizning ko‘p asrlik ilmiy-ma’rifiy merosi, buyuk allomalarimiz qoldirgan bebaho ilmiy xazina hamda milliy madaniy qadriyatlarimizni jahon hamjamiyatiga keng targ‘ib etishga xizmat qiladigan yirik ma’rifiy maskandir. Markazning asosiy maqsadlaridan biri O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini xalqaro maydonda keng namoyon etish, buyuk ajdodlarimiz merosini ilmiy asosda targ‘ib qilish va madaniyatlararo muloqotni yanada rivojlantirishdan iborat.

Ayni shu maqsadlardan kelib chiqqan holda, Shvetsariyaning Jeneva shahridagi BMT qarorgohida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar merosiga bag‘ishlangan maxsus taqdimotlarga tayyorgarlik yuzasidan muhim uchrashuvlar o‘tkazildi.

Uchrashuvlarda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Motrudiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) vakillari hamda BMTning Jenevadagi bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili Eldiyor Toshmatov ishtirok etdi. 17–18 iyulь kunlari o‘tkazilgan muzokaralar davomida xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish hamda bo‘lajak tadbirlarni yuksak saviyada tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, BMTning Jenevadagi qarorgohi Madaniy tadbirlarni tashkil etish qo‘mitasi rahbari Sharlotta Varakol bilan uchrashuvda maxsus taqdimotlar konsepsiyasi, ularning mazmun-mohiyati va xalqaro ahamiyati xususida atroflicha fikr almashildi. Shuningdek, tadbirlarga nufuzli olimlar, ekspertlar, diplomatik korpus vakillari hamda madaniyat arboblarini jalb qilish, shu orqali O‘zbekistonning boy ma’naviy merosini keng jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

— O‘zbekiston asrlar davomida ilm-fan, madaniyat va islom sivilizatsiyasining yirik markazlaridan biri bo‘lib kelgan. Davlatimiz rahbari tashabbusi va topshiriqlari asosida UNESCO va BMT kabi nufuzli xalqaro maydonlarda tashkil etiladigan bu taqdimotlar nafaqat tarixiy merosimizni namoyish etadi, balki madaniyatlararo muloqotni rivojlantirishga ham xizmat qiladi, — dedi Markaz direktor o‘rinbosari Izzatbek Ibragimov. — Ko‘rgazma va konferensiyalarga xalqaro ekspertlar, olimlar va diplomatik korpus vakillari jalb etiladi. Bu esa O‘zbekistonning zamonaviy dunyoda tinchlik, ma’rifat va ilm-fan g‘oyalarini ilgari surishdagi rolini yana bir bor ko‘rsatib beradi.

Muzokaralar davomida BMTning Jenevadagi qarorgohi Protokol va texnik xizmat koordinatori Tomas Erik Kriger bilan ko‘rgazma ekspozitsiyasi, konferensiya maydonlari va madaniy dasturlarni tashkil etish bilan bog‘liq tashkiliy-texnik masalalar muhokama qilinib, tadbirlarni yuqori darajada o‘tkazish yuzasidan amaliy kelishuvlarga erishildi.

Mazkur uchrashuvlar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlash, mamlakatimizning boy ma’naviy-ma’rifiy merosini BMT kabi nufuzli xalqaro maydonlarda keng targ‘ib qilish hamda O‘zbekistonning ilm-fan va sivilizatsiya taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini dunyo jamoatchiligiga yanada yaqindan tanitish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.